Breaking News

Suriyada Assadga qarshi arman harbiy brigadasi tuzildi


AQSh tomonidan quvvatlanuvchi Suriya Demokratik kuchlari (SDK) etnik armanlardan tashkil topgan yangi bo'lim tuzgan. Kurdlar rahbarligidagi SDK ko'p millatli harbiy ittifoq bo'lib, Suriyada "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurashda muhim rol o'ynagan.

SDK o'tgan oy bu to'daning Suriyadagi so'nggi qarorgohi - Bag'uz shahrini ham ozod etib, Suriya hududining uchdan birini o'z nazoratiga olgan.

Armanlar harbiy bo'linmasi Suriyada ilk bor tuzilmoqda. Fuqarolik urushi boshlanishidan oldin 23 million aholining ikki foizini armanlar tashkil etar, ular kurdlar ko'pchilikni tashkil etadigan shimoli-sharqiy hududlarda yashar edi.

Urush boshlanishi bilan etnik armanlar katta sonda Suriyani tark etdi, Armaniston va Yevropa davlatlariga ko'chdi.

2011-yilda boshlangan urush davomida armanlar asosan betaraflik yo'lini tanlagan bo'lsa, ayrimlari Prezident Bashar Assadni qo'llab chiqqan.

Arman qurolli brigadasining tuzilishi Suriya hukumatiga signal, deydi ayrim tahlilchilar.

"SDK bu bilan Assadga yengilmaganini, Suriyadagi eng zaif jamoalardan biri unga qo'shilgani bu faktni isbotlab turganini ko'rsatmoqchi", - deydi ekspert Nikolas Xeras.

Suriya armanlari o'zini himoya qilish uchun shu paytgacha kuchli tomondan, ya'ni Assad rejimidan yuz o'girmagan edi, deydi u.

Armanlar brigadasi 24-aprelda, Usmoniylar imperiyasi armanlarga qarshi genotsid sodir etgan voqealarning 104 yilligi nishonlanayotgan kuni tuzilgani e'lon qilindi. Turkiyada ayrim hukumat nashrlari brigadani "terrorchi tashkilot" deya ta'riflagan.

Anqara SDK tarkibidagi kurd jangchilarini (Xalq himoyasi bo'limlarini) ham terrorchi deb ataydi va ular bilan 30 yildan beri jang qilib keladi. Turkiya shu bois AQShdan SDK bilan hamkorlikni to'xtatishni talab qiladi.

Bu orada, Suriya-Turkiya chegarasida xavfsiz zona barpo etish taklifi yuzasidan Vashington va Anqara muzokara qilmoqda. Bir to'xtamga kelingani yo'q, deya xabar beradi "Vashington Post" gazetasi.

"AQSh Turkiyaning Suriya shimoli va sharqida SDK bilan kelishib olishini istaydi, lekin hozircha progress yo'q", - deydi ekspert Nikolas Xeras.

AQSh Suriya shimoli-sharqidan 2000 askarini olib chiqishi haqida e'lon qilganidan keyin, Turkiya SDK nazoratidagi hududlarga hujum qilishi haqida bir necha bor po'pisa qilgan.

"Hozircha AQSh hech bir tomonni yon berishga ko'ndira olgani yo'q. Turkiya va SDK uchun bu jangda yutib chiqish muhim, murosa emas", - deydi Xeras.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG