Breaking News

Tramp: Soliqlarni kamaytirsak iqtisod o'sadi


Tramp Missurida
Tramp Missurida

AQSh Prezidenti Donald Tramp soliq tizimini isloh qilishga kirishar ekan, Missuri shtatiga borib, tarafdorlariga rejasini tushuntirib berdi. Unga ko’ra, yangi tizim iqtisodiy o’sishni kuchaytirib, oddiy amerikaliklarga yordam bo’ladi.

Tramp Kongressdagi qonunchilarga murojaat qilib, partiyaviy bahslarni yig’ishtirishga, soliq tizimi islohotini amalga oshirishda birgalikda ishlashga chaqirdi. Prezident kompaniyalarga soliqlarni 35 foizdan 15 foizga tushirishni, fuqarolar solig’ini ham ancha yengillashtirishni taklif etmoqda.

Amerika ishchilari bilan uchrashish uchun Missurining Springfild shahriga borgan Trampni tarafdorlari ham, tanqidchilari ham kutib oldi.

“Ma’muriyatim yangicha iqtisodiy model ishlab chiqdi. U oddiy nomlanadi – Amerikacha model. Unga ko’ra, biz kompaniyalarni Amerikada ishchi yollab, Amerikada mahsulot ishlab chiqarishga, amerikalik ishchilar maoshini oshirishga, shaharlarimizni qayta qurishda yordam berishga undaymiz”, - deydi Amerika rahbari.

Kompaniyalarni AQShda ish qilishga qiziqtirish uchun, deydi Tramp, korporativ soliqlarni tushirib, qog’ozbozlikni kamaytirish kerak. Shunda trillion, trillion dollar qaytib kelib, milliardlab dollarlik sarmoya jalb qilinadi.

“Mehnatsevar amerikaliklar uchun soliq tizimini chinakamiga isloh qilish uchun yagona imkoniyat bor bizda. Men Kongress bilan bu borada hamkorlik qilishga tayyorman. Kongress ham meni ranjitmaydi degan umiddaman”, - dedi prezident.

Tramp tarafdorlariga reja manzur.

"Soliqlarni tushirmoqchi! Uni shunga hurmat qilaman. Amerikaning ko’zini ochyapti Tramp”, - deydi biri.

Biroq ba’zi ischilar Trampga ishonmaydi.

“Oziq-ovqat kuponlariga muhtojman. Haftasiga 50 soat ishlayman, shunda ham oilani boqish uchun davlatdan kupon olishga majburman. Tibbiy sug’urta kompaniyasi keyingi yilga men bilan ishlamoqchi emas. Sug’urtasiz qoldim endi. Tramp saylanmasidan oldin bor edi, demak, hamma ayb unda”, - deydi Steysi ismli ayol.

Prezident taklif etayotgan soliq tizimi islohoti murakkab va tahlikali jarayon. Qonunchilar uchun oson ish emas bu. Tanqidchilarga ko’ra, yangi tizimdan, asosan, boylar naf ko’radi, islohot iqtisodiy taraqqiyotga turtki bera olmaydi. Yaqin oylarda bu mavzu Kongressda jiddiy munozaralarni keltirib chiqarishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG