Breaking News

Kuzatuvchilar: Turkiya amaliyoti yana gumanitar inqirozga olib keladi


Uyini tashlab ketayotgan suriyaliklar

Inson huquqlari tashkilotlari Turkiyaning Suriya hududida olib borayotgan harbiy amaliyoti natijasida qochqinlar soni keskin oshishiga tayyorgarlik ko'rmoqda.

Turkiya armiyasi va unga ittifoqchi kuchlar Suriya shaharlariga chuqurroq kirib borar ekan, "Care International" gumanitar tashkiloti 9-oktabrdan beri 100 ming odam uy-joyini tashlab ketganini ma'lum qildi.

"Tibbiy xizmat va suv ta'minoti kabi muhim xizmatlar uzilgani haqida xabarlar kelmoqda", - deydi tashkilot vakili Fotima Azze.

Zo'ravonlikning yangi to'lqini sabab qator gumanitar tashkilotlar o'z xodimlaridan hududni tark etishni so'ragan. Gumanitar yordamga yanada ehtiyoj oshadi, deydi Azze.

Turkiya rasmiylariga ko'ra, "Tinchlik bulog'i" operatsiyasi qisqacha YPG (Xalq mudofaa bo'limlari) nomini olgan kurd guruhiga qarshi qaratilgan. Anqara nazarida bu guruh PKK, ya'ni Kurdiston ishchilar partiyasi degan terrorchi guruhga aloqador. Biroq AQSh YPGni "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda hamkor deb biladi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning aytishicha, armiya YPGga zarba berish bilan bir qatorda millionlab suriyalik qochqinlarni vataniga qaytarish uchun xavfsiz zona ham tashkil etadi.

Yevropaga ogohlantirish

Yevropa Ittifoqining amaliyotni to'xtatish haqidagi talabiga javoban Erdog'an shunday dedi:

"Hey Yevropa Ittifoqi, o'zingni bosib ol. Agar bu operatsiyani okkupatsiya deb tamg'alashga harakat qilsangiz, 3,6 million qochqinni siz tomon yo'naltiramiz".

Kurdlar nazarida, Turkiya qochqinlarni ko'chirishni ko'zlashidan maqsad - ko'plab sunniy arab suriyaliklarni kurd yerlariga yuborib, mintaqadagi demografik muvozanatni o'zgartirish.

Suriyada fuqarolar urushi 2011-yilda Prezident Bashar Assadga qarshi isyon ketidan boshlangan edi. BMT hisobiga ko'ra, Suriya aholisining yarmi uy-joysiz qolgan, 6,6 million odam mamlakatni tark etgan.

Gumanitar inqiroz

BMTning Suriyadagi inson huquqlari ahvolini o'rganish komissiyasiga ko'ra, Turkiyaning Suriya shimoli-sharqidagi operatsiyasi mojarolar tufayli bir necha marta ko'chirilgan va lagerlarda yashayotgan himoyasiz aholining yana boshpanasiz qolishiga olib keladi. Urush va tartibsizlik "Islomiy davlat" jihodchilar to'dasining qayta jonlanishiga ham sabab bo'lishi mumkinligi aytilmoqda.

"Xalqaro Amnistiya" tashkilotining "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, Suriya hududlaridan qochgan taxminan 700 ming odam tirikchilik uchun insonparvarlik yordamiga tayanadi. Turkiya operatsiyasi va xavfsiz zonani yaratishga urinish gumanitar inqirozning ikkinchi bosqichiga olib kelishi ehtimoli yuqori, deydi tashkilot vakili Filippe Nassif.

"Turkiya oxir-oqibat ko'plaab suriyalik qochqinlarni yangi bosib olingan hududlarga ko'chirishini ko'rasiz hali. Gumanitar yordam kerak bo'ladi", - deydi Nassif.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG