Breaking News

Tojikiston maktablarida taʼtil e'lon qilindi, ammo oliygohlar ishlayapti


Xo'jand, Tojikiston
Xo'jand, Tojikiston

Tojikistonda bolalar bogʻchalari va oʻrta umumtaʼlim maktablari, texnik litsey va kasb-hunar kollejlari 27-apreldan 10-maygacha yopildi. Ammo oliygohlar odatdagidek faoliyat qilmoqda.

Maorif va ilm vazirligi masʼullarining aytishicha, ikki haftalik taʼtil maktab, litsey va kollej binolarida dezinfeksiya ishlarini olib borish maqsadida e'lon qilingan. Bolalarni taʼtilga chiqarish haqidagi qaror koronavirus (Covid-19) tarqalishining oldini olish shtabi 25-aprel kuni mamlakat bosh vaziri ishtirokida oʻtkazgan yigʻilishida qabul qilingan.

Maorif va ilm vazirligi matbuot xizmati bergan maʼlumotga koʻra, Tojikistonda 662 ta bolalar bogʻchasi mavjud boʻlib, jami 102 175 nafar tarbiyalanuvchi va 9766 nafar tarbiyachi, 3884 oʻrta umumtaʼlim maktablarida esa 2 033 900 oʻquvchi va 124 593 nafar oʻqituvchi hamda 75 ta litsey yoki kollejlarda 87 696 talaba va 6 381 oʻqituvchi bor.

Ayni paytda 2 245 661 nafar tarbiyalanuvchi, oʻquvchi va talabalar ikki haftalik taʼtilga yuborildi. Ammo 143 045 nafar tarbiyachi va oʻqituvchilar ishda qolmoqda. Oʻqituvchilarga taʼtil payti uchun ham ish haqi toʻlanadi.

Jabbor Rasulov tumani maktablaridan birida faoliyat qiladigan oʻqituvchi Zarina Mahmudovaning “Amerika Ovozi” bilan suhbat paytida aytishicha, oʻqituvchilar haqiqatdan ham ishga qatnamoqda. Ammo nazorat oldingidek kuchli emas.

“Ikki haftalik taʼtil haqida kutilmaganda 25-aprel, shanba kuni tushdan keyin eʼlon qilishdi. Faqat oʻquvchilar taʼtilga chiqarildi. Biz oʻqituvchilar ishga qatnamoqdamiz. Dars oʻtilmagan bu ikki hafta uchun ham oylik maosh toʻlanishi aytilib, har kuni maktabga kelishimiz tayinlandi”, - deydi Mahmudova.

Huquqshunos Sadriddin Saidovning aytishicha, har qanday jamiyatda ma'lum bir kategoriyaga mansub odamlarga taʼtil berilishi baʼzi muammolarni keltirib chiqarishi tabiiy.

“Bogʻchaga qatnaydigan bolalarga taʼtil berilib, ularning ota-onalari ishda qolishi baʼzi oilalarda muammo tugʻdirmoqda. Yosh farzandini bogʻchaga berib ishga boradigan ota-onalar hisobini yoʻqotmoqda. Ular farzandini qayerga qoʻyishni bilmaydi”, - deydi huquqshunos.

Koronavirus tarqalishining oldini olish shtabi qarorida oliy maktablar haqida aytilmagan. Maorif va ilm vazirligi matbuot xizmati boshligʻi Ehsoni Xushbaxtning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, oliy ta'lim muassasalarida taʼtil berilish-berilmasligi haqida biror gap yoʻq.

“Bu masalani Maorif vazirligining oʻzi hal etmaydi. Vazirlik mamlakat Bosh vaziri Qohir Rasulzoda rahbarligidagi maxsus shtab xulosalarini kutmoqda. Maorif vazirligi shu shtab koʻrsatma yoki qarorlari asosida amal qiladi”, - deydi suhbatdosh.

Tahlilchi Ilhom Yusupov fikricha, bolalar bogʻchalari va oʻrta umumtaʼlim muassasalaridan ham koʻra oliy maktablar talabalarini taʼtilga chiqarish muhimroq edi.

“Tojikiston sharoitida bolalar bogʻchasi yoki oʻrta umumtaʼlim muassasalariga bir shahar, qishloq yo mahallaning bolalari qatnaydi. Shuning uchun u yoki bu mintaqada virus borligi oshkor boʻlsa, oʻsha mintaqani karantinga olish mumkin. Ammo oliygohlarda turli shahar va tumanlardan yigʻilgan talabalar oʻqiydi. Shuning uchun ularning orasida virus paydo boʻlsa, tez orada butun bir viloyat yoki mamlakatga tarqaydi”, - deydi tahlilchi.

Tojikistonning yirik shaharlarida koʻchalarni dezinfeksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Ammo Sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligi mamlakatda birorta ham koronavirusga chalinish holati qaydga olinmaganligini aytib kelmoqda. Bu maʼlumotlarni Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Tojikistondagi doimiy vakili Galina Perfilyeva ham tasdiqlamoqda. Ammo Tojikistonning amaldagi hukumatiga muxolif boʻlgan baʼzi xorijdagi manbalarning yozishicha, mamlakatda har kuni yuzlab koronavirusga chalinish holatlari qayd etilmoqda va ular oshkor etilmay, yashirib qolinmoqda.

Ayni paytda JSST maxsus guruhi tomonidan Tojikistonda koronavirusga bogʻliq haqiqiy holat oʻrganilib, oshkor etilishi kutilmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG