Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 14-kun


Ukraina markazidagi Belaya Serkov (Oq cherkov) shahri vayronalari
Ukraina markazidagi Belaya Serkov (Oq cherkov) shahri vayronalari

AQShda benzin narxi keskin ko’tarilganiga qaramay, Prezident Jo Bayden Rossiyaning Ukrainadagi urushiga javoban ko’plab boshqa sanksiyalar qatorida bu mamlakatdan neft va boshqa yonilg’i mahsulotlarini import qilishni taqiqlovchi farmonga imzo chekdi.

Xalqaro hayot - 9-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:43 0:00

"Bundan keyin Rossiya nefti AQSh portlarida qabul qilinmaydi va Amerika xalqi bu bilan Putinning urush mashinasiga yana bir qattiq zarba berdi”, - dedi Bayden.

AQSh qarori ketidan Birlashgan Qirollik ham yil davomida Rossiya neftidan qutulishi haqida ma’lum qildi. Yevropa Ittifoqi rus gazi importini salkam 70 foizga qisqartirmoqchi.

Yonilg’i resurslariga taklifning kamligi va narxlarning oshgani qisqa muddatda Rossiya iqtisodiyoti foydasiga o’ynasa-da, deydi ayrim kuzatuvchilar, uzoq muddatda importga boykot unga katta zarar yetkazadi.

“Zarar neft va gazning muayyan paytdagi narxiga bog’liq bo’ladi. Narx ko’tarilsa-da, AQSh va Yevropadan tushgan talabning o’rnini bosa olmaydi”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasidan Kristin Berzina.

AQSh yoqilg’i resurslarining 8 foizini Rossiyadan xarid qilardi, Yevropa Ittifoqi esa rus tabiiy gaziga 40 foizga, neftiga 27 foizga tobe.

"Yevropa bozorida Rossiya neftining o’rnini tez bosib bo’lmaydi. Bunga bir yildan oshiq vaqt kerak, yevropalik xaridorlarga qimmatga tushadi bu”, - deydi Rossiya bosh vazirining o’rinbosari Aleksandr Novak.

Bayden Kongressdagi respublikachi va demokrat qonunchilar bosimi ostida Rossiyadan yonilg’i importini to’xtatishga majbur bo’ldi. Ichki xaridor uchun zararni yumshatish maqsadida AQShning strategik zaxiralaridan 30 million barrel neftni qazib olishga ruxsat berdi.

Shu hafta AQSh rasmiylari Venesuelada bo'ldi, Eron va Saudiya Arabistoni bilan neft importi haqida gaplashishmoqchi, biroq Bayden ma'muriyati vakillarining nolishicha, na Saudiya Arabistoni, na Birlashgan Arab Amirliklari Oq uy rasmiylari qo'ng'iroqlariga javob berishyapti.

Ijtimoiy so’rovlarga ko’ra, amerikaliklarning 71 foizi Rossiyadan neftni import qilishga qo’yilgan taqiqni qo’llab-quvvatlagan, garchi bu Amerikaning o’zida benzinning qimmatlashishiga olib kelsa-da.

Bu o’rtada AQSh qonunchilari Ukrainaga gumanitar va harbiy yordam uchun 14 milliard dollar ajratishga kelishib oldi.

"Dunyo bu qochqinlarga yordam berishi kerak deb o’ylayman”, - deydi demokrat kongressmen Adam Shiff.

Polsha hukumati Rossiyaga qarshi urushda Ukrainaga yordam berish uchun sovet davridan qolgan MiG-29 qiruvchi samolyotlarini zamonaviy samolyotlar evaziga AQShning Germaniyadagi harbiy bazasiga yuborishni taklif etdi, biroq Vashington bunday taklifdan voz kechdi.

“Ukrainani mudofaa qurollari bilan ta’minlash masalasida hamfikrmiz. Shunday qilganmiz ham. Ittifoqchilarimiz ham. Biroq samolyotlarni Ukrainaga yetkazish ko’p vaqt olayotganini tushunmayapman. Axir Prezident Zelenskiy bunga ehtiyoji borligini aniq bildirganku”, - deydi demokrat senator Ben Kardin.

AQSh davlat kotibining o’rinbosari Viktoriya Nulandning aytishicha, Putin Ukrainada urush boshlab mamlakatining 30 yillik yutuqlarini yo’qqa chiqardi.

“Putin Ukrainani yer bilan yakson qilishga harakat qilarkan, Rossiyani qamoqxonaga aylantirdi. Kredit kartalar va bankomatlar ishlamayapti, import qilingan oziq-ovqat, texnologiya va boshqa mahsulotlar tugab bormoqda, Rossiyaning eng so’nggi erkin matbuoti bo’g’ildi, hukumat urushga xarajatlarni qoplash va rublni ushlab turish uchun xalqqa tegishli pulni sovurmoqda”, - deydi Amerika rasmiysi.

AQSh Ukrainaga ushbu ixtilofda yordam berishga tayyor bo’lsa-da, mojaroga bevosita aralashish niyati yo’q.

“Ukrainani deb na biz, na NATOdagi boshqa mamlakatlar Rossiya bilan urushishga tayyor”, - deydi Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonel.

Rossiya Ukraina hududini o’qqa tutishda davom etarkan, Mudofaa vazirligi Ukraina Milliy gvardiyasiga tegishli maxfiy hujjatlar qo’lga kiritilganini va ulardan ayon bo’lishicha, Donbassdagi bo’lginchilarga qarshi hujum rejalaganini da’vo qilmoqda.

“Ushbu hujjatlardan Kiyevdagi rejim Donbassga hujumni 2022-yil martida boshlamoqchi ekani ma’lum”, - deydi vazirlik so’zlovchisi general Igor Konashenkov.

Unga ko’ra, hujumga mas’ul qismlar Lvovda AQSh va Britaniya harbiy instruktorlari tayyorgarligidan o’tgan.

“Rossiya Qurolli kuchlari hozirgi maxsus harbiy amaliyot yordamida Ukrainaning Kiyev nazoratida bo’lmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalariga hujumining oldini oldi”, - deydi Konashenkov.

Rossiya AQShni, shuningdek Ukrainada harbiy biologik dastur orqali vabo va kuydirgi kabi halokatli patogenlar ustida izlanishlar olib borganlikda ayblamoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova Vashingtondan bu borada izoh talab qildi. Pentagon Moskva da’volarini safsata va soxta xabar deb atadi.

Zaxarovaning aytishicha, Rossiya harbiylari qo’liga Ukraina Sog’liqni saqlash vazirligining mamlakatdagi ushbu biolaboratoriyalarni yo’q qilish haqidagi ko’rsatmasi tushgan.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi qator sanksiyalar qatorida 2025-yilgacha badavlat rossiyaliklarga sarmoya evaziga Yevropa Ittifoqiga viza va pasportlar berishni to’xtatmoqchi.

2011-2019-yillarda “oltin pasport” siyosati natijasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 20 milliard dollardan ko’p pulga sarmoya kiritilgan.

Jahon futbol uyushmasi FIFA esa Rossiya terma jamoasini barcha xalqaro musobaqalardan chetlashtirib, 24-mart kuni Polsha terma jamoasiga qarshi kechadigan Jahon chempionatiga saralash o’yinini bekor qildi va Rossiya jamoasini mag’lub deb topdi. Natijada Polsha keyingi bosqichga chiqdi.

Rossiya futbol uyushmasi FIFA va UEFA sanksiyalari ustidan Sport arbitraj sudiga shikoyat qilmoqchi.

Sport sohasida huqushunos Antuan Duvalning aytishicha, agar Rossiya jamoalariga xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat berilsa, FIFA va UEFA turnirlari izdan chiqishi mumkin, chunki boshqa jamoalar musobaqalarni boykot qiladi.

Rossiyalik kuzatuvchilarga ko’ra, AQSh sport jamoalari bu mamlakatning so’nggi yillarda olib borgan birorta urushi natijasida xalqaro musobaqalardan chetlashtirilmagan

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG