Tashqi qarzlari respublika yalpi mahsulotining o’ttiz foizdan ortig’ini tashkil etgan Tojikiston aholisi yiliga 200 mingdan ortib bormoqda. Bu Markaziy Osiyodagi eng baland ko’rsatkich. Hozir sakkiz yarim millionga yetgan respublika aholisining olti millionga yaqini, ya’ni 70 foizini o’ttiz yoshgacha bo’lgan yoshlar tashkil etadi. Tojikistonliklar har qanday sharoitga qaramay, 2017-yilni xushnudlik bilan kuzatib, yangi yilni shodlik bilan qarshilamoqda.

2017-yil Tojikistonda yoshlarga bag’ishlangan edi va o’tgan bir yilda respublika hukumati yoshlar hayotiga katta e’tibor qaratdi, birgina maorif sohasiga 50 million dollarga yaqin mablag’ sarflanib, yangi 24 ming o’quvchi o’rni yaratildi.

Xalqao tashkilotlar bahosiga ko’ra, maorif taraqqiyotida Tojikiston dunyoning 101 davlati orasida ellik to’rtinchi o’rinni egallagan. Ishlab chiqarish mamlakatda oldingi yilga nisbatan 12 foizga ortgan.

So’g’dlik oliy toifali tarix o’qituvchisi Mahbuba Umrzoqova o’tgan yil o’z pedagogik faoliyatida rejalagan barcha maqsadlariga erishganini aytadi. Uning fikricha, Tojikistonda yoshlarga e’tibor har yilgidan ortgan, yoshlar malakali bilim olishga chanqoq.

"2017-yil maktabimiz hayotida juda katta o’zgarish bo’ldi, juda ko’p o’quvchilar olimpiada g’oliblari bo’lishdi. O’tgan yil respublikada yoshlar yili deb e’lon qilingani uchun yoshlarimizga e’tibor nihoyatda katta bo’ldi, juda ko’p sohalarda ularga yo’l ochildi. Maktablarda milliy test sinovlari tashkil etilgani ularning oliy o’quv yurtlariga kirishlarini osonlashtirdi. Oldingi yillardagiga nisbatan bir yarim barobar ko’proq o’quvchilarimiz oliy o’quv yurtlaridan joy olishdi. Shu o’tgan yilda xalq tadbirkorligi uchun juda yaxshi yo’l ochildi, odamlar o’zi istasa, harakat qilsa, hamma sohada ish yurita olishi mumkin. 2018-yilda birinchi navbatda o’quvchilarimizni chet davlatlar bilan aloqasini kuchaytirishga harakat qilaman, sababi, oldinlari biz juda ko’p davlatlar bilan aloqada bo’lganmiz, o’quvchilarimizni chet ellarda do’stlar orttirishini yo’ga qo’ya olsam, men o’z oldimga qo’ygan vazifaga erishdim deb hisoblardim, - deydi o’zbek muallimasi.

Ammo shu qatorda talaba o’quvchilar orasida mavjud sharoitdan norozilar ham uchraydi, ular shaharda ham, qishloqlarda ham bor.

O’n olti yoshli o’spirin Jahongirning fikicha, respublikdadagi aksar yoshlar hayotini quvonchli deb bo’lmayd.

"Agar o’z hayotim misolida aytadigan bo’lsam, yodda qoladigan biron narsa yo'q. Akam Rossiyaga mehnat muhojirligiga ketdi, qishloqlarda yoshlar uchun hamma narsa muhayyo deb aytolmayman. Sharoit og’ir. To’g’ri, Tojikistonda yangi zavodlar ishga tushdi, hammasiniyam yodda qoldirib bo’lmaydi. Lekin 2017-yil bir yomon tomoni bilan esda qolmoqda, So’g’d yoshlarining KVN komandasi raisi, jurnalist Xayrullo Mirsaidov qamoqqa olindi, bilmayman nega, ammo bu narsa yoshlarga salbiy ta’sir qiladi. Bolalar o’z orzulari amalga oshmasligini o’ylab ruhan siqiladi, harakatdan qolishi mumkin. 2018-yilda esa, chegara rayonida yashayotganim uchun, O’zbekistonga borib kelish osonlashishiga umid qilaman, chunki chegaradan o’tish azoblari ko’pchilikni qiynab qo’ygan. Rossiyadan akamdan tez-tez pul kelib turishini istayman, oilamiz tezoq uyga kelin tushirishni orzu qiladi", - deydi Jahongir.

O’zbek qishloqlaridan bo’lgan ziyoli Nodirjon Murodov boshqacharoq fikrlaydi.

"2017-yil tojikistonliklarga yanada keng ozodlik, erkinlikalar, imkoniyatlarga yo’l ochdi, chunki maktablarda, universitetlarda, chet el loyihalariga qatnashish kengaytirildi va natijada ko’pgina tanishlarim Amerikada, Yevropada o’qish imkoniyatlariga ega bo’lishdi. Yangi yilda esa chet ellarda mutaxassislik olish uchun yoshlarga yanada keng imkoniyatlar yaratiladi, deb orzu qilamiz. Masalan, Dushanbeda rossiyalik o’qituvchilar hamkorligida slavyan universiteti ish boshladi, xuddi shunday oliy o’quv yurtlari Amerika va Yevropa olimlari bilan hamkorlikda ochilishini istar edik", - deydi Nodirjon.

Tojikistonda o’tgan bir yil orasida 150 ga yaqin katta-kichik sanoat korxonalari qurilib, foydalanishga topshirildi, 3000 yangi ish o’rinlari yaratildi. Shunday bo’lsa-da, mas'ul tashkilotlarning xabaricha, respublikada 36 tur mahsulotlar ishlab chiqarilishi keskin kamaygan. Sabab - korxonalarning xom-ashyoga bo’lgan talabi atigi 20 foiz atrofida qondirilgan, xolos. Bu haqda mamlakat prezidenti Imomali Rahmon ham o’z chiqishlarida tanqidiy nazar bilan so’z yuritgan.

Yoshlar va sayyohlik yili deb belgilangan 2017-yilda Tojikistonga kirib keluvchilar uchun mamlakatda turish muddati uch kundan o’n kunga uzaytirildi. Turizm industriyasini rivojlantirish maqsadida respublika hukumati qoshida sayohatchilikni rivojlantirish davlat qo’mitasi ta’sis etildi. Sohani rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Shifokor Munavvara Qosimova aytadiki, respublikadagi Hoji Obi Garm, Shambari, Isfara va Bahoriston kabi sanatoriylar jahon talablariga mos xizmat ko’rsata oladi va inson salomatligini tiklovchi barcha tabiiy va zamonaviy vositalarga ega.

"Umid qilamanki, yangi 2017-yilda Tojikistonimizga endi Yevropa, Amerika va Osiyodan ko’plab sayohatchilar tashrif buyurishadi, - deydi shifokor Qosimova.

Sport va sana’t sohasi har qanday mamlakatni dunyoga tanitadi, yuksak marralarga egalik va ajoyib sana’t o’lkani mashhur qiladi.

Tojikistondagi Shukur Burhonov nomli yagona o’zbek musiqali drama teatrining xushovoz o’zbek xonandasi Baxtiyor Elmurodov bir necha yillik tanaffusdan so’ng yana sahnaga qaytdi. U aytadiki, san'at va sport xalqlarni birlashtiruvchi katta kuchdir, xalq esa yil sayin san'atga, ma’rifatga qaytmoqda, chunki farovonlik bor.

"O’tgan 2017-yilda xalq oldingi yillardagiga nisbatan ko’proq jalb bo’ldi, bir so’z bilan aytganda, tomoshabin teatrga qaytdi, mana shunisiga man juda xursandman. Yangi yildan esa umidlarimiz juda katta, chunki yildan-yilga xalqimiz farovon bo’lmoqda, kitobni ko’p o’qimoqda, yaxshi bilan yamonni farqiga hamma yetib bordi, shuni sezamanki, xalqimiz san’atga, teatrga, xususan, kitobga, madaniyatga yanada yaqin bo’ladi, bundan xursandman", - deydi tojikistonlik xushovoz xonanda Baxtiyor Elmurodov.

O’tgan 2017-yil necha yillardan so’ng elga uzluksiz elektr quvvati etkazib bera boshlangani bilan tojikistonliklar yodida qoldi. Elning asosiy orzularidan biri esa, yangi yilda qo’shni O’zbekiston bilan oradagi chegaraning ochilishi va viza tartibining bekor qilinishi bo’lib qolmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG