Breaking News

Prezident Tramp fuqarolik taklifini yoqlashi mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Tramp ma’muriyati deportatsiya bilan yuzlashayotgan minglab yoshlarga fuqarolik beruvchi qonun loyihasini ko'rib chiqishi mumkin, ammo hali bir to'xtamga kelmadik, deydi AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kirsten Nilsen. Chegarada devor qurish ham hukumat uchun dolzarb masala.

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kirsten Nilsen
AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kirsten Nilsen

Vaqtinchalik immigratsion maqomga ega odamlarga muayyan shartlar asosida fuqarolik taklif etiladimi, yoki doimiy yashash huquqi beriladimi, Kongress bularni ko'rib chiqmoqda, dedi vazir.

Prezident Donald Tramp fuqarolik taklifini yoqlashi mumkinmi?

“Menimcha, prezident turli variantlarni muhokama qilishga ochiq, biroq Oq uy bir qarorga kelmagan", - deydi Kirsten Nilsen.

Gap Amerikaga bolaligida hujjatsiz olib kelingan va shu yurtda ulg'aygan yoshlar haqida ketmoqda. Tramp 2017-yilning sentabrida ularni deportatsiyadan himoya qiluvchi DACA dasturini tugatgan. Endi ular taqdiri Kongress zimmasida, 2018-yil martgacha muhlat belgilangan.

Vazirga ko'ra, immigratsiya siyosatini tubdan o’zgartirish, Meksika va Amerika o’rtasida devor qurish birlamchi masala. Amerika xalqi shuni istaydi, deydi Nilsen.

Hozirda Kaliforniya shtatining Meksika bilan chegaradosh San-Diyego shahrida devor nusxalari qurilmoqda. Tramp qurilish uchun bu yili 1,6 milliard dollar, 2019-yilda esa yana shuncha ajratilishini so'ramoqda.

"Bu boshlang’ich xarajatlar. Shugina mablag’ bilan devor bitmaydi”, - deydi Nilsen.

Kongressdagi demokratlar prezidentning rejalariga qarshi. Hozirda AQSh-Meksika chegarasining 1046 kilometrida to'siqlar mavjud - asosan Jorj Bush prezidentligi davrida qurilgan.

Ichki xavfsizlik vaziri fikricha, hujjatsiz muhojirlarning barchasini doimiy himoya bilan ta'minlashning iloji yo’q. Ularga qandaydir doimiy immigratsion maqom berilishini haqida gap ketayotgan ekan, masala qanday yechim topishi hamon mavhum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG