Tojikiston ziyolilari: Markaziy Osiyo birlashishiga qarshi kuchlar bor


Tojikiston qurolli kuchlari

O’zbekistonda yangi saylangan Prezident Shavkat Mirziyoyev qo’shnilarga munosabat masalasida yangicha yo’l tutayotgani Tojikiston xalqida qiziqish va umidlar uyg'otmoqda. Chegaralar ochiladi va bordi-keldi muntazam yo’lga qo’yiladi, deya niyat qilmoqda odamlar.

Tojikistonlik ziyolilar nazarida, Markaziy Osiyo respublikalarining yaxlitligini ta’minlash kun tartibidagi asosiy masala. Ammo siyosatsunos Abdujabbor Yo’ldoshev fikricha, Markaziy Osiyo davlatlarining o’zi hech qachon birlasha olmaydi.

"Chunki hali xalqimizning o’zi, fuqarolik jamiyati bunga tayyor emas, hali demokratiya tamoyillarini to’la o’zlashtirishgani yo’q. Bu yerda turlicha guruhlar, g’ayriqonuniy partiyalar borki, mintaqaning demokratik yo’ldan ketishini istamaydi. Bundan esa tashqi kuchlar ham manfaatdor. Agarchi, aytaylik, biron qudratli davlatlar o’rtaga tushib, ko’mak ko’rsatsalar, ehtimol shunda birlashuv yo’lidan ketishlari mumkin bo’ladi. Markaziy Osiyo davlatlarining o’zi buning uddasidan chiqolmaydi. Negaki, o’rtada o’zaro yechilmagan muammolar talaygina", - deydi Yo’ldoshev.

Mintaqa muammolari bilan tanish Bahrom Fayzulloyevga ko'ra, 25 yillarcha muqaddam mintaqaviy birlashuvga harakat bo’lgan bo’lsa-da, o’sha davrda har kim ko’rpani o’ziga tortgan, har qaysi rahbar o’zicha liderlikni istagan.

"Mustaqillikning dastlabki yillarida o’zaro birlikni ta’minlashga qaratilgan qandaydir tashkilot, uyushmalarni tuzishga harakat qilishdi. Hozir Rossiya yetakchilik qilayotgan YevrAzESga [Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi] o’xshash tashkilotlar ham qilishmoqchi bo’lishdi, hammasi barbod bo’ldi. Bugungi kunda esa o’zaro birlashuvga monelik qiluvchi asosiy sabab - suv masalasi. Ikkinchi muammo esa hali to’la aniqlashtirilmagan chegaraoldi yerlar taqsimoti masalasi. Nazarimda, birinchi masala bo’yicha o’zaro qandaydir kelishuvlar bo’layotgan ko’rinadi, demak nimadandir umid qilsa bo’ladi. Tushunishimcha, mintaqa markazidagi O’zbekiston baribir YevrAzESga qo’shilmaydi. Demak, biz uchun bitta yo’l qolmoqda - birlashishimiz zarur. Ayni hozirgi muhit esa, shunday sharoitni yaratmoqda. Gap endi qo’shnilarning bir-birini tushunib, o’zaro qo’l olishishida qolgan. Bir nimalardan xavfsirab, nimanidir kutib vaqt o’tkazish kerak emas",- deydi Fayzulloyev.

Jamiyatshunos Anatoliy Hayimshoyev aytadiki, mintaqada xalq kutayotgan birlik hali-veri ko’rilmaydi, bunga hali erta, buning uchun muayyan sharoitlar yetilgan bo’lishi zarur.

"Markaziy Osiyo davlatlari birligi o’z-o’zidan sodir bo’lmaydi, buning uchun yirik hodisalar bo’lib o’tishi, kuchli yo’lboshchi yoki katta tashqi ta’sir kuchlari bo’lishi kerak. Hozigi sharoit mintaqada shundayki, region markazidagi mamlakat - O’zbekistonda Karimovdan so’ng o’zgarishlar kuzatilmoqda, qo’shnichilik munosabatlari qayta ko’rib chiqilmoqda. Ammo o’rtada hali yechilmagan ulkan masalalar bor. Chegara, suv-energetika taqsimoti, kommunikatsiya muammolari shular jumlasidandir,- deydi Hayimshoyev.

U AQSh yetakchiligida "C5+1" ko’rinishida olib borilayotgan muzokaralardan biror natija chiqishiga ishonmaydi. Bu uchrashuvlarni u samarali hisoblamay, ko’p narsa qog’ozda qolib ketishiga ishora qiladi.

Uning nazarida, mintaqaning amaliy integratsiyasi uchun region davlatlari liderlarining oliy darajadagi doimiy muloqoti zarur.

Mahalliy siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshev mintaqa birligiga xalaqit beruvchi ikki yirik davlatga ishora qiladi.

"Rossiya hech vaqt Markaziy Osiyoda o’zi bilan raqobat qila oladigan yirik va baquvvat o’lka paydo bo’lishini istamaydi, Xitoy ham shunday. Xitoy qadimdan atrofidagilarning birlashuviga yo’l qo’ymagan, bo’laklayu-hukmronlik qil shioriga amal qilgan. Axir Markaziy Osiyo o’lkasida ulkan tabiiy resurslar - yirik neft, gaz zaxiralari bor, nisbatan kam aholi va ulkan hudud, eng arzon va tuganmas energiya resurslari mavjud. Shuning uchun, agar bizlar birlasha olsak edi, xalq uchun hech qanday muammolar qolmasdi, mehnat muhojirotiga barham berilardi, kamchiliklar o’z-o’zidan barham topardi. Qaniydi shunday bo’lsa, juda yaxshi bo’lardi. Afsuski, bu juda qiyin ish", - deydi Yo’ldoshev.

Hayimshoyev fikicha, Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasiga Rossiya va Xitoy yetakchiligidagi turlicha tashkilotlar ham monelik ko’satadi. Negaki, mintaqa davlatlarining birlashuvi ular boshchilik qilayotgan tashkilotlarga qiziqishni so’ndiradi.

"Bu yerda Rossiya va Xitoyning kuchli ta’sirini hamda mintaqa davlatlaridagi turlicha sharoitlarni ham nazarda tutish kerak. Masalan, Rossiya yetakchiligidagi YevroAES hech qachon Markaziy Osiyoning o’zaro birligini ko’zlamaydi, istamaydi ham. Chunki mintaqa davlatlari birlashsa, unaqa tashkilotlarga hojat qolmaydi. Mintaqa integrasiyasi tufayli regionda shunday kuchli uyushma paydo bo’ladiki, barcha mahalliy muammolarning tezda bartaraf etilishiga imkoniyat tug’iladi, chetga qaramlikga barham beriladi" , - deydi Hayimshoyev.

XS
SM
MD
LG