Breaking News

Erdog'an Amerika sudi qarorini qoraladi


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an o’z soqchilarining AQSh sudi tomonidan sirtdan jazoga tortilganini qoralamoqda. Erdog’anning may oyida Vashingtonga safari chog’ida uning tarafdorlari va tanqidchilari to’qnashib, mushtlashuvda xavfsizlik xizmati xodimlari ham qatnashgan edi.

Amerika sudi jinoiy ish qo’zg’atib, 19 kishini, jumladan Erdog’anning 15 soqchisini aybdor deb topdi. Erdog’an AQSh adliyasi ishini qoraladi.

May oyidagi voqea Turkiya elchixonasi oldida ro’y bergan. Mahalliy kurdlar va armanlar Turkiya va Erdog’anga qarshi shiorlar hayqirdi. Turkiya rahbariga ko’ra, namoyishchilar uning xavfsizligiga tahdid solayotganiga qaramay, AQSh politsiyasi chora ko’rmay chetda qarab turgan.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson sud qarorini olqishladi. Uning aytishicha, so’z erkinligi va qonun doirasidagi siyosiy harakatlarga qarshi tahdid va zo’ravonlikka qo’l urayotgan odamlarga bu mamlakatda toqat qilinmaydi.

NATOga a’zo ikki ittifoqchi davlat o’rtasidagi aloqalar Fathulla Gulen sabab taranglashgan. Erdog’an AQShda yashayotgan sobiq imomni Turkiyadagi tarafdorlari orqali davlat to’ntarishiga harakat qilganlikda, Turkiyada terror tashkilotiga bosh bo’lganlikda ayblaydi.

Erdog’anning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Gulenni o’z hududida saqlab, uni Turkiyaga chiqarishdan bosh tortayotgani yetmaganday endi uning soqchilariga qarshi hukm ham chiqargan.

“Qo’shma Shtatlar Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) terror tashkilotini himoyasiga olgan mamlakatga aylandi”, - dedi Erdog’an.

Vashington suriyalik kurdlarning “Islomiy davlat” to’dasi jangarilariga qarshi kurashda qo’llab-quvvatlarkan, Anqara suriyalik kurdlarni PKKga aloqador deb biladi.

“AQSh nima qilayotganini tushunmayapman”, - deydi Erdog’an.

76 yashar Gulen tashkil qilgan va moliyalagan “Xizmat” tashkilotiga, ba’zi hisoblarga ko’ra, uch milliondan olti milliongacha odam a’zo. Ular orasida davlat xizmatchilari, harbiylar, bank xodimlari, jurnalistlar, universitet olimlari va boshqalar bor. Turkiyada 2016-yil iyulida amalga oshmay qolgan davlat to’ntarishi ketidan gulenchi deb bilingan 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisi ishdan olindi, 50 ming odam qamoqqa tashlandi, 500 kishi, jumladan, yuqori unvonli generallar sud qilinmoqda.

Gulen tashkilotining 100 dan ortiq mamlakatda maktablari, madaniy markazlari va til o’rgatish dasturlari ishlaydi. Amerikaning 28 ta shtatida 140 ta ana shunday maktab bor. Ba’zilarida islom dini o’rgatiladi, boshqalarida esa dunyoviy fanlar.

Tanqidchilarga ko’ra, Gulen tashkilotining bunday maktablardan maqsadi shuki, kelajakda talabalarni davlat ishlariga joylab, ulardan o’z manfaatlari yo’lida foydalanish. Turkiyada bunday tizim davlat ichidagi davlat deb ataladi.

Boshqalar nazarida esa, “Xizmat” maktablari ayrim mamlakatlarda yoshlarni mutaassiblikka o’rgatuvchi madrasalarga muqobil o'quv maskani sifatida ko’rinadi.

“Ayniqsa, radikal guruhlar o’quvchi qizlarni nishonga olayotgan Nigeriya, Pokiston va Afg’onistonda Gulen maktablari yigit-qizlarga ta’lim imkoniyatlarini taklif etadi”, - deydi “Xizmat” vakillari.

Gulen 1999-yildan beri AQShning Pensilvaniya shtatida yashaydi. Qo’shma Shtatlar uni Turkiyaga ekstraditsiya qilishga asos yo’qligini aytib, Turkiya yuborgan ayblov qog’ozlarini jiddiy qabul qilmadi.

Turkiya hukumati bosimi ostida ayrim mamlakatlarda Gulen maktablari yopildi, ularda ta’lim olgan Qirg’iziston fuqarolari va oilalariga turk vizasi berilmay qo’ydi. Bishkek noroziligini bildirdi.

Saudiya Arabistoni va Malayziya hukumatlari Gulen maktablarining turk o’qituvchilari va xodimlarini Turkiyaga deportatsiya qildi, Turkmanistonda 18 gulenchi qamaldi. Angola, Ruanda, O’zbekistonda ham bunday maktablar yopildi.

Ammo boshqa mamlakatlar Turkiya bosimiga parvo qilmadi. Masalan, Gruziyada olti maktab hamon ochiq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG