Breaking News

Tojik-qirgʻiz chegara bahsi: Oddiy xalq yoki siyosatchilar jangi?


Qirg'iziston va Tojikiston orasidagi bahsli hududlarda shartli chegara chizigʻi - ariq

Tojikiston va Qirgʻiziston orasidagi bahsli hududlar ustida navbatdagi mojaro qoʻzgʻaldi. Mojaro avval yuqorida, siyosatchilar orasida boshlandi, soʻng pastda, ikki qoʻshni qishloq orasida davom etdi.

Tahlilchilar fikricha, chegara nizolarining qoʻzgʻalishiga yer va suv sabab boʻlsa ham, bu mojarolar shu tabiiy resurslar uchun tortishishgina emas, balki siyosiy oʻyinlarning tarkibiy qismidir. Dushanbe va Bishkek istalgan paytda bu mojarolardan oʻz manfaatlari uchun foydalanishni istashadi. Shuning uchun ham bu mojaro oʻn yilliklardan beri davom etib kelmoqda.

10-fevral kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) qirgʻiz siyosatchilarini chegara masalasida asossiz bayonotlar bermaslikka chaqirib, rasmiy murojaat yoʻlladi. Unda aytilishicha:

“Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Qirgʻizistonning ayrim siyosiy arboblari Toʻrtkoʻl suv omborining sarchashmasi Tojikistonga oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi bayonotlariga eʼtibor qaratib, shuni taʼkidlaydiki, tojik-qirgʻiz davlat chegarasining delimitatsiya va demarkatsiya jarayoni hali tugallanmagan. Ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining chegara masalalari boʻyicha muzokaralari davom etmoqda. Xalqaro huquq normalariga muvofiq, tojik-qirgʻiz davlat chegarasi delimitatsiyasi tugaguniga qadar, Joʻqorgʻi Kenges deputati aytib oʻtgan mintaqa biror tomonga oʻtmagan hisoblanadi. Ayni paytda biron bir munozarali maydonni boshqa tomonga berish toʻgʻrisida gap boʻlishi mumkin emas”.

Tojikiston tomonining bunday bayonot berishiga Qirgʻiziston Bosh vaziri Ulugʻbek Maripovning Tojikiston bilan chegara demarkatsiyasi toʻgʻrisida bildirgan fikrlari sabab boʻldi. Maripov 3-fevral kuni bosh vazir vazifasini bajarishga kirishish oldidan xalq deputatlari oldida chiqish qilayotib shunday degan:

“Afsuski, biz Toʻrtkoʻl suv ombori kanalining boshlanishini berib yuboribmiz. Men bunga oydinlik kiritdim. Bu strategik masala”.

Shundan soʻng Qirgʻiziston parlamenti deputati Tazabek Ikromov bosh vazirdan sharh berishini talab qilgan.

“Bu juda shoshilinch bayonot. Ushbu masala yopiq yigʻilishda muhokama qilinishi kerak. Bosh vazir bizga hamma narsani tushuntirishi kerak”, - degan Ikromov.

Shuningdek, deputat bu strategik masalaga oydinlik kiritish maqsadida favqulodda komissiyani tuzishga chaqirgan.

Chegara mojarolari shunchaki yer, suv uchun tortishuv emas, siyosiy oʻyinlarning bir qismiga aylanib ulgurgan, deb oʻylayman. Shuning uchun ham ularning yechimi oson emas.

Qirgʻiziston bosh vazirining bayonoti Botkent oblasti aholisi orasida notinchliklar kelib chiqishiga sabab boʻldi. 5-fevral kuni Botkent shahrida va 8-fevral kuni poytaxt Bishkekda bosh vazir chiqishi ortidan tushuntirish talab qilib, mitinglar boʻlib oʻtishi ortidan Maripov videomurojaat orqali soʻzlari notoʻgʻri talqin qilinganligini aytdi.

“Gap Oqsoy qishlogʻidagi Qayirma kanali haqida ketayotgan edi. Aniqrogʻi, u kanal Oqsoy qishlogʻiga tutashgan. Ushbu kanal sarchashmadan 500-600 metr nariroq masofada joylashgan. Bundan tashqari, gap Oqsuv daryosi haqida ketgandi. Aynan shu mening mujdam edi. Ammo, afsuski, baʼzi kuchlar soʻzlarimga boshqacha maʼno berishdi”, - deydi Bosh vazir Maripov.

Bu voqealar ortidan 10-fevral kuni Tojikiston tomoni bergan rasmiy bayonotda aytilishicha, yuqori siyosatchilarning bunday chiqishlari chegaradagi vaziyatning beqarorlashishiga sabab boʻlishi mumkin.

“Vazirlik qoʻshni mamlakat siyosatchilarini tojik-qirgʻiz chegarasi haqidagi maʼlumot va bayonotlarga juda ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqiradi, chunki tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatish ikki birodar davlatning chegara hududlarida vaziyat beqarorlashishiga olib kelishi mumkin”, - deyiladi TIV bayonotida.

Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, ayni kunlarda Tojikistonning Isfara tumani va Qirgʻizistonning Botkent oblastining bahsli hududlarida vaziyat taranglashgan, har ikki tomonda ham chegara mintaqalariga qoʻshimcha harbiylar keltirilgan.

Qirg'iziston va Tojikiston orasidagi bahsli hududlarda shartli chegara chizigʻi - ariq
Qirg'iziston va Tojikiston orasidagi bahsli hududlarda shartli chegara chizigʻi - ariq

Isfara tumanining Chorkuh qishlogʻi, Kakir mahallasida yashovchi Zayloviddin Ayubovning aytishicha, 12-fevral kuni mahallaning “Qummazor” deb nomlangan qismida qirgʻiz chegarachilari tojiklar oʻtqazgan nihollarni uzib tashlashi ortidan nizo kelib chiqadi.

Shundan soʻng ikki tomondan mahalliy aholi uylariga qurollangan harbiylar yigʻiladi. Bu yerda oʻtgan yilning may oyida ham qurolli toʻqnashuv yuz bergan, odamlarning uylariga oʻt qoʻyilgan edi. Mahalliy aholi yana shunday toʻqnashuvlar kelib chiqishidan tashvishga tusha boshlaydi.

Ikki davlat harbiylari muzokara qilishadi va hozircha vaziyat tinch. Ammo mahalliy aholi vakillarining aytishicha, bu mintaqalarda bahsli hududlar koʻpligi sababli mojaro qoʻzgʻash uchun har qadamda bir bahona topish mumkin.

Ayni paytda Qirgʻizistonning Oʻzbekiston bilan chegarasida ham vaziyat qaltis ekanligi, mahalliy qirgʻizlar va oʻzbek chegarachilari orasida mojarolar qoʻzgʻalganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Qirgʻiziston hukumatining chegara masalasi boʻyicha maxsus vakili, prezident apparati raisining birinchi oʻrinbosari Nazirbek Boruboyevning aytishicha, Toʻrtkoʻl suv ombori va unga suv quyiladigan kanal masalasi boʻyicha oʻtgan yili muzokaralar boshlangan. Ammo koronavirus tufayli ishlar toʻxtab qolgan. Uning aytishicha, muzokaralar 2021-yilning mart oyidan qayta boshlanishi kutilyapti.

Tojikiston masʼullari chegaradagi vaziyat, delimitatsiya-demarkatsiya ishlarining qanday borishi toʻgʻrisida matbuotga deyarli maʼlumot bermaydi. Sugʻd viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda 8-fevral kuni “biz qoʻshnilar bilan faqat ikki davlatning delimitatsiya va demarkatsiya boʻyicha qoʻshma komissiyasi doirasida hamkorlik qilyapmiz”, deya taʼkidladi xolos.

Chegara masalalari boʻyicha tahlilchi Neʼmatullo Mirsaidov fikricha, qoʻshma komissiya ishining sustligi, aniq natijalarga erisha olmasligi va chegarada nizolarning qayta-qayta takrorlanishi mahalliy aholini bezdirib qoʻygan.

“Chegarada yer, suv, yoʻl ortidan kelgusida mojaro qoʻzgʻalishi mumkin boʻlgan mintaqalar koʻp. Agar vakolatli komissiya bir qarorga kelsa, mahalliy rahbarlar ham, harbiylar va mahalliy aholi ham oʻsha qarorga rioya qiladi. Ammo komissiya faoliyati sustligi ortidan mojarolar hammani tashvishga solmoqda”, -deydi Mirsaidov.

Mustaqil tahlilchi Joʻrabek Mamatqulov fikricha, Qirgʻizistonning ham Tojikiston, ham Oʻzbekiston bilan chegarasida vaziyat keskinlashuvi sababini Bishkekdan qidirish toʻgʻriroq boʻladi.

“Qirgʻiziston hukumati va parlamenti ichki siyosiy kurashlari ortidan shunday holatlar kelib chiqmoqda. Muqobil siyosiy kuchlar bir-birini kamchiliklarini haddan ortiq boʻrttirib koʻrsatishi, ommaviy namoyishlar tashkil qilishi, provokatsiyalar uyushtirishi va shu orqali siyosiy raqibini obroʻyini tushirishga urinishi siyosatda koʻp uchraydigan holat. Bu yerda ham shunday boʻlyapti”, - deydi tahlilchi.

Ammo Eraj Alimov fikricha, chegara mojarolaridan Dushanbe va Bishkek istalgan paytda oʻz manfaatlari uchun foydalanishlari mumkin. Shuning uchun ham bu mojaro oʻn yilliklardan beri davom etib kelmoqda.

“Uzoq yillardan beri tojik-qirgʻiz chegarasidagi bahslar yer, suv, yoʻl tortishuvlari ortidan kelib chiqmoqda. Bu toʻgʻri. Ammo nega shuncha yillardan beri bu muammo oʻz yechimini topmaydi? Shuningdek, ikki davlat orasida delimitatsiya va demarkatsiya boʻyicha muzokaralar muntazam davom etayotganligiga qaramay, hali-hozir yechim koʻrinmaydi. Ishlarda ilgariga siljish ham yoʻq. Oʻn yillardan beri oʻsha 400 kilometrdan ortiqroq bahsli hudud turibdi. Aksincha, goh-goh u yoki bu mintaqada mojaro, toʻqnashuvlar qoʻzgʻalib, vaziyat keskinlashib turadi. Nazarimda, bu toʻqnashuvlar ham tashkil etiladi. Umuman, bu chegara mojarolari shunchaki yer, suv uchun tortishuv emas, siyosiy oʻyinlarning bir qismiga aylanib ulgurgan, deb oʻylayman. Shuning uchun ham ularning yechimi oson emas. Mening fikrimcha, mojarolarni ham oddiy mahalliy aholi qoʻzgʻamaydi. Yechim ham oddiy aholi va mahalliy masʼullar qoʻlida emas. Bu katta siyosiy oʻyinlarning tarkibiy bir qismi”, - deydi tahlilchi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG