Breaking News

Uyg'urlar: Pekin bosimni oshirmoqda


Urumchi
Urumchi

Shinjon-Uyg’ur muxtoriyati rasmiylari “qarindoshlar haftaligi” loyihasini ishga soldi. Bunda mahalliy xizmatchilar yil oxirigacha olis qishloqlardagi uyg’ur oilalari bilan bir hafta vaqt o’tkazishi va “qarindoshlar bilan tanishishi” kerak.

​Bunday siyosat, musulmonlar ustidan nazoratni oshirish, etnik ziddiyatlar qo'zg'alishiga olib kelishi mumkin degan xavotirlar mavjud.

Joriy yilning 11-dekabridan buyon Xitoyning shimoli-g’arbiy viloyatlarida maxsus treyningdan o’tgan minglab kadrlar uyg’ur oilalari bilan “yaqinlashish” maqsadida choylashishdi, ularning xonadonida to'liq bir hafta bo’lib, bir qozondan osh yegani haqida xabarlar chiqdi.

Maxsus guruh xitoylar, mahalliy hukumat, ta’lim va huquq organlari xodimlaridan tarkib topgan. Ma’lum bir qismi uyg’ur qoni qo’shilganlar bo’lishi ham mumkin.

Germaniyada asoslangan Jahon Uyg’urlari Kongressi vakili Dilshod Rashid “Amerika Ovozi” bilan muloqotda oilalalarga kirib borayotganlarning ko’pchiligi uyg’urlar uchun begona va yashirin rejalari bo’lgan odamlar, deydi.

“Ularning asosiy maqsadi uyg’urlarning diniy moyilligini, ularning xonadonida qur’on yoki dinga oid ashyolar bor-yo’qligini bilish. Bu odamlar uyg’ur xalqi siyosiy qarashlaridan, dini, madaniyatidan yiroq bo'lgan ayg'oqchilar. Uyg’urlar ularini uylariga kiritmasdan boshqa iloji ham yo’q edi”, - deydi u.

Rashidga ko’ra, bu dastur avvalo Shinjon-Uyg’ur muxtoriyati hududiy partiya kotibi Chen Guango nazoratida. U aslida harbiy bo’lgan, endi esa siyosatchi. Oxirgi besh yilda Tibet muxtoriyati partiya kotibi bo’lib kelgan.

Germaniyalik tadqiqotchi Adrian Zenz deydiki, “qarindoshlar haftaligi” shiddatli tajovuzkor ruhidagi harakat bo'lsa-da, yangilik emas. Shunga o’xshash xavfsizlik va ijtimoiy nazoratga urinishlar oldin ham kuzatilgan.

“Maqsad nazoratni kuchaytirish, ma’lumot yig’ish, muammo negizi, ochig’ini aytganda ekstrimistik go’yalarni fosh qilish bo’lgani aniq”, - deydi u “Amerika Ovozi” bilan muloqotda.

Oldingi urinishlarda minglab kadrlar Shinjon viloyatiga doimiy yashash uchun yuborilgan. O'shanda ham maqsad etnik guruhlar ustidan nazorat edi.

So’nggi yilda ko'proq politsiya safarbar etilgan. 90 ming yangi ish o’rinlari yaratilgan. Bu ko’rsatkich 2009-yildagi Urumchi isyonidan keyingi choralardan ko’ra 12 marta ko’p, deydi tahlilchi Dilshod Rashid.

Mahalliy rasmiylarga ko’ra, o'shanda 197 nafar odam qurbon bo’lgan, 1721 nafari jarohatlangan.

Amerika matbuotida Shinjon poytaxti yer yuzidagi eng kuchli nazorat va bosim ostida bo’lgan hudud ekanligi aytiladi.

Dilshod Rashid fikricha, kamida 10 million uyg'ur yashaydigan viloyatga nisbatan muntazam bosim qo’llash, uyg’ur xalqi madaniyatini, dinini kamsitaverish bora-bora ziddiyatlar keskinlashuviga olib kelishi mumkin.

“Bu siyosat qanchalik mohirlik bilan boshqarilayotganday tuyulmasin, barqarorlik o’rnatishga xizmat qilolmaydi. Aksincha, tartibsizliklar va o’zaro kelishmovchiliklarni yanada avj oldirib yuboradi”, - deydi u.

Uyg’ur harbiylari Xitoy ichida va tashqarisida bir necha marta qonli hujumlarni amalga oshirgan. 2014-yilda Yunnon viloyati metro bekatidagi pichoqlashuv 30 kishining boshini yegan. 2015-yilda xitoylik sayyohlar uchun mashhur bo’lgan Bangkokdagi maqbaraning portlatilishi Tailandga deportatsiya qilingan 109 nafar uyg’ur uchun qasos va ularni Xitoyga qaytarish da'vosi bilan amalga oshirilgan, deya qayd etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG