Breaking News

Jinsiy tenglik uchun namoyish... Amerika bo'ylab

  • Amerika Ovozi

Oq uy oldida namoyish qilayotgan xotin-qizlar, 20-yanvar, 2018

2017-yil Amerikadagi ayollar uchun qizg'in yil bo’ldi. Prezident Donald Tramp inauguratsiyasidan bir kun o'tib, ayollar Vashingtonda namoyish qilgan edi. Oradan bir yil o'tib, xotin-qizlar yana namoyishga chiqdi. Talab o'sha-o'sha - jinsiy tenglik.

Jinsiy tajovuzga qarshi “Men ham” (#MeToo) heshtagi ommalashdi. Ayollar marshi boshlanganiga roppa-rossa bir yil to’larkan, Amerika xotin-qizlarga nisbatan hozirgi munosabat sarhisob qilinmoqda.

Xanna Xovard ayollar huquqi uchun namoyishga chiqqan noan’anaviy faollardan. U o’n yoshda.

“Ayollarga munosabat yaxshi emas, shunga men ham yurishga chiqib kurashishga qaror qildim”, - deydi u.

Jinsiy tenglik uchun marsh... Nyu-York, 20-yanvar, 2018
Jinsiy tenglik uchun marsh... Nyu-York, 20-yanvar, 2018

Minglab ayollar qatori Xanna va uning onasi Keyt qatnashgan namoyish AQSh tarixidagi eng yirik chiqishlardan biri bo’ldi.

Prezident Tramp inauguratsiyasining ertasiga o’tgan norozilik namoyishi “ayollar huquqi inson huquqidir” shiori ostida o’tdi. Keyt jarayonni “madaniy silkinish” deb ataydi.

“E’tibor kuchaygan. Ayollar birlashayotganini, ovozi kengroq ommaga yetib borayotganini dunyo ko’ryapti”, - deydi u.

Uning gapida jon bor. Ijtimoiy tarmoqlarda “Men ham” (#MeToo) heshtagi katta bir oqimga aylanishi ortidan taniqli erkaklar shilqimlikda ayblandi, ba’zilari obro’sini, ishini yo’qotdi.

Ayrimlar fikricha, bunday chiqishlar jamiyatdagi erkaklar ustunligiga qarshi isyon, lekin vaziyatga boshqacha baho beradiganlar ham bor.

“Tarix kitoblari unga shovqin-suronli yil deb baho berishi mumkin, lekin daromaddagi tafovutda o'zgarish bo'lmadi”, - deydi Jorj Vashington universiteti professori Naomi Kan.

U hayotini ayollar muammolarini o’rganish va o’qitishga bag’ishlagan.

Jinisy tenglik uchun marsh... Nyu-York, 20-yanvar, 2018
Jinisy tenglik uchun marsh... Nyu-York, 20-yanvar, 2018

AQSh Mehnat vazirligi ma’lumotiga ko’ra, 2017-yilning so’nggi choragida ayollar bir xil ish uchun erkaklardan 20 foiz kam maosh olgan. O'tgan yilga qaraganda ayollarning haftalik daromadi ikki dollarga kamaygan. Afrikalik ayollar ko’rsatkichi yanada past. Ular erkaklar maoshining 69 foizini oladi. Ispanzabon ayollarniki bundan ham battar.

Chandra Childers - Ayollar siyosati tadqiqot markazida yetakchi mutaxassis.

“Daromad borasida jinsiy tafovut bor. Bundan tashqari oq tanli va osiyolik ayollarga nisbatan boshqa irq vakillarida qashshoqlik va ta’lim darajasi past", - deydi Childers.

Ayollar marshi... Vashington, 20-yanvar, 2018
Ayollar marshi... Vashington, 20-yanvar, 2018

AQSh Oliy sudi ayollarning abort qilish huquqini cheklamagan, lekin bu borada xavotir kuchli.

“Shtatlar ayollarning bu huquqini cheklash bo'yicha turli usullarni o'ylab topyapti”, - deydi professor Kan.

Biroq siyosatda va hukumatda ayollar ancha faollashgan. Barcha irqdan ayollarni uchratish mumkin. Bu yil 370 dan ortiq ayol Kongressga nomzodini qo'ymoqchi.

Keyt Xovard qizi Xanna bilan Ayollar marshining bir yilligi arafasida yana Vashington markaziga bordi. Bu gal ularga besh yoshli qizi Xeydi ham hamrohlik qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG