Breaking News

Tojikiston: To'y-ma'rakalarni ixchamlashtirish qonuni elga ma'qul


Tojikiston Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligida (MDH) eng qashshoq mamlakat sanaladi. Hukumat kambag’al aholi to’y-ma’rakalarini ixchamlashtirish borasida 10 yil oldin maxsus qonun qabul qilgan bo’lsa ham, hashamatli ma’raka o’tkazganlar 300 dollargacha jarimaga tortilsa-da, hanuz xalq to’y-marosimlarini dabdaba bilan o’tkazishga odatlanib qolgandi.

Alal oqibat, bir necha oy oldin to’y-ma’rakalarni yanada ixchamlashtirish maqsadida eski qonunga birmuncha o’zgartirishlar kiritildi va bir oydirki, bu qonun amal qilmoqda.

Tojikiston: Dabdababozlikka qarshi qonun ish berayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:28 0:00

To’y-ma’rakalar xarajatini kamaytirish, qashshoqlikni bartaraf etish maqsadida 2007-yil yozida qabul qilingan maxsus qonunga ko’ra, oilada o’g’il bola tug’ilganda 20 kun orasida kasalxonaning o’zida davlat hisobidan xatna qilinadi. San'atkorlar ishtirokida o’g’il to’yi qilish taqiqlanadi, kelin olishganda charlar, quda chaqirish, xotin oshi, mushkulkusho, ta’ziyali xonadonlarda marhum xotirasi uchun uch, qirq va yil marosimlarida mol so’yib osh berish, dabdabali hoji ziyoratlari man etilgan, marosimlarda kiyinishda milliylikka xos e’tibor qaratilgan.

Qonunga amal qilmagan ba’zi bir amaldorlar jarima qilinib, mansablaridan ozod etilgan. Kuzatuvchilarning mushohadalariga ko’ra, bu qonun el orasida qashshoqlikni kamaytirishda o’z ta’sirini o’tkazmoqda.

Dushanbelik ziyoli Azizullo Mirzozoda aytadiki, qonun ba’zilar gapirayotgandek milliy kiyimda yurishni majburlamaydi, balki tavsiya etadi.

"Bizning o’zimizga xos milliy kiyimlarimizga e’tibor, agar bu fuqorolar manfaatiga mos ekan, albatta foydalikdir. Yoshlarimiz orasida, xususan, sana’t olamida g’arbga taqlid va ko’cha-ko'yda kiyinishda uslub-odoblarimizga zid ko’rinishlar ko’paygani hech kimga sir emas. Qonun bu kabi salbiy ko’rinishlarga chek qo’ymoqda, milliy qadriyatlarimizni tiklashga zamin yaratmoqda", - deydi Mirzozoda.

Sohani yaxshi bilgan ziyoli Musharrafa Jo’rayeva xotin-qizlar kiyinishida milliylikdan yiroq ko’rinishlarni tanqid qilarkan, hukumat ishlab chiqqan qonunning amaliy natijasi ayni muddaodir deb hisoblaydi.

"Ba’zida shunday xotin-qizlarni uchratasizki, kiyinish odobiga amal qilmaydilar. Ular afsuski, umuman kiyinish madaniyatidan bexabarlar. To’y-hashamlarda shunaqa kiyinishadiki, odam uyalib ketadi, gapirishgayam istihola qiladi odam, yangi qonun bu ko’rinishlarni cheklaydi", - deydi Musharrafa.

Elning asosiy qismi Tojikistonda hozir yangi qoidalardan xursand. Ba’zi ekspertlarning hisobicha, yangi qonun amal qilayotgan bir oy orasida xalqning kamida uch million dollardan ortiq mablag’i tejalgan, muhtoj oilalar iztirobli o’y-xayollardan forig’ bo’lgan.

So’g’dlik Saodat Normatova deydiki, qonun juda yaxshi, lekin marhumlar xotirasi uchun berib kelingan masalliqlar tortig’ining man etilishini u yoqlamaydi. Uning aytishicha, umuman olganda qonun xalq manfaati uchun durust ko’rinadi.

"To’ylarimiz oldin juda dabdabali edi, mushkulkusho, taxtzanoni bor edi, karnaylar, sana’tkorlar ishtirokida to’ylar. Masalan, puli bo’lmasa ham qarz ko’tarib, harakat qilishardiki, xalqdan qolmay deb. Bir kun qarindoshlarni chaqirib maslahat oshi bersa, ikkinchi kuni xatmlar qilgan, uchunchi kuni bazm! Hozir to’ylarimiz juda yaxshi, yengil bo’ldi, xalqimizda hozir sharoit qiyin, hamma o’zi zo’rg’a tirikchilik o’tkazmoqda. Ko’p yigitlar pul topaman deb Rossiyaga mehnat muhojiratiga ketmoqda, o’sha yerda nobud ham bo’lishmoqda, barchasi oila uchun. Mana kecha Rossiyadan qo’shmimizni o’ligi tobutda keldi, hozir pul topishni o’zi oson emas. Hozir o’g’il to’ylarida karnay chalish yo’q, artistlar yo’q, mushkulkusho, taxtzanon yo’q, o’zini qarindoshini chaqirib, 15-20 kishilik kichik xatm o’tkazishadi, bunga ruxsat bor. Lekin bir narsasiga qoyil qolmadim, masalan o’likda ota-ona farzandni katta qiladiyu, lekin uning vafotidan so’ng xalqqa osh yegizib, o’ligini hurmatini joyiga qo’ya olmayapti. Menga shu tarafi manga yoqmadi. To’ylarni qisqartirgani - 2000 somonga fata kiyadi! Nima kerak?! Ikki soatga 2000 somonga fata kiyib?! To’ylarning ixchamlashtirilgani, o’g’il to’ylarining qisqartirilgani xalqimizga ma’qul, hamma xursand", - deydi Saodat.

AQShning Nyu-York shahrida yashovchi, Amerika fuqaroligini olgan qizi va kuyovini ko’rishga borgan Barchin Hoshimova hatto Chikagoda millionerlar to’ylarini ixcham o’tkazishadi, Tojikistonda o’tgan ba’zi to’ylardan Amerika bankirlari yoqa ushlardi, hukumat juda to’g’ri ishtutdi, deb fikr yuritadi.

"Meni Chikagoda kuyovimning Pol degan o’rtog’i to’yiga taklif etdi. U yerdagi me’yor va sarishtalikdan hayron qoldim. Pol oyiga ishiga qarab, 40-50 mingdollar daromad qilar ekan, marosimi esa juda kamtarin. Ana shundan o’rnak olsak arziydi", - deydi Barchin.

Yaqinda gapjo’rasi to’yini o’tkazgan Hakimjon Ochilov fikricha, marosimlarni o’ta ixchamlashtirish serurug’ insonlar o’rtasidagi mehr-oqibatni oradan ko’tarishi mumkin, lekin azadorlarning xalqqa osh tarqatishini cheklash durust harakat.

"Hozir aka-uka, qavm-qarindosh, qo’ni-qo’shni, yoru-do’st orasida mehr-oqibat yo’qolmoqda. Bular hammasi, oshna-og'ayni, gapjo’ra, sinfdoshlar chetlanib qolmoqda, shunisi bor. Endi unaqa mol so’yib, dabdaba qilish emasu, lekin shuni sanog’ini hisobga olish zarur. Hozir biz oltita aka-ukalarmiz, har birimizda kamida to’rttadan quda-anda bor, birini aytib, boshqasi qolib ketsa xafa bo’ladi. Lekin ta’ziya marosimlarda dasturxon yozib, osh berish, sho’rva tortish, bularning man etilishi durust. Nima keragi bor shuni, odamlar marhum xotirasi uchun duoyi-fotiha qilgani keladimi, yo osh yeganimi? Hukumat to’ppa-to’g’ri ish tutdi. Ta’ziyali xonadonga borsangiz, qavm-qarindosh hammasi uyni oldida o’tirib olib, mana shunaqa qilib, o’qi o’zingni duyo-fotihangni! Sho’rvocha-po’rvocha umuman kerak emas, nokerak narsa mana shu. Mana shuni qilingani zo’r bo’ldi, shunga men besh ketdim", - deydi Hakimjon.

Ba’zilarning yangi qonun milliy kiyim kiyishni shart etadi degan fikrlarini Saodat Normatova xato tushuncha hisoblab, milliy qadriyatlarning qonunlashtirilishini juda o’rinli deb aytadi.

"Hamma yevropacha kiyimlar kiyib, tizzasi yirtiq shimlar, kalta yubkalar kiyib, hamma tamom o’ziga berilib ketgandi. Prezidentimiz Emomali Rahmon milliy kiyimda yuringlar deb juda to’g’ri aytmoqda. Bunda majburiylik yo’q, lekin aslida milliy kiyimga yetmaydi, men uchun bu yaxshi", - deydi u.

Tojikistonda to’y-ma’rakalarni ixchamlashtirishga qaratilgan qonunga kiritilgan o’zgartirishlar qo’shni respublikalarda ham nazarga tushib, xalq orasida tahsinga sazovor bo’layotgani hozir ochiq aytilmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG