Breaking News

Kongressning 59 ayol a'zosi: Tramp prezidentlikka noloyiq


Prezident Tramp o'ziga nisbatan ayblovlarga demokratlarni ayblash bilan javob bermoqda
Prezident Tramp o'ziga nisbatan ayblovlarga demokratlarni ayblash bilan javob bermoqda

AQSh rahbari Donald Tramp ko'plab ayollar tomonidan jinsiy tegajog'likda ayblanar ekan, uning fikricha, aybdor tomon aslida demokratlar. Oq uyda respublikachi prezident o'tirganidan alamzada liberallar, deydi Tramp, uni bu lavozimdan olish yo'llarini izlamoqda. Prezident jinsiy bosim va tegajog'lik haqidagi ayblovlarni tan olmaydi. Umuman olganda, hozirgacha Kongressning 100 dan oshiq a'zosi prezidentga nisbatan da'volarni tekshirish kerak deya talab qilmoqda.

Kongressning 59 ayol a'zosi, hammasi demokratlar, Vakillar Palatasi rahbariyatidan Trampga nisbatan ayblovlarni jiddiy ko'rib chiqishni talab qilmoqda. Ular, shuningdek, Trampni prezidentlikka noloyiq deb hisoblaydi. Izchil tekshirilsin va xulosa chiqarilsin, deydi bu arboblar.

Senator Kirsten Jillibrend (chapdan) prezidentdan vijdonan ish tutishni so'ramoqda
Senator Kirsten Jillibrend (chapdan) prezidentdan vijdonan ish tutishni so'ramoqda

Demokrat senator Kirsten Jillibrend, Nyu-York shtatidan saylangan qonunchi, Oq uyni muammoni yopishga urinib, ayollarni qoralayotganidan g'azabda.

U Trampni vijdonan yo'l tutib, unga qarshi yog'ilayotgan ayblovlarga javob berishga undamoqda. Xotin-qizlar ovozini o'chirishga urinish prezidentga yarashmaydigan ish, deydi senator. Davlat rahbari hammadan ham mas'uliyatli, jamiyat manfaatlari uchun kurashda yetakchi odam bo'lishi kerak, deydi Jillibrend.

Prezident Trampni bir necha yillar oldin jinsiy bosim o'tkazganlikda ayblayotgan ayollar 17 nafarni tashkil etadi
Prezident Trampni bir necha yillar oldin jinsiy bosim o'tkazganlikda ayblayotgan ayollar 17 nafarni tashkil etadi

​Hozirgacha 17 ayol Trampni jinsiy bosim va shilqimlikda ayblab chiqqan.

Kongressning ayol a'zolari yozgan xatda Amerika xalqi haqiqatni bilishga haqli, deyiladi. Davlat rahbari shuncha xotin-qizning nomusiga tegishga uringanlikda ayblanar ekan, qonun chiqaruvchi organ qo'l qovushtirib o'tirmasligi kerak, deydi siyosatchilar.

Shu kunlarda Kongressning uch a'zosi, demokrat senator Al Franken, Vakillar Palatasining demokrat a'zosi Jon Konyers va respublikachi Trent Frenks jinsiy bosim ayblovi ostida ishdan ketdi.

Trampni ayblayotgan ayollar bu ishlar bir necha yil oldin bo'lganini aytadi. Oq uyga ko'ra, bu masala oldin ham ko'tarilgan, muhokama qilingan va shunga qaramasdan Tramp prezidentlikka saylangan, ya'ni xalq unga ishongan.

Prezidentning matbuot kotibasi Sara Sandersning aytishicha, jinsiy bosim haqidagi dashnomlarga 2016-yilgi saylov natijasidan javob olish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG