Breaking News

Tramp aholiga iqtisodiy yordamni uzaytiruvchi farmon imzoladi


AQSh Kongressidagi demokrat qonunchilar va Oq uy o’rtasida koronavirus pandemiyasidan zarar ko’rgan aholiga yordam berishga qaratilgan muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolganidan so’ng Prezident Donald Tramp tashabbusni o’z qo’liga olib, iqtisodiy yordamni yil oxirigacha uzaytirishni ko’zlovchi farmon imzoladi.

Kongress mart oyida qabul qilgan yordam paketiga ko’ra, pandemiya sabab ishsiz qolgan millionlab odamlar 31-iyulgacha davlatdan har hafta 600 dollar miqdorida nafaqa oldi. Har ikki partiya qonunchilari chorani yangilash muhimligini aytdi.

Demokratlar haftalik nafaqani 600 dollar miqdorida saqlab qolishni, respublikachilar esa buncha pul odamlarni ishlash ishtiyoqidan qoldirishiga ishora qilib, uni 200 dollarga tushirishni taklif etdi. Tomonlar kelisha olmagach, Prezident Tramp tashabbusni o’z qo’liga olishga qaror qildi.

Tramp farmonida haftalik nafaqa yil oxirigacha 400 dollar deb belgilangan. 25 foizini shtatlar qoplashi kerakligi aytilgan.

Dunyo bo’ylab koronavirusga chalingan salkam 20 million odamning 5 milliondan ko’pi Amerikada.

Demokratlar Tramp farmonini tanqidga oldi.

“Donald Tramp ishidan ayrilgan 30 million ishchiga 600 dollarlik federal yordamni yangilay olmagani uchun noqonuniy farmonlari bilan odamlarni chalg’itishga urinmoqda. Bu biz bilgan Trampning klassik firibgarligi – o’zini go’yo rahbardek ko’rsatib, aslida yordamga nihoyatda muhtoj odamlarni o’marish”, - dedi Senat Moliya qo’mitasining Oregon shtatidan yetakchi demokrat a’zosi Ron Vayden.

AQSh konstitutsiyasiga ko’ra, federal xarajatlarni belgilash va taqsimlash Kongress zimmasida. Prezidentda bunday vakolat yo’q.

Trampning farmoni yillik daromadi 100 ming dollardan kam bo’lgan ishchilardan daromad solig’ini yil oxirigacha olishni to’xtatishni ham ko’zlaydi. Ishsiz qolib, maosh olmayotgan odamlarga buning ta’siri yo’q. Bunday choraga Kongressdagi respublikachilarning bir qismi qarshi. Senator Vayden buni ham firibgarlik deb atadi, chunki uning nazarida, bu soliqni kamaytirish emas, balki shunchaki to’xtatib turishdir.

“Keyinchalik ishchilar kattaroq soliq to’lashga majbur bo’ladi”, - dedi Vayden.

Farmon, shuningdek, ijara haqini to’lolmayotgan odamlarni uydan haydalishdan himoya qiladi, o’qish uchun olingan kredit to’lovlarini yopish muddatini uzaytiradi.

Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jo Bayden Tramp farmonidagi choralarni yarim tayyor mahsulotlar deb atab, soliq to’lovlarining to’xtatilishi ijtimoiy himoya jamg’armasiga pul o’z vaqtida tushmasligiga olib kelishini aytdi.

Senatda son jihatdan ustun respublikachilar sardori Mitch Makkonelning aytishicha, ishsizlikdan qiynalayotgan amerikaliklar yordamga muhtoj, demokratlar esa bema’ni talablari bilan muzokaralarni paysalga solmoqda.

Oq uy va Kongressdagi demokratlar taklif etayotgan yordam paketi 2 trillion dollarga farq qiladi.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumer agar respublikachilar taklif etayotgan bir trillion dollarlik yordam paketiga yana bir trillion dollar qo’shsa, demokratlar o’zlari taklif etayotgan 3,4 trillion dollarlik paketning salkam uchdan biridan voz kechishga tayyor ekanini bildirdi.

“Tramp farmonidan oilalarga deyarli foyda yo’q. Bundan tashqari, koronavirusga testlarni ko’paytirish, maktablarni qayta ochish, ochlikka yuz tutgan oilalarni oziq-ovqat bilan ta’minlash, shtat va mahalliy hukumatlarda ishlayotgan matonatli insonlar ishini kafolatlash, pochta xizmati va saylovlarimiz qonuniyligini himoya qilish, Amerika xalqining ko’plab boshqa ehtiyojlarini qondirishga kelganda bu choralar ojizlik qiladi”, - dedi Shumer.

Oq uy va demokrat qonunchilar o’rtasidagi muzokaralarning to’xtab qolgani o’quv yilini boshlash uchun hukumatdan moliyaviy yordam kutayotgan maktablarni umidsizlantirdi.

Bundan tashqari, Tramp farmonida demokratlar olg’a surayotgan boshqa choralar o’rin olmagan. Masalan, aholining bir qismiga 1200 dollar miqdorida bir martalik yordam pulini berish, puldan qiynalayotgan pochta xizmatiga qo’shimcha mablag’ ajratish hamda noyabrda bo’ladigan saylovlarni o’tkazish uchun shtatlarga pul berish.

Shu kungacha Kongressda koronavirus pandemiyasi bilan bog’liq jami salkam 3 trillion dollarlik to’rtta yordam paketi qabul qilingan. Konservativ siyosatchilar byudjet kamomadini keskin oshiruvchi yangi choralarga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG