Birlashgan Millatlar Tashkiloti dushanba kuni favqulodda majlis o'tkazib, Shimoliy Koreyaga qarshi qanday chora ko'rishni muhokama qildi. Bu davlat vodorod bombasini sinovdan o'tkazganini da'vo qilmoqda. Prezident Donald Tramp Pxenyanga yordam ko'rsatayotgan davlatlar bilan savdoni uzamiz, deya ogohlantirdi.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli so'zlariga ko'ra, Shimoliy Koreya raketa sinovlari bilan urush nog'orasini chalayotgan ko'rinadi. "Qo'shma Shtatlar urush istamaydi, lekin sabrimiz cheksiz emas. Ittifoqchilarimiz va davlatimizni himoya qilamiz", - dedi u BMT Xavfsizlik Kengashi yig'inida.

Shimoliy Koreya AQShga, uning Guam hududiga yoki ittifoqchilariga tahdid solsa, Vashington kuch bilan javob qaytarishini ta'kidlamoqda. Tramp ma'muriyati, shuningdek, qo'shimcha sanksiyalar hozirlayapti.

Xalqaro hamjamiyat 20 yildan beri olib borayotgan diplomatik sa'y-harakatlar natija berganicha yo'q.

"Xavfsizlik Kengashi a'zolariga "yetar" deymiz. Muzokara qildik, yadroviy dasturni tugatish evaziga yordam va'da qildik, muloqotga chaqirdik, hech narsa ish bermadi", - deydi AQSh diplomati.

BMT Xavfsizlik Kengashida Pxenyanga qarshi eng kuchli sanksiyalarni qo'yish to'g'risida rezolyutsiya loyihasi tayyorlanyapti va kelasi dushanba ovozga qo'yiladi.

AQSh, bu orada, raketa hujumiga qarshi himoya tizimlarini kuchaytirmoqda. Qonunchilar fikricha, iqtisodiy bosim orqali Kim Chen Un rejimiga ta'sir o'tkazish imkoniyati bor.

"Shimoliy Koreya bilan oldi-sotdi qilayotgan har bir kompaniyani jazolash kerak. Ular savdo uchun AQSh moliya tizimiga tayanadi. Mablag'larini muzlatamiz", - deydi senator Ted Kruz.

Kongressmen Joakin Kastro fikricha esa Shimoliy Koreyani iqtisodiy jihatdan ko'tarib turgan Xitoy bilan jiddiy gaplashish vaqti keldi. Kim Chen Un bilan biznes qilayotgan xitoylik kompaniyalarga ham sanksiya qo'yish lozim, deydi u.

Pxenyanga nisbatan qo'shimcha jazo choralari ko'rish tashabbusini Janubiy Koreya va Yaponiya qo'llab-quvvatlamoqda. Xitoy esa so'nggi yadro sinovini qoralab, mojaroni dialog yo'li bilan hal qilish zaruriyatiga urg'u bermoqda.

"Koreya yarimorolida vaziyat kun sayin taranglashib borayapti", - deydi Xitoyning BMTdagi elchisi Liu Jiyeji. Bu hududda urush boshlanib ketishiga aslo yo'l qo'ymaymiz, dedi elchi tarjimon orqali so'zlar ekan.

BMT majlisida Rossiya ham tomonlarni bosiqlikka undadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG