Breaking News

Tojikistonda norozilik namoyishiga chiqqan xitoyliklarning talabi nima?


Tojikistondagi eng yirik qoʻshma korxonalardan birida xitoylik rahbariyat va xitoylik ishchilar o’rtasida ziddiyatlar paydo boʻlgan. Kamida bir oydan beri rahbariyatga eʼtirozlar bildirib kelgan ishchilar 20-may kuni norozilik namoyishiga chiqdi. Oldingi safar muzokara olib borilgan boʻlsa, oxirgi namoyish kuch bilan bostirildi.

Mamlakat Ichki ishlar vazirligining mahalliy boʻlimidan aytishlaricha, namoyishga chiqqanlar orasida Tojikiston fuqarolari boʻlmagan. Namoyishchilar Sugʻd viloyatining markazi Xoʻjand shahridan 90 kilometr masofada joylashgan Zarnisor (sobiq Oltintopgan) posyolkasidagi “Tojikiston-Xitoy togʻ sanoat shirkati”ning xitoylik ishchilari boʻlgan.

Ishchilar qoʻlida tosh, temir va tayoqlar bilan korxona masʼullariga hujum qilgan. 20-may kuni tushdan oldin boshlangan namoyishni toʻxtatish va odamlarni tarqatish uchun voqea joyiga chaqirilgan Ichki ishlar boʻlimining maxsus guruhi zobitlari osmonga oʻqlar uzgan.

Namoyishchilarning talabi toʻgʻrisida kompaniya masʼullarining aytishicha, ishchilar pandemiya tufayli Tojikistonda ushlanib qolgan va Xitoyga qaytishni istaydi.

“Shuning uchun ular 20-may kuni Dushanbega Xitoydan samolyot kelganligini eshitib, shu samolyotda vatanga qaytarilishlarini talab qilishdi. Ammo buning iloji yoʻq, chunki ularni vatanga qaytarish uchun Xitoydan rozilik olish kerak. Bu ishlar muayyan vaqtni talab etadi”, - deydi shirkat masʼullari.

Ammo Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Sugʻd viloyati boshqarmasidan aytishlaricha, ishchilar oʻz vaqtida oylik maoshlarini ololmayotganligi tufayli norozilik namoyishiga chiqishgan.

“Taqriban 60 nafar xitoylik injenerlar ish tashlash eʼlon qilib, shirkat bosh idorasi oldida norozilik namoyishi uyushtirilibdi. Ular tosh va choʻplar bilan masʼullarga hujum qilib, idora oynalarini sindirishgandan keyin vaziyatni hisobga olib, IIBdan yordam soʻrashdi. Maxsus tayinot guruhi safarbar qilinib, odamlarni tarqatish uchun osmonga oʻqlash uzildi. Yaralangan va qurbonlar yoʻq”, - deydi IIBdagi manba.

Manbaning aytishicha, ishchilar ish tashlash eʼlon qilishi va norozilik namoyishiga chiqishining asosiy sababi sakkiz oydan beri ularga ish haqi toʻlanmayotganligi boʻlgan.

Mahalliy fuqaro vakillarining “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, mahalliy ishchilar oʻz vaqtida maoshini olgan. Ammo Tojikistonda koronavirus aniqlanganidan soʻng aksariyat mahalliy ishchilarga javob berilgan.

“Biznikilar 1000 somoniydan 3500 somoniygacha (100-350 dollar) oylik oladi. Bizni ish haqimiz vaqtida berilib kelindi. Ammo biz xitoyliklar qancha maosh olishini ham, qanday olishini ham bilmaymiz. Ular bizga qaraganda kamida toʻrt-besh marotaba koʻp olsa kerak. Ularga yeb-ichishi uchun ozroq pul bu yerda toʻlanib, asosiy ish haqi Xitoydagi bank raqamiga oʻtkaziladi”, - deydi shirkat ishchilaridan biri Ibrohim Ashurov.

Suhbatdoshning taxmin qilishicha, noroziliklarga sabab boʻlgan narsa injenerlarga Xitoyda toʻlanishi vaʼda qilingan ish haqi vaqtida toʻlanmayotgan boʻlishi ham mumkin.

“Xitoyliklar hech nimani bizga ochiq aytmaydi. Necha yil boʻldi, ammo mahalliy ishchilar bilan durust aloqaga kirishmaydi. Ularni ishlari, muammolari haqida biz koʻp bilmaymiz”, - deydi Ashurov.

Boshqa bir mahalliy fuqaroning aytishicha, Xitoyliklar oldinroq shirkat rahbariyatiga “korxonada yo biz ishlaylik yoki tojikistonliklar ishlasin”, degan talab qoʻygan. Bu Tojikistonda koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq boʻlib, undan maqsad mahalliy ishchilar har kuni qatnab ishlagani uchun konga kasallikni olib kelishini oldini olish boʻlgan.

Shirkat masʼullari bu iddaoni tasdiqladi, ammo ularning aytishicha, “bu masalada choralar koʻrilgan. 30-apreldan boshlab ishga qatnaydigan mahalliy fuqarolar uyiga bormay qoʻygan. Korxonaga tashqaridan odam kiritilishi qattiq nazoratga olingan. Ishchilar Istiqlol (sobiq Taboshar) shahrida avval ikki haftalik karantinga olinib, keyin korxonaga yuborilmoqda. Har kuni qatnaydigan xizmat mashinalari ham toʻxtatilgan”. Bu fikrlarni mahalliy fuqarolar ham tasdiqladi.

Sugʻd viloyati sanoat idorasidan aytishlaricha, namoyish xitoylik ishchilarning ish haqi ortidan boʻlgan. Bu shirkatning ichki ishi. Tojikiston hukumatidan olingan maʼlumotlarga koʻra, bu shirkatda umumiy ishchilar soni 3500 nafar atrofida boʻlib, taqriban uchdan bir qismi xitoyliklardir. Shirkat 2009-yilda ishga tushgan va bir yilda bir million tonna rux, qoʻrgʻoshin va mis ishlab chiqarish iqtidoriga ega.

Ilgariroq, Tojikiston Soliq qoʻmitasi raisi Nusratullo Davlatzoda bu shirkatni “Zarafshon” tilla ishlab chiqarish qoʻshma korxonasi qatoridagi eng yirik soliq toʻlovchi korxonalardan biri ekanligini taʼkidlagan edi.

Shirkat joylashgan Mastchoh tumanining raisi Tohirjon Azizzoda ham “Ozodlik” radiosining tojik boʻlimi bilan suhbatda muammo maosh vaqtida toʻlanmaganligi ortidan kelib chiqqanligini aytgan.

“Xitoylik ishchilar maoshlarini vaqtida ololmaganligi ortidan oʻz rahbarlariga nisbatan norozilik namoyishiga chiqishdi. Rahbarlari ham xitoylik. Bir oy oldin ham ular shirkat rahbariyatiga eʼtiroz bilan chiqqan edi. Biz viloyat maʼmuriyati masʼullari bilan birga ular bilan uchrashgan, Xitoyda karantin boʻlganligi uchun vatanga qayta olmasliklari, ikki hafta shu yerda dam olishlari mumkinligini tushuntirgan edik”, degan Azizzoda.

Tuman raisining aytishicha, oʻshanda xitoyliklar rozi boʻlishgan edi.

Tojikiston davlat organi mahalliy maʼmuriyati boshligʻining fikriga tayanadigan boʻlsak, shirkatning xitoylik rahbarlari va ishchilari orasida kamida bir oy oldin ziddiyat paydo boʻlgan. Ammo tafsilotlar maʼlum emas.

Mahalliy tahlilchilarning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, xitoylik injenerlarning aynan 20-may, Xitoydan Tojikistonga shu shirkat tomonidan 1,5 million dollar hajmidagi ijtimoiy yordam keltirilgan paytda norozilik namoyishiga chiqishi bejiz boʻlmasligi mumkin. Bu ikki voqea bir-biriga bogʻliq koʻrinadi.

Ammo baribir namoyishning asl sababini bilish uchun kamida ikki variant qoladi. Birinchisi, ishchilar shu samolyotda vatanga qaytishni talab qilganligi. Ikkinchisi, ularga ish haqi vaqtida berilmagani holda, shirkat ijtimoiy yordam koʻrsatganligiga eʼtiroz qilgan boʻlishi ham mumkin va shu ikkinchisi asosli koʻrinadi.

Yuqoridagi omillar va tahlilchilar fikrlari inobatga olinsa, xitoylik injenerlarning noroziliklari maosh ortidan kelib chiqqan va shirkatdagi bu inqiroz Xitoydagi iqtisodiy inqiroz bilan chambarchas bogʻliq. Namoyish muzokara bilan emas, kuch bilan bostirilganligi ham inobatga olsak, bu holat tez orada oʻnglanmasligi mumkin.

XS
SM
MD
LG