Breaking News

Markaziy Osiyo: Iqtisodiyot oyoqqa turishi uzoqqa cho’zilishi mumkin


Go'sht bozori, Almati, Qozog'iston
Go'sht bozori, Almati, Qozog'iston

Markaziy Osiyoning uch davlati koronavirus tahdidi bois karantin ostida. Bu davlatlarda ijtimoiy hayot deyarli to‘xtagan. Iqtisodiy tizimlar, strategik ahamiyatga molik sohalardan tashqari, turg’unlik holatida turibdi. Mintaqa davlatlarining birortasi karantin choralari qachon bekor qilinishi mumkinligi haqida aniq to’xtamga ega emas, bu boradagi turli taxminlar esa o’zini oqlayotgani yo’q.

Mutaxassislar Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston iqtisodiyoti ham jonlanishdan avval og’ir inqiroz davrini boshdan kechirishini bashorat qilishmoqda.

Qozog’istonda inqiroz ikki millionga yaqin aholini ishsiz qoldirgani xabar qilindi. Mintaqa aholisining deyarli yarmini tashkil qilayotgan O’zbekistonda bu ko’rsatkich qanday ekanligi noma’lum.

Boshqa davlatlarda kuzatilgani kabi koronavirus tahdidi O’zbekistonda ham iqtisodiyotning ayrim sohalarini butunlay inqirozga cho’ktirdi. Ayniqsa turizm va shu bilan bog’liq kichik korxonalar faoliyati mutlaqo to’xtagan. Bu sohalardagi o’nglanish ancha uzoqqa cho’zilishi taxmin qilinadi.

Ammo Markaziy Osiyo uchun, jumladan koronavirus qayd qilinmagan Tojikiston va Turkmaniston uchun ham, dastlabki xavf oziq-ovqat taqchilligi bo’lishi mumkin.

Bu tahlika nafaqat oziq-ovqat masalasida dunyo davlatlariga ogohlantirish bilan chiqqan BMT tavsiyalarida, balki O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so’nggi chiqishida ham kuzatildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga doir o’tgan yig’ilishda Mirziyoyev aholini tomorqadan olinayotgan daromadga befarq bo’lmaslikka, yil og’ir kelishi, savdo-sotiq yopiq qolar ekan, bunday vaziyatda yer odamlarni boqishidan ogohlantirdi.

Mirziyoyev koronavirusning iqtisodga solayotgan tahdidini jiddiy baholayapti. Uning har bir chiqishida mamlakat o’ta og’ir vaziyat bilan to’qnashishi mumkinligidan ogohlantirish mavjud. Bu ogohlantirishlar koronavirusning bevosita xavfini emas, bilvosita oqibatlarini ham nazar tutadi.

Xalqaro tashkilotlar pandemiya dunyo bo’ylab yarim milliard aholini qashshoqlikka itarishidan ogohlantirayotgan bir paytda, qashshoqlar va kambag’allar soni shundoq ham yuqori ko’rsatkichga ega O’zbekiston, shuningdek, mintaqaning boshqa davlatlaridagi vaziyat ham ancha taranglashishini ehtimol qilish mumkin.

Butun dunyo koronavirus inqirozidan chiqish yo’lini muhokama qilmoqda. Mutaxassislar, ekspertlar turlicha yondashuvlarni taqdim etishmoqda. Hukumatlar turg’unlikka tushgan korxonalarga, yordamga muhtoj qolgan aholiga turli imtiyozlar taqdim qilmoqda.

AQSh inqirozdan chiqishda moddiy yordamni bevosita aholiga yo’naltirishga urinayotgan bo’lsa, Yevropada ish o’rinlarini saqlab qolgan kompaniyalarga qo’shimcha ko’mak berish va’da qilinmoqda.

O’zbekistonlik mutaxassislar ham inqirozga qarshi turish bo’yicha turli takliflarni olg’a surishmoqda. Bular AQShdagi kabi moddiy ko’makni bevosita aholiga yo’naltirish, korxonalarni soliq yukidan ozod qilish, yirik kompaniyalarni davlat hisobidan saqlab qolish kabi takliflarni o’z ichiga oladi.

Boshqa davlatlardagi kabi O’zbekistonda ham hukumat iqtisodiyotni himoyalash uchun aksilinqiroz choralarini e’lon qilgan. Maxsus tashkil qilingan jamg’armaga bir milliard dollardan oshiqroq mablag’ jalb qilinishi ta’kidlanmoqda.

Ayni paytda davlat va nodavlat sektorda faoliyatda bo’lgan minglab ishchilar majburiy ta’tilda. Masofadan ishlashga o’tgan davlat korxonalari xodimlariga maoshlar to’xtamasligi ma’lum qilingan. Ijtimoiy yordam puli, nafaqalar berilishi ham to’xtatilmagan, ammo nodavlat sektordagi ishchilar taqdiri nima bo’lishi aniq emas.

Inqiroz ortidan mahalliy hokimiyatlar tomonidan ijtimoiy nochor qatlamga kiruvchi oilalar ro‘yxati shakllantirilmoqda, davlat bu qatlamga qo’shimcha yordam va’da qilgan. Ish o’rinlarining shiddat bilan qisqarishi ijtimoiy nochor qatlam doirasini yana bir necha barobarga kengaytirishi kutilmoqda.

Iqtisodiyotida neft eksporti muhim o’rin tutgan Qozog’istondagi vaziyat ham ancha og’ir. Koronavirus inqirozi neft bahosining jiddiy tushib ketishi bilan kuzatilgani milliy valyutaning keskin qadrsizlanishiga, ijtimoiy noroziliklar to’lqini kuchayishiga sabab bo’lgan.

Buning ortidan prezident Qosim-Jo’mart Tokayev aholiga 100 dollar atrofida bir martalik yordam ko’rsatilishini e’lon qildi, kam ta’minlangan qatlam uchun yangi imtiyozlar va’da qilindi, inflyatsiya o’sishi ortidan maosh, nafaqa miqdori oshirildi.

Qozog’istonda ham inqirozga qarshi maxsus jamg’arma tuzilgan. Inqiroz oqibatlarini bartaraf etishga umumiy hisobda 13 milliard dollarga yaqin mablag’ sarflanishi ko’zda tutilgan.

Qozog’iston hukumati ayrim korxonalarni yarim yilgacha soliqdan ozod qildi. Koronavirus tahdidi mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga cheklovlar kiritilishiga ham sabab bo’ldi.

Mintaqa davlatlarining aksariyati un mahsulotlarini Qozog’istondan import qilib kelgani nazarga olinsa, bu qaror vaziyatni bir qadar taranglashtirishi mumkin.

Favqulodda holat joriy etilgan Qirg’izistondagi vaziyat ham jiddiy. Valyuta tushumi bo’yicha asosiy o’rinda turgan mablag’ – mehnat muhojirlari jo‘natayotgan summa miqdori 30 foizgacha qisqargan.

Hukumat oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirish, narxlar oshishini oldini olishga urinmoqda. Mamlakat parlamenti ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG