Tramp Oq uydagi birinchi 100 kunda tashqi siyosatni qanchalik epladi?

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp uchun Oq uydagi birinchi 100 kun sinov va o'quv davri bo'ldi. Tashqi siyosat hamon shakllanmoqda. Yuzlab lavozimlarga hali yangi odamlar tayinlanmagan. Prezident Tramp olamshumul o'zgarishlar bo'ladi, deya bong urmoqda.

Oq uyda tashqi siyosat bilan mashg'ul idoralar hali to'liq ishlamayapti. Yangi kadrlarni izlash jarayoni davom etmoqda, yangi tayinlanganlar ishga kirishishi uchun vaqt kerak.

Dunyo bo'ylab esa Tramp endi nima qilar ekan degan vahima hukmron.

"New Yorker" siyosiy tahlil jurnali muharriri Deyvid Remnik so'zi bilan aytganda: “Tramp prezidentligining har kuni global tinchlikka xavfdek".

“Hozircha biror samarali ish qilinmadi", - deydi Jeyms Goldgayer, Vashingtonda tanilgan siyosatdonlardan biri.

VIDEO: Prezident Tramp fikricha, Oq uydagi har bir kun effektiv yakunlandi (inglizcha)

Saylov kampaniyasida berilgan va'dalar va aytilgan katta gaplar endi muhim emas, deydi Goldgayer, chunki Tramp tushunib yetayaptiki, global manzaraga ta'sir qilish, dunyoni o'zgartirish, siyosatni yangilash, qarorlar qilish va ular amaliyoti juda mashaqqatli jarayon.

Trampning Xitoy va Rossiyaga nisbatan yondashuvi yangilangan. U Xitoy bilan apoq-chapoq bo'lishga urinmoqda, lekin Rossiya bilan til topishishga harakat qilmayapti. Vaholanki, Tramp Pekinni jazolash, Moskvani esa tushunish yo'lidan borishga so'z bergan edi.

Prezident fikricha, uni 100 kunlik ishiga qarab baholash adolatsizlik va mantiqsizlikdir. Vaqt kerak, deydi u, lekin har bir kunning qadri va samarasi bor.

Oq uy
Oq uy

Tashqi siyosatda Tramp ma'muriyati "Islomiy davlat" ga qarshi kurash, Suriyadagi mojaro va Shimoliy Koreya solayotgan yadroviy tahdidga eng ustuvor masalalar deb qaramoqda.

Jim Karafano, konservativ tahlilchi:

"Yaqin Sharq va Osiyoda tinchlikni ta'minlash - eng muhim vazifa. Prezident Rossiyaga nisbatan yumshoq emas. Aksincha, Kreml olib borayotgan siyosatni dunyoning ko'plab qismlari uchun xavf deb hisoblaydi".

Karafano nazarida Tramp atrofiga kuchli shaxslarni to'plamoqda:

“Ichki xavfsizlik vaziri Jon Kelli, Mudofaa vaziri Jeyms Mattis, Davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchi H.R. Makmaster, Davlat kotibi Reks Tillerson va Adliya vaziri Jeff Seshns".

Prezident Donald Tramp Davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchisi, iste'fodagi general H.R. Makmaster bilan, Oq uy
Prezident Donald Tramp Davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchisi, iste'fodagi general H.R. Makmaster bilan, Oq uy

Ekspert tahlilicha, Suriya, Shimoliy Koreya va Afg'onistondagi og'ir ahvolga nisbatan zarur choralar ko'rishda Trampning maslakdoshlari ijobiy hissa qo'shmoqda.

Tramp pragmatik prezident bo'ladi, deydi tahlilchilar. Amerika manfaatlari birinchi o'rinda bo'ladi. Biror chora ko'rishdan oldin xavf va zarar sarhisob qilinadi. Foyda va zarar o'lchanadi. Chora ko'rilmagan taqdirda Amerikaga ta'siri qanchalik bo'lishi tahlil qilinadi.

Lekin Oq uyga ishonchsizlik ham kuchli. Prezidentning reytingi juda past. 40-45 foiz orasida. Siyosatdonlar ichida esa Tramp o'jar, o'zboshimcha va uzoqni o'ylamay fikrlaydigan rahbar deya tilga olinadi.

Suriya, Shimoliy Koreya yoki Afg'oniston, Tramp ma'muriyati bir tomondan kuch ishlatish haqida ogohlantirmoqda, boshqa tomondan esa murosa tarafdori ekanini aytmoqda. Bu avvalo ittifoqichilarni xavotirga soladi. Hamkor davlatlar asl niyatingizni bilishi shart, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG