Breaking News

Erdog'an iqtisodiy siyosatiga tuzatish kiritishi mumkin


O’tgan shanba kuni Turkiyada ikkinchi vitse-prezidentlikka tayinlangan Javdat Yilmaz mamlakat oldida turgan asosiy vazifa iqtisodiyotni tiklash deb aytdi. Turkiya yuzlashayotgan iqtisodiy va moliyaviy muammolarni hal qilish uchun moliya vaziri lavozimiga Britaniya, Germaniya, AQShda ishlagan Mehmet Shimshek tayinlandi.

Xalqaro hayot - 7-iyun, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:47 0:00

Tahlilchilar sobiq bosh vazir o’rinbosari Shimshekning yangi vazirlar mahkamasiga taklif etilganini keskin burilish deya ko’rmoqda. Prezident Rajab Toyib Erdog’anning rasmiy manbalarga ko’ra 40 foizga ko’tarilgan inflyatsiyani foiz stavkalarini oshirish emas, balki tushirish orqali kamaytirishga qaratilgan noan’anaviy yondashuvi ish bermadi. Shimshek an’anaviy iqtisodiy siyosat tarafdorlaridan.

“Shimshekning moliya vaziri lavozimiga tayinlanishi Erdog’anning iqtisodiy siyosatida 180 daraja burilishdir. Oxirgi 10 yildan oshiq davr mobaynida Erdog’an noan’anaviy iqtisodiy siyosat yuritdi. Erdog’an mahkamasida ilgari ham ishlagan Shimshek bunday siyosatga qo’shilmasdan hukumatni tark etgan edi. Uning qaytib kelishi Erdog’an yondashuvini o’zgartirishi kerakligini anglab yetganidan dalolatdir”, - deydi londonlik moliyachi Timoti Esh.

Ko’plar nazarida, Erdog’anning foiz stavkasini past ushlab turgani inflyatsiyaning oshishiga sabab bo’lgan. Bundan savdogarlar ham, xaridorlar ham birday zarar ko’rmoqda.

“Hammaning xarid qilish quvvati pasayib bormoqda. Ayniqsa buni bozorga meva va sabzavot chiqqanda yaqqol ko’rsa bo’ladi”, - deydi bir sotuvchi.

Erdog’an qayta saylanganidan beri turk lirasi yanada qadrsizlandi. Milliy valyutani qo’llab-quvvatlash uchun hukumat xorijiy valyuta zaxiralarini sarflamoqda. 2022-yil oxiridan beri Markaziy bankning valyuta zaxiralari 25 milliard dollarga qisqargan.

Hukumat yo’qotishlarni yoz mavsumida xorijiy sayyohlar hisobiga qoplashga umid qilmoqda, ammo tahlilchilar buning uchun vaqt g’animat ekanini aytadi.

“Turkiya juda tez sur’atlarda valyuta inqiroziga qarab ketmoqda. Yoki rasmiyroq qilib aytadigan bo’lsak, to’lov balansi inqiroziga qarab. Iqtisodiy siyosatda katta, jiddiy va ishonchli o’zgarish bo’lmas ekan, qishdan eson-omon chiqish amri mahol bo’ladi”, - deydi tahlilchi Atilla Yeshilada.

Xorijiy sarmoyalarni oshirish uchun foiz stavkalarini ko’tarish tavsiya qilinmoqda. Bu Turkiyaning G’arb mamlakatlari bilan aloqalarini ham yaxshilashi mumkinligi aytiladi.

“An’anaviy iqtisodiy siyosatga qaytish G’arb bozorlari, G’arb kreditorlari, moliyaviy institutlarining ahamiyatiga urg’u beradi. Biroq bu tashqi siyosatning siyosiy jihatiga ta’sir qilar ehtimol”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universiteti professori Serhat Guvench.

Inflyatsiyani foiz stavkalarini oshirish orqali jilovlash og’riqli jarayon, iqtisodiy o’sishni sekinlashtiradi, Turkiyaning arzon pulga bog'liq yirik qurilish sanoatiga zarba beradi. Sanoatning Erdog’anga yaqinligini hisobga olganda esa an’anaviy iqtisodiy siyosatga qaytiladimi, yo’q, hozircha ma’lum emas.

“Xavotir shuki, bunday qattiq siyosatdan olti oyda va kelasi yil boshida bo’ladigan mahalliy saylovlargacha charchoq yuzaga kelishi va siyosat o’zgarishi mumkin. Bu esa vazir Shimshekka bosim qo’yishi va hatto uning ishdan olinishiga olib kelishi mumkin”, - deydi Timoti Esh.

Erdog’an Istanbul hokimligini muxolifatdan olib qo’yish ustuvor vazifalaridan biri ekanini aytib kelarkan, siyosat ustun keladimi yoki iqtisodiy ustuvorliklar, kelasi yil 31-martiga belgilangan mahalliy saylovlargacha aniq bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG