Breaking News

Raqibidan ortda qolayotgan Tramp virusga jiddiyroq yondashmoqda


Koronavirus test markazi, Xyuston, Texas

Qo’shma Shtatlarda koronavirus tarqalgan sari Donald Trampning qayta saylanish ehtimoli pasayib bormoqda. 23-iyul kuni mamlakatda virusdan 1100 dan ortiq odam vafot etdi, uni yuqtirganlar 4 milliondan oshdi. Yangi infeksiyalar soni soatiga o’rtacha 2600 ni tashkil etmoqda, bu dunyodagi eng yuqori ko’rsatkich.

Prezidentlikka demokrat nomzod Jo Bayden ommaviy so’rovlarda, jumladan, saylov natijasini hal qiluvchi shtatlarda Trampdan 15 foiz oldinda. Keksalar, ayollar va mustaqil saylovchilardan muhim demografik guruhlar ham Baydenni tanlashini aytmoqda. 2016-yilda Tramp Pensilvaniya, Ogayo, Michigan va Floridada g’alaba qilib, Oq uyni qo’lga kiritgan edi.

Siyosiy tahlilchi Vilyam Galstonga ko’ra, prezidentga nisbatan norozilik oshib borayotgani pandemiya bilan bog’liq.

“2020-yilgi saylov Trampning inqirozni boshqara olish qobiliyatiga doir referendum deb ko’riladigan bo’lsa, natija yomonlashib boraveradi”, - deydi u.

Lekin, deya qo’shadi Galston, noyabrgacha siyosiy muhit o’zgarishi, pandemiya nazoratga olinsa va Bayden biror katta xatoga yo’l qo’ysa, Trampning reytingi ko’tarilishi mumkin.

Siyosiy voqelik

Tramp 2016-yilgi so’rovlarda ham orqada bo’lganini eslatib so’rovlarga ishonmasligini aytsa-da, kampaniyasida o’zgarishlar qilayotgani, virusga jiddiyroq yondasha boshlagani sezilmoqda.

Prezident o’tgan hafta 74000 infeksiya aniqlangan shtatda, Floridada o’tishi rejalangan Respublikachilar partiyasi qurultoyini kutilmaganda bekor qildi. Bu an’anaviy tadbirda partiya prezidentlikka nomzodini rasman tanishtiradi. Tramp tadbir virtual shaklda o’tishini aytmoqda.

“Amerika xalqini himoya qilishim kerak. Doimo shunday qilganman va qilaman”, - dedi prezident.

Trampning iyun oyida Oklaxomadagi gavjum siyosiy yig’ini, iyulda esa Janubiy Dakotada Mustaqillik bayramini nishonlashi ketidan bir necha kishi, jumladan, prezidentning kelini koronavirusni yuqtirgan edi.

Demokratik partiyaning kelasi oy Viskonsinda o’tishi rejalangan qurultoyi ham virtual formatda o’tadi, delegatlar masofadan ovoz beradi. Jo Bayden masofa saqlash qoidalariga rioya qilgan holda kichik tadbir o’tkazib, nomzodlikni rasman qabul qilishi kutilmoqda.

Pandemiyaga e’tibor

Oq uyda koronavirus bo’yicha brifinglarni qayta boshlagan prezident shu hafta “vaziyat o’nglanishidan oldin yanada yomonlashadi”, deya tan oldi. Amerikaliklarni niqob taqishga, masofa saqlashga undadi. Tramp hatto ilk bor o’zi niqob taqib, rasmini “Twitter” sahifasiga joylashtirdi va buni vatanparvarlik deb ta’rifladi.

AQSh rahbari shu paytgacha pandemiyani jiddiy qabul qilishdan bosh tortib kelayotgan edi. Florida va Texas kabi shtatlarda kasalxonalar bemorlar bilan to’lib ketganiga qaramasdan u virus bir kun kelib “yo’qoladi” deya, mahalliy rahbarlardan cheklovlarni bekor qilishni, bizneslarni qayta ochishni talab qilgan.

Tramp, shuningdek, demokratlarni siyosiy sabablarga ko’ra maktablarning yopiq qolishini istayotganlikda ayblagan, qayta ochilmayotgan maktablarga moliyani kesamiz deb po’pisa qilgan.

Endi esa prezident koronavirus o’choqlari hisoblangan shtatlarda maktablar ochilishi bir necha haftaga kechikishini aytmoqda. Pandemiyani samarali vaksina orqali tugatish strategiyasini ishlab chiqayapmiz, deydi Tramp.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG