Breaking News

Tramp hujumlari matbuotga bo’lgan ishonchni yemirmoqda


Oq uy brifing xonasi

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi olib borgan izlanish natijasiga ko’ra, AQSh Prezidenti Donald Trampning matbuotga hujumlari matbuotga bo’lgan ishonchni yemirishga hissa qo’shmoqda.

Tashkilot 40 dan ortiq jurnalist, matbuot sohasi yuristlari, tahlilchilar va Oq uy ma’muriyati a’zolari bilan gaplashgan. Ba’zilari Amerikada matbuot erkinligi xavf ostida ekanini aytib, Trampning matbuotga hujumlari xorijdagi avtokrat rahbarlarni ham o’z mamlakatlarida jurnalistlarni obro’sizlantirish va cheklashga undayotganiga e’tibor qaratadi.

"Ba’zilari hatto Trampdan o’tib tushyapti, matbuot faoliyatini cheklab, muxbirlarni hibsga olmoqda”, - deydi izlanish muallifi va “Vashington Post” gazetasining sobiq bosh muharriri Leonard Dauni.

Unga ko’ra, ba’zi hollarda ular hatto Trampdek gapirmoqda, masalan, xabarlarni soxta deb.

“Bu rahbarlarning o’z qilmishlarini oqlash uchun AQShni misol qilib ko’rsatishining xavotirli tarafi shuki, konstitutsiyamizda [so’z va matbuot erkinligini kafolatlovchi] birinchi tuzatish bor, ularda esa yo’q”, - deydi hozir Arizona davlat universitetida jurnalistikadan dars berayotgan Dauni.

U olib borgan izlanishga ko'ra, Oq uy hukumatdan axborot olishga chek qo’ymoqda, jurnalistlar va axborot manbalariga qarshi huquqiy da’volar ochmoqda, tuhmat haqidagi qonunni o’zgartirishga chaqirmoqda.

Oq uy bu xulosalarga izoh berganicha yo'q.

So’nggi uch yilda, deyiladi tahlilda, jurnalistlarga nisbatan tahdidlar yangragan. Masalan, “The Boston Globe” gazetasi va CNN telekanaliga o’lim tahdidlari tushgan, 2018-yilda kanalning Nyu-Yorkdagi idoralari va Demokratik partiya vakillariga qo’lbola bombalar yuborilgan.

Oq uy axborot xizmati sobiq direktori Maykl Dubkening hisobotda aytishicha, matbuotda Tramp haqidagi xabarlarning aksariyati salbiy bo’lgani uchun prezident jurnalistlarni xush ko’rmaydi.

“Trampning iqtisodiyot va tashqi siyosat bobidagi yutuqlari yoritilmaydi. Prezidentlikdan oldin Nyu-Yorkdan turib qurilishlar bilan shug’ullangan Trampning matbuot bilan aloqalari a’lo darajada bo’lgan, shuning uchun ham hozir matbuotning unga salbiy munosabati davlat rahbarini ajablantiryapti”, - deydi Dubke.

Unga ko’ra, Tramp doim matbuot bilan gaplashishga tayyor bo’lgan.

Izlanishga mualliflik qilgan Dauni Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining 2013-yilgi hisobotini ham tayyorlab, sobiq prezident Barak Obamaning matbuot bilan munosabatini tahlil qilgan edi. Eng so’nggi hisobotda Dauni ikki ma’muriyatni bu borada qiyoslaydi.

Masalan, so’nggi uch yilda Tramp ma’muriyatining ma’lumotni matbuotga beruxsat uzatgan sakkiz xodimiga qarshi tergov ishi ochilgan. Obamaning sakkiz yillik prezidentligi davrida esa 10 ta shunday holat qayd etilgan edi.

“Adliya vazirligining Tramp ko’rsatmasiga ko’ra ko’p sonli axborot manbalariga qarshi da’volarida Obama ma’muriyatini ayblash kerak, chunki u Tramp ma’muriyatiga bu ishni qanday qilish kerakligini ko’rsatdi”, - deydi “Vashington Post” gazetasi sharhlovchisi Margaret Sullivan.

1970-yillar boshida Prezident Richard Niksonga qarshi impichment tergovini olib borgan Kongress Vakillar palatasining Adliya qo’mitasiga huquqiy maslahatlar bergan Maykl Konveyning aytishicha, Trampning matbuotga hujumlari Niksonnikidan qattiqroq bo’lib, matbuotni yemirmoqda.

O’sha paytdagi impichment jarayoniga doir maqolalarni “Vashington Post” gazetasi uchun tahrir qilgan Dauni ham bu fikrga qo’shiladi.

“Nikson aksariyat hujumlarini “Vashington Post”ga qarshi qaratgan. Ishlash qiyin bo’lgan, ammo hozirgiday jamoatchilikning matbuotga nisbatan fikriga ta’sir qilmagan”, - deydi u.

Daunining aytishicha, u paytda gazeta mamlakat bo’ylab nashr etilmas edi, xalq uchun Nikson nima degani va gazeta uni qanday yoritganini xulosa qilish oson bo’lmagan va shu sabab matbuotga nisbatan, umuman olganda, hozirgiday keng ko’lamli ishonchsizlik bo’lmagan.

“Niksonning matbuot organlaridan norozi tarafdorlari bo’lgan, albatta, ammo matbuot uzatayotgan axborotga hozirgiday shubha bilan qaralmagan. Prezidentning o’sha paytda matbuotga nisbatan aytgan eng yomon va achchiq gaplari ochiq yangramas, Oq uy doirasida aytilar edi”, - deydi Dauni.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG