Breaking News

Xitoy Tayvanga siyosiy bosimni oshirmoqda


Tayvan prezidenti Ma Inzyu
Tayvan prezidenti Ma Inzyu
O’tmishdagi ikki dushman Xitoy va Tayvan so’nggi besh yil ichida savdo-sotiq va sarmoyalarga oid qator shartnomalar imzoladi. Endi esa Xitoy rahbariyati Tayvan bilan siyosiy muzokaralar boshlash istagini bildirmoqda. Ammo aksariyat kuzatuvchilar ikki taraf o’rtasidagi kelishmovchilik yaqin orada hal bo’lishiga ishonmayapti.

So’nggi 60 yil davomida Xitoy rahbariyati Tayvan bizga tegishli, deb kelgan. Yaqinda prezident Si Zinpin Tayvan rasmiylariga ikki taraf siyosiy ziddiyatlarni muhokama qilishi kerakligini aytdi. Bunday fikrni Xitoy rahbari Tayvan elchisiga Indoneziyadagi mintaqaviy iqtisodiy sammit doirasida bildirdi.

Orol davlat poytaxti Taybeydagi Chenchi universiteti professori, Xitoy bo’yicha mutaxassis Leonard Chu fikricha, Xitoy Tayvanga bosim o’tkazadi, Taybey esa bunga qarshilik ko’rsatadi.

“Den Syaopin mamlakatga rahbarlik qilganida ham biz Tayvanni qaytarib olamiz, derdi. Vaqti-soati kelib muzokara boshlashga majbur bo’lamiz va faqat iqtisodiy masalalar bilan cheklanmaymiz, deb aytardi. Siyosiy masalalarni ham muhokama qilish kerak. Si Zinpin aynan shunga intilmoqda, Tayvan esa vaqtni cho’zmoqchi,” - deydi Chu.

Xitoy va Tayvan 1940-yillardagi Xitoy fuqarolar urushi tugaganidan buyon alohida boshqarib kelinadi. Mojaro oqibatida Pekinda kommunistlar hokimiyatga kelgan, Tayvan esa Gomindan millatchilari qo’lida qolgan. Xitoy Tayvan orolini o’z hududi deb biladi. Uni o’ziga birlashtirish yo’lida kuch ishlatishdan ham toyimaydi.

Pekin “harbiy kuch ishlatamiz” deb so’nggi marta 2005-yilda aytgan. Uch yil o’tib tomonlar siyosiy kelishmovchiliklarni chetga surib qo’ydi va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga kirishdi. 2012-yilda Xitoydan 1,2 million sayyoh Tayvanga bordi. Bu umumiy turistlar sonining 35 foizi degani.

Pekin va Taybey o’rtasidagi so’nggi shartnomaga ko’ra, Tayvanda 64 xizmat sektori ochiladi, Xitoyda esa 80 ta. Biroq Tayvan parlamenti shartnoma yuzasidan bir to’xtamga kela olmayapti, bu esa Pekin rasmiylarini asabiylashtirmoqda.

Ko’plar fikricha, iqtisodiy hamkorlik orqali Xitoy asta-sekin orolni o’ziga qo’shib olish niyatida. Si Zinpinning kuni kecha qilgan bayonoti ham aynan shundan darak bermoqda. Pekin muzokaralarda sulh ham muhokama qilinishi kerak deb, Tayvanning ikki taraf aslida bir mamlakat ekanini tan olishini istaydi. Xitoy, shuningdek, Tayvan tashqi aloqalarini o’z nazorati ostiga olish niyatida.

“Tayvan tashqi aloqalari Xitoy tomonidan kuzatib boriladi. Agar Taybey xalqaro sahnada mustaqil qadam qo’ymoqchi bo’lsa, avval Xitoy bilan maslahatlashishi kerak bo’ladi,” - deydi Tayvan tadqiqotlar instituti vitse-prezidenti Lay Ichun.

Tayvan xalqi Xitoy bilan savdoni rivojlantirish tarafdori. O’tgan yili ikki tomonlama savdo-sotiq hajmi 121 milliard dollarni tashkil etdi.

Biroq aksariyat tayvanliklar Xitoy bilan siyosiy kelishuvga qarshi. Shu bois Tayvan prezidenti Ma Inzyuning reytingi ham pasayib ketdi.

Tayvandagi Tamkan universiteti professori Aleksander Xvan prezident Ma Inzyu har bir qadamini ehtiyokorlik bilan bosishi kerak, deydi:

“Uning reytingi juda past. Odamlar unga hamon ishonadi, lekin prezident har bir qadamini o’ylab bosishga majbur. Agar u Xitoy rahbari bilan uchrashsa, teng hamkor sifatida qabul qilinadimi yoki unga kichik ukadek qaraladimi? Xalq uchun shunisi muhim”.

Ma Inzyu Pekin bilan siyosiy muzokaralar qachon boshlanishini aniq aytishga shoshilmayapti. Ammo Xitoy iqtisodiy vazni shu qadar katta va u bilan hamkorlik Tayvan uchun shu qadar muhimki, rasmiy Taybey bir to’xtamga kelmasa bo’lmaydi. Hozircha kuzatuvchilar Tayvan rahbarining kelasi yili Xitoyga rasmiy tashrif bilan borish-bormaslik haqidagi qarorini kutmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG