Breaking News

Respublikachi senator: Oq uy hukumatni ochishga harakat qilsin


Senator Linzi Grem

AQShda hukumat ishdan to'xtab qolganiga 24 kun bo'ldi. Murosadan hamon darak yo'q. Prezident Donald Trampning Kongressga talabi o'sha-o'sha: Meksika bilan chegarada devor qurish uchun mablag' ajratasiz - 5,7 milliard dollar. Qonunchilar bunday qilishdan yiroq.

Prezident fikricha, xalq uning tarafida, lekin ommaviy so'rovlar buning aksini ko'rsatmoqda. Jamoatchilik bugungi karaxtlikda asosan Oq uyni ayblaydi.

Respublikachilar orasida ham Trampni quvvatlamaydiganlar talay, lekin ular nazarida avvalo demokratlar aybdor. Muxolifat murosa yo'lini izlamayapti ham, deydi ular. Faqat yo'q deb oyoq tirab turishibdi, yechim qidirishmayapti, deya noliydi amerikaliklar.

Janubiy Karolina shtatidan respublikachi senator Linzi Grem Oq uyni qattiqroq harakat qilishga undamoqda.

"Tramp hukumatni ochishi kerak va demokratlarga murosa qilish uchun nimaga tayyor ekanini aniq tushuntirishi kerak", - deydi senator.

Senator Grem Kongressda, Vashington, 10-yanvar, 2019
Senator Grem Kongressda, Vashington, 10-yanvar, 2019

​Grem nazarida Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi keskin pozitsiyada turib, davlat va xalqqa zarar keltirmoqda. Pelosi deydiki, prezidentga devor uchun bir dollar ham berilmaydi.

Tramp favqulodda holat e'lon qilib, zarur moliyani ofatlar uchun ajratilgan mablag'dan olishi mumkin. Lekin ish sudga berilishi ham mumkin. Shu bois prezident bu yo'ldan bormayapti, hozircha.

Delaver shtatidan demokrat senator Kris Kuns:

"Chegarada inqiroz yo'q. Inqiroz Oq uyda. Prezident Tramp demokratlar qo'liga o'tgan Vakillar palatasini o'ziga bo'ysundirmoqchi. Bunga esa hech qachon erisha olmaydi".

Oq uy Meksika bilan chegarada vaziyat kundan kunga og'ir, deya tasvirlashda davom etmoqda. Biror axborot vositasi buni aks ettirmaydi.

Byudjet yo'q ekan, 800 mingdan oshiq federal xizmatchi maoshsiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG