Atambayev AQSh va Rossiya, temir yo’l, turk litseylari haqida gapirdi


Issiqko’l sohilida joylashgan oromgoh Cho’lponota shahrida Qirg’iziston Prezidenti Almazbek Atambayevning yozgi katta matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Uch soat davom etgan an’anaviy muloqot paytida davlat rahbari qator muhim bayonotlar bilan chiqdi.

Ma’lumki, joriy yil kuzda Qirg’izistonda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Kuzatuvchilar fikricha, matbuot anjumanida yangragan ma’lumot va mulohazalarni vakolati tugayotgan yurtboshining o’ziga xos hisoboti, deya qabul qilish mumkin.

Jurnalistlar bilan suhbat paytida ichki va tashqi siyosat, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy loyihalar, yaqinlashayotgan saylov, harbiy sohada hamkorlik kabi ko’plab dolzarb masalalar ko’tarildi.

Saylovlar borasida so’z ketganda Atambayev hokimiyatni yangi rahbariyatga tinch va osoyishtalik bilan o’tkazishga kafolat beraman, deya ta’kidladi. Uningcha, saylovda ma’muriy resurslarga o’rin bo’lmaydi.

Prezident ta’biricha, yangi davlat rahbari og’zi botir fuqaro jamiyati, “o’tkir tishli” jurnalistlar nazoratida bo’ladiki, bu yaxshi hol.

Keyingi oylarda qalam ahli bilan ko’p tortishgan prezident matbuotning talabchan va xolis nigohi zarurligini urg’uladi.

Rossiya va AQSh bilan munosabatlar haqida berilgan savolga javoban Atambayev Amerikaning Davlat departamenti, xususan, Qirg’izistonda demokratiya borasida olib borgan siyosatga nisbatan iliq tuyg’uda emasligini aytdi. Uningcha, “Manas” aeroportidan AQSh harbiy bazasi chiqarib yuborilishi ortidan Vashingtondan do’q-po’pisalar yangragan, oraga sovuqlik tushgan.

U, shuningdek, Rossiya hukumatidagi ayrim amaldorlarga ham yoqmasligini aytdi.

“Ko’p vazirlar menga do’stona boqmaydi. Qantdagi aviabaza borasida shartnoma 74 yilga tuzilgan edi. Biz uni 15 yilga tushirdik. Rus generallari meni bu uchun yaxshi ko’rdi, deysizmi?”, - dedi Atambayev.

Ayni paytda prezident nega Rossiyaga Qirg’izistonda yana bir harbiy baza ochishni taklif qilganini tushuntirib berdi. Avvalroq matbuotda Bishkek qirg’iz-tojik davlat chegarasi yaqinida harbiy baza qurish taklifini olg’a surganini ma’lum qilgan edi. Atambayevning aytishicha, bu Qirg’iziston xavfsizligini ta’minlash uchun muhim.

“Albatta, Moskva o’ylab ko’rishi kerak, chunki harbiy baza qurish katta mablag’ talab qiladi”, - dedi u.

Qirg’ziston rahbari Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’li loyihasiga to’xtaldi.

“Avvalidan bu bizning loyiha emasdi. Jalolobod shahri orqali o’tishi mo’ljallangan yo’l to’g’ridan-tog’ri Xitoydan O’zbekistonga yuk tashishga xizmat qilardi. Shuning uchun biz Qirg’iziston hududini kesib o’tuvchi uzunroq yo’nalishni taklif qildik”, - dedi prezident.

Uning aytishicha, Xitoy tarafi ham, O’zbekiston rahbariyati ham rasmiy Bishkek argumentlarini tushungandek bo’ldi.

Prezident Qirg’zistonda faoliyat yuritayotgan “Sebat” turk o’quv yurtlari yopilmasligini ta’kidladi. Ma’lumki, Anqara ushbu litseylarda Fathulla Gulen ta’siri bor, deya ularning faoliyatini to’xtatishni so’ragan edi. Atambayevning ma’lum qilishicha, ushbu o’quv dargohlarida sifatli bilim beriladi. Hozirga ularning 35 foizi ta’lim va fan vazirligi nazoratiga o’tkazildi hamda “Sapat”, ya'ni sifat deb ataladigan bo’ldi.

Keyingi yillarda Qirg’iziston avtomobil yo’llarida baxtsiz hodisalar ko’payib bormoqda. Ushbu noxush ko’rsatkich bo’yicha o’lka mintaqada old o’rinni egallaydi. Vaziyat jiddiy choralar ko’rishni taqozo qilmoqda.

Atambayev fikricha, yo’llarda tunda yo’lovchi tashishni man etish lozim. Shuningdek, puldor qonunbuzarlarning javobgarlikdan qochish hollariga chek qo’yish darkor. Davlat rahbari tegishli tavsiyalar bilan parlamentga murojaat etganini ma’lum qildi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG