Breaking News

Turkiya-AQSh rishtalari kurdlar sabab yanada chigallashgan


Kurd jangchilar, Raqqa, Suriya
Kurd jangchilar, Raqqa, Suriya

Amerika Suriyada terroristlarni quvvatlamoqda, deya norozi Turkiya Vashington bilan deyarli gaplashmay qo'ygan. Rishtalar muzlab qolganini yuqori darajali rasmiylar ham tasdiqlaydi. Kurdlarni moylash AQShga qimmatga tushadi, deya ogohlantirmoqda Anqara.

Iste'fodagi turk diplomati Aydin Seljen deydiki, Suriyadagi mojaroga aralashgan tomonlar Turkiya bilan til topishishga majbur. Bag'dod va Vashingtonda ishlagan diplomat nazarida Tramp ma'muriyati kurd jangarilarini nima uchun quvvatlayotganini Anqaraga asoslab berishi kerak.

Kurdlarni separatizmda ayblab kelayotgan Turkiya ular hech bir yerda kuchayishini istamaydi.

YPG, kurd jangchilari, Suriya-Turkiya chegarasida
YPG, kurd jangchilari, Suriya-Turkiya chegarasida

Qisqacha YPG nomini olgan kurdlar guruhi o'zini Suriyada erkinlik uchun kurashayotgan tomon deb biladi. Amerika hukumati nazarida "Islomiy davlat"ni yer tishlatishda ularning roli katta. Lekin Turkiya ko'zida bu to'da PKK, ya'ni Kurdiston Ishchilar Partiyasi suyangan guruh bo'lib, Anqarani dushman deb hisoblaydi.

“PKK marksist-leninist tashkilotdir. AQSh esa uni qurollantirmoqda, treningdan o'tkazmoqda." - deydi Ibrohim Kalin, Turkiya rahbariyati so'zlovchisi.

PKKni Vashington terrorist organ deb ataydi. YPG, AQSh tahlilicha, PKKga bog'liq emas.

YPG Raqqani "Islomiy davlat"dan tozalash payida. Agar bunga erishsa, Amerikaning Turkiya oldida boshi baland va tili o'tkirroq bo'ladi, aks holda rishtalar murakkablashaveradi, deydi Chingiz Aktar, turk eksperti.

Kurd jangchilar Raqqani "Islomiy davlat"dan tozalashga bel bog'lagan
Kurd jangchilar Raqqani "Islomiy davlat"dan tozalashga bel bog'lagan

Birinchidan, Anqara AQSh YPGni qurollantirishni bas qilishini istaydi. Ikkinchidan esa Raqqa "Islomiy davlat"dan butkul ozod etilsa, u sunniylar qo'liga o'tishini xohlaydi.

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis yaqin kunlarda Anqaraga borganida shu masalalar muhokamada bo'lishi kutilmoqda.

Biroq Raqqada kurashayotganlarning aksariyati kurdlar. Ular esa, deydi turklar, bu hudud uchun begona. Anqara Suriyaning bu qismida kurdlar ildiz otishiga yo'l qo'ymoqchi emas. Prezident Rajab Toyyip Erdog'an maxsus operatsiyalar orqali ularning ta'sir kuchini kamaytirishni buyurgan. Kurdlar makoni bo'lmish Afrinda bir necha amaliyot olib borilgan. Raqqa va Idlibda ham shunday qilinishi mumkin. Turkiya Rossiya va Eron bilan hamkorlikda Suriyada tinchlikka erishish tashabbusiga bosh qo'shgan.

Afrin - kurdlar shahri, Suriya
Afrin - kurdlar shahri, Suriya

Amerika Idlibda jihodchilar yig'ilib olgan deya xavotirda. 10 mingga yaqin al-qoidachi bor, deb taxmin qilinadi. Rossiya va Turkiya AQSh Idlibga tegmasin, deb keladi va kelajakda ham shunday fikrda qolsa kerak, deydi vaziyat bilan tanish tahlilchilar.

Iroq Kurdistonida kelasi oy referendum o'tkaziladi. Undan fuqarolar mustaqillik orzusi yuzasidan ovoz beradi. Natija AQSh va Turkiya siyosatiga ta'sir qilsa ajab emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG