Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 9-kun


Kiyev ko'chasida
Kiyev ko'chasida

Tunda Ukrainaning Zaporojye atom elektrostansiyasida otishma va yong’in yuz bergan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani stansiyaga hujumda aybladi. Yong’in inshoot tashqarisidagi o’quv korpusida qayd etilgan. Olov o’chirilgan, hududda radioaktiv fon o’zgarmagani aytilmoqda.

Xalqaro hayot - 4-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:17 0:00

"Rossiyalik qo’shinlar bas qilishi kerak. Siyosatchilaringizga murojaat qiling. Ukrainada 15 ta reaktor bor. Yadroviy portlash yuz bersa, hamma tamom bo’ladi. Butun Yevropani evakuatsiya qilish kerak bo’ladi. Yevropaning tezkor javobigina rus qo’shinlarini to’xtata oladi”, - dedi Zelenskiy.

Rossiya Mudofaa vazirligi ukrainalik qo’poruvchilarni yong’inda ayblamoqda. Ayni damda stansiya Rossiya qo’shinlari nazoratida.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qo’shni davlatlarni vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi.

“Qo’shni davlatlarga nisbatan yovuz niyatimiz yo’q. Vaziyatni keskinlashtirmang, cheklovlar qo’ymang deb maslahat beraman. Biz barcha majburiyatlarimizni bajaryapmiz va bajarishda davom etamiz”, - dedi u.

Sun’iy yo’ldoshdan olingan tasvirlarga ko’ra, Kiyev tashqarisida turgan Rossiya harbiy kolonnasi shahar tomon sekin harakatlanishni boshlagan.

Zelenskiy Putinni yuzma-yuz muloqotga chaqirdi.

“Xudo ko’rsatmasin Ukraina qulasa, navbat Latviyaga keladi. Gaplarimni eslab qoling. Latviya, Litva, Estoniya, Moldova. So’ng navbat Gruziya va Polshaga keladi. Undan keyin esa Berlinga yurishadi”, - dedi u.

Kremlga ko’ra, Putinda Zelenskiy bilan uchrashish niyati yo’q.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba rus askarlarini ukrain shaharlarida jinsiy zo’ravonliklarda aybladi. U ushbu da’vosiga isbot keltirmadi, “Reyter” axborot agentligi ham bu da’voni tasdiqlay olmaganini bildirmoqda.

Inson huquqlari kengashi Ukrainadagi jinoyatlarni tergov qiladi

BMTning Jenevada joylashgan Inson huquqlari kengashi Ukrainada inson huquqlarining buzilishini qoraladi. 32 a’zodan iborat idora rus askarlari jinoyatlarini taftish qilishga da’vat etuvchi rezolyutsiya qabul qildi. Rossiya va Eritreya unga qarshi ovoz berdi, 13 mamlakat ovoz berishda betaraf bo’ldi.

Rossiya mojaroda tinch aholini o’qqa tutayotgani haqidagi ayblovlarni inkor etmoqda.

Kengash taftish komissiyasini tuzib, hisobotni 2023-yil boshigacha tayyorlash vazifasini yukladi.

NATO Ukraina mojarosida qatnashmaydi

Bugun NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Bryusselda to’planib, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi. Alyansga a’zo bo’lmagan Rossiyaga qo’shni ikki mamlakat – Shvetsiya va Finlyandiya majlisga taklif etildi.

Zelenskiy NATOdan Ukraina havo sarhadlarini rus samolyotlaridan himoya qilishni so’ragan, biroq alyans a’zolari uning bu iltimosini qondirishdan bosh tortmoqda.

Xususan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, alyans mojaroga aralashmagan va vaziyatning keskinlashishiga, mojaroning Ukraina tashqarisiga tarqalishiga yo’l qo’ymasligi kerak.

“Bu juda halokatli va xavfli qadam bo’lar edi”, - dedi u.

Rossiya prezidenti uchinchi davlatlarni mojaroga aralashmaslikka chaqirgan, aks holda Rossiya zudlik bilan javob berishini bildirgan.

AQSh Kongressi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirmoqda

AQSh Kongressidagi demokrat qonunchilar Prezident Jo Baydenning rus oligarxlariga qarshi sanksiyalarini hamda Amerika havo sarhadini Rossiya samolyotlari uchun yopish qarorini qo’llab-quvvatlamoqda, biroq respublikachilar Bayden ma’muriyatidan qattiqroq jazo choralari qo’llashni talab qilmoqda.

"Bolg’ani Rossiyaga tashlab, iqtisodiyotini butunlay yopish vaqti keldi. Ukraina mudofaasi uchun ham ko’proq yordam berishimiz kerak”, - deydi respublikachi senator Jim Rish.

Rossiyaning Ukrainaga hujumidan oldin AQSh qonunchilari umumiy sanksiyalar paketiga kelisha olmayotgan bir paytda Oq uy tashabbusni qo’lga olib, moliyaviy sanksiyalarni prezident farmoni orqali joriy etgan edi.

"Prezident ittifoqchilarimiz bilan hamkorlikda Putinga qarshi yagona front bo’lib chiqqanini olqishlayman. Agar Putinning niyati NATO va G’arbni hamda boshqa mamlakatlarni bo’lib qo’yish bo’lgan bo’lsa, u aksincha hammani suverenitetini kuchaytirishga, birlashishiga undadi”, - deydi Vakillar palatasining demokrat spikeri Nensi Pelosi.

Ayrim respublikachilar Baydenni hozirgi mojaro paytida Kremlga qarshi yetarlicha qattiq turmayotganlikda ayblayapti. Sanksiyalar paketini qabul qilish uchun Kongressda xayrixohlik kuchaymoqda. Respublikachi senator Lindsi Grem Putin va uning hukumati a’zolarini urush jinoyatlari uchun jazolashga chaqirdi.

"Rossiya armiyasi generallariga murojaat qilib, Putin buyruqlarini bajarish ularni xavf-xatarga solishini aytishimiz shu tobda biz tomondan eng samarali ish bo’lishi mumkin. Bolqon mojarosi ketidan oddiy askardan tortib bosh vazirgacha va generallargacha 161 kishi sudga tortilgan edi. Butun dunyo qonun ustuvorligi atrofida birlashishini istayman”, - dedi qonunchi.

AQSh Vakillar palatasi va Senatida Ukrainaga gumanitar va harbiy yordam berishga qaratilgan bir necha qonun loyhasi ko’rilmoqda.

"Nafaqat qurol bilan, nafaqat pul bilan, balki razvedka ma’lumotlari bilan ham yordam berishimiz kerak. Hamkorlarimizda o’zini himoya qilishi uchun foydali razvedka ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyati bo’lsin. Shuni bilingki, bu odamlar o’z ozodligi uchun, demokratiya uchun kurashmoqda. Chegaradan o’tmagan holda imkon qadar ularga ko’proq yordam berishimiz kerak”, - deydi demokrat kongressmen Raja Krishnamurti.

Ijtimoiy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, aksariyat amerikaliklar askarlarining Ukrainadagi mojaroga tortilishini istamaydi. Qonunchilar ham shunday fikrda.

"Qo’shinlarimizni yuborish bilan vaziyat yanada keskinlashishiga aminman. Ukraina havo sarhadlarini yopish haqida o’ylab ko’rsa bo’ladi. Buning o’ziga yarasha oqibatlari bo’lishini bilaman. Vladimir Putin buni tahdid deb ko’rib, urush e’lon qilishgacha borishi mumkin”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Jodi Arrington.

AQSh Kongressiga saylangan ilk ukrainalik-amerikalik Viktoriya Sparts ham bu fikrga qo’shiladi.

"Urush qilmaymiz. Ukraina NATO a’zosi emas, demak alyans nizomining 5-moddasini ishga solishga hojat yo’q. Biroq gumanitar korridor yoki fuqarolarning xavfsiz o’tishi uchun sharoit kabilarni yaratishimiz mumkin. Odamlar evakuatsiya qilinishi uchun”, - deydi u.

Rossiya bu darajadagi sanksiyalarga tayyormidi?

Prezident Putin uning mamlakati sanksiyalarga tayyor bo’lganini aytgan. Biroq hozirgi darajadagi keng qamrovli sanksiyalarni kutganmikan?

“Nazarimda Putin hayratlandi. Rubl qattiq tushdi. Rus iqtisodiyoti konvertatsiya qilinmaydigan rubl tomon harakatlanyapti deb o’ylayman. Mening yoshimdagi odamlar buning ma’nosini yaxshi tushunadi. Bu Rossiyada qora bozorga olib keladi degani. Dollar qora bozoriga va dollarga olinadigan tovarlar qora bozoriga”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazidan Daniel Frid.

Kaliforniya universitetida ishlayotgan ukrainalik iqtisodchi Yuriy Gorodnichenkoning aytishicha, hozirgi sanksiyalar Rossiyani Sovet paytidagi iqtisodiyotga qaytarishi mumkin.

“Rossiyaliklar 1990-yillar boshida nima bo’lganini bir esga olishi kerak. Inflyatsiya o’ta yuqori edi, iqtisodiy o’sish keskin tushib ketgan edi. Maoshni shina, quvur yoki moyda olishni xohlasharmikan? Shunday ssenariy ehtimollari ham mavjud”, - deydi mutaxassis.

Tahlilchilarga ko’ra, G’arb sanksiyalarining oxiri ko’ringani yo’q hali. Rossiyaning energetika sektoriga ham zarba berilishi mumkin, biroq bu nafaqat Rossiya, balki jahon iqtisodiyotiga ham zarar bo’lishi mumkin.

“Yetarlicha muqobil energiya manbalari rivojlantirilmaguncha buni amalga oshirish oson bo’lmaydi. Buni aytishni istamasdim, biroq agar Rossiyadan neft yoki gaz olishni to’xtatsak, ular darrov boshqa bozorlarni topishadi, ayniqsa neft uchun. Narxlar ham sakrab ketadi va Putin bundan katta foyda ko’rishi mumkin”, - deydi Frid.

AQShning Rossiyaga yangi sanksiyalari

Qo’shma Shtatlar payshanba kuni Rossiyaga yangi sanksiyalar qo’ydi. Prezident Putinga yaqin ekani aytilayotgan sakkiz nafar oligarx va rasmiyga bosim qo’yildi. Ularning Putinga yaqinligi tufayli boyigani aytilmoqda. Ular orasida Alisher Usmonov ham bor edi, biroq keyinchalik u sanksiyalar ro’yxatidan chiqarildi. Ayrim manbalarga ko’ra, Germaniya Usmonovga qarashli yaxta va “Aerobus” samolyotini olib qo’ygan.

Sanksiyaga uchragan rasmiylar qatoriga Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham qo’shildi. Milliarderlar Nikolay Tokarev va uning oila a’zolari, aka-uka Boris va Arkadiy Rotenberglar va oila a’zolari, bosh vazir sobiq o’rinbosari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin qo’ra ro’yxatga tushganlar qatorida.

Bu o’rtada Rossiya Davlat Dumasi Rossiya qo’shinlarining Ukrainadagi harbiy amaliyotini tanqid qilgan va urush haqida soxta xabar tarqatgan shaxslarga yirik jarima solishni yoki ozodlikdan mahrum etishni ko’zda tutgan Jinoiy kodeksga tuzatishlarni o’z ichiga olgan qonun loyihasini qabul qildi. Yuqori palata uni qo’llab-quvvatladi.

Rossiya hukumati, shuningdek, Bi-Bi-Si, “Nemis to’lqini”, “Amerika ovozi”, “Ozodlik radiosi”, “Nastoyashee vremya” va “Meduza” kabi axborot agentliklari veb-saytlariga to’siq qo’ydi.

“Roskosmos” fazo agentligi esa Britaniyaga qarashli “OneWeb” kompaniyasi sun'iy yo’ldoshlarini koinotga olib chiqishni to’xtatdi. 5-mart kuni Boyqo’ng’ir kosmodromidan raketa sun’iy yo’ldoshlar bilan uchirilishi rejalangan edi, biroq parvoz endi bekor qilindi. “Roskosmos” parvozlar uchun olingan pul qaytarilmasligini bildirdi.

Yevropa qachongacha Rossiyadan gaz va neft sotib oladi?

Rossiyaning asosiy banklari sanksiyalarga uchragan. Oligarxlarining mulki muzlatilmoqda, sayohat qilishiga cheklovlar qo’yilmoqda. Rossiya samolyotlari bundan keyin Yevropa uzra ucholmaydi. Biroq Yevropa Rossiyadan gaz va neft olishda davom etmoqda va bunga yuzlab million dollar to’lamoqda.

“Har kuni 350 million yevro sarflayapmiz. Rossiya bundan foyda ko’ryapti va bu pulni Kiyev va boshqa joylar ustiga tushayotgan qurollariga sarmoya qilyapti. Ham iqlim uchun, ham xalqlarimiz xavfsizligi uchun qazilma yoqilg’iga tobeligimizni qayta ko’rib chiqishimiz kerak”, - dedi hafta boshida Bryusseldagi Yevropa Ittifoqi majlisida so’zlagan Irlandiya Ekologiya vaziri Imon Rayan.

Rossiya Yevropaning gazga bo’lgan ehtiyojlarining uchdan birini qoplaydi. Ukraina bosqinidan beri gaz importi aslida kuchaygan. Yoqilg’ining qimmatlagani bu biznesni yanada serdaromad qildi.

“Nazarimda, G’arb Rossiyaning neft va gaz sohalariga hali beri sanksiya qo’ymaydi”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil instituti eksperti Duglas Rediker.

Germaniya Yevropa Ittifoqi a’zolari orasida rus yoqilg’isiga eng ko’p tobe mamlakatdir. Ukrainada urush boshlanishi bilan Berlin qurilishiga 11 milliard dollar sarflangan va Rossiyadan tortilgan “Shimoliy oqim-2” gaz quvuridan voz kechishga majbur bo’ldi.

“Kelajakni o’ylashimiz kerak. Ichki ishlab chiqarish tushayotgani sabab Germaniyaga ko’proq gaz kerak, ko’proq gaz elektrostansiyalari kerak. Iqlimga doir maqsadlarimizga erishish uchun boshqa sohalarda ham ko’proq gaz ishlatishga majburmiz. “Ammo shuncha gazni kelajakda qayerdan olamiz” degan savolga javob topishimiz kerak”, - deydi “Tsukunft” gaz uyushmasi boshqaruvchi direktori Timm Kexler.

Germaniya yoqilg’i ta’minotini diversifikatsiya qilish uchun ikkita suyultirilgan tabiiy gaz terminallarini qurishi haqida ma’lum qildi. Yanvar oyida Yevropa suyultirgan tabiiy gaz importini rekord darajada oshirib, salkam yarmini AQShdan xarid qildi.

Germaniya atom elektrostansiyalari va ko’mir hisobiga ishlaydigan barcha zavodlarini yil oxirigacha yopishga ahd qilgan edi. Biroq Rossiyaning Ukrainadagi urushi sabab hukumat bu qaroridan voz kechishi mumkinligini bildirgan.

“Iqlim betarafligi jamg’armasi” rahbari Rayner Baakening aytishicha, Yevropa qayta tiklanadigan energiya manbalarini tezroq rivojlantirishi kerak.

“Rossiyaga kelajakda gazing ham, nefting ham bizga kerakmas deb aytish zarur. Oson bo’lmaydi, chunki narxlar baland bo’lishi mumkin. Energiya ta’minoti samaradorligini oshirish va qazilma yoqilg’i o’rniga qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish orqaligina qazilma yoqilg’iga tobelikdan xalos bo’lishimiz mumkin”, - deydi Baake.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG