Breaking News

Pan Gi Mun O'zbekistonda huquq va qonun masalasini ko'tardi


UN chief Uzbekistan visit
UN chief Uzbekistan visit

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 12-iyun kuni O'zbekistonda bo'ldi. Prezident Islom Karimov bilan muzokara kechgan. BMT doirasida hamkorlik va mintaqaviy masalalar muhokama qilingan. Jahon tashkiloti rahbari respubika paxta dalalarida majburiy mehnat va siyosiy mahbuslarni qiynoqqa solish kabi hollarni jiddiy muammo sifatida keltirgan.

Pan Gi Mun fikricha O'zbekistonda yaxshi qonunlar qabul qilingan, lekin ularning amaliyoti yaxshi emas.

"Qog'ozdagi qonunlar xalq hayotida o'z aksini topishi kerak",- deydi bosh kotib Toshkentda so'zlar ekan.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti, jumladan Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissariat, O'zbekistonga uzviy erkinliklarni ta'minlash va ularni himoya qilishda yordam berishga tayyor".

Aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishda mustaqil matbuot va axborot vositalari, demokratik institutlar, adolatparvarlik va fuqaro jamiyati, huquq himoyachilarining roli beqiyos. Ularga o'z faoliyatini bemalol olib borishi uchun imkoniyat va yo'l berish bag'oyat muhim, deydi Pan Gi Mun.

"O'zbekiston majburiy mehnatga barham berish uchun ko'p ishlar qildi. Biroq muallimlar, shifokorlar va boshqalarni ommaviy ravishda paxta terimiga haydashni bas qilish, qamoqlarda mahbuslarni qiynashni tugatish yo'lida undanda ko'proq ishlar qilinishi kerak", - deydi Pan Gi Mun.

Pan Gi Mun O'zbekistonda huquq masalasini ko'tardi - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:41 0:00

BMT bosh kotibi tashrifi arafasida xalqaro huquq tashkilotlari, O'zbekiston fuqarolik jamiyati vakillari bayonot va chaqiriqlar bilan chiqqan edi.

Xalqaro Amnistiya, "Human Rights Watch", "Chegara bilmas muxbirlar", “Muqobil O'zbekiston” kabi tashkilotlar o'z murojaatlarida Pan Gi Munni Karimov bilan muloqotda siyosiy mahbuslar, inson huquqlariga oid vaziyatni muhokama qilishga chaqirgan edi.

“O'zbekistondan bosh kotibning o'ziga murojaat bilan chiqqan va yaqinda besh yil qamoq jazosi qo'shib berilgan A'zam Farmonov taqdiriga ahamiyat qaratildi. Xalqaro Amnistiya ham mamlakatdagi siyosiy mahbuslar taqdiri, qiynoqlar masalasini muhokama qilishga chaqirmoqda. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti jurnalist Muhammad Bekjon ozod etilishini talab qilmoqda. “Muqobil O'zbekiston” murojaatida O'zbekistonga qaytarilayotgan qochqinlar, siyosiy faoliyati uchun o'ldirilgan, o'g'irlab ketilgan o'zbek faollari taqdiriga ahamiyat qaratganmiz”, - deydi “Muqobil O'zbekiston” kengashi faoli Mo'tabar Tojiboyeva.

Tojiboyevaning aytishicha, bir necha siyosiy mahbus ishi BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasida o'rganib chiqilgan. Bu borada O'zbekiston hukumatiga tavsiyalar berilgan. Pan Gi Mun bu siyosiy mahbuslar yuzasidan axborotga ega.

“Mislol uchun, A'zam Turg'unovning ishi BMT tomonidan qachon qabul qilingan va qanday tavsiyalar berilgan. Erkin Musayev, Dilmurod Sayyid bo'yicha... Bu ro'yxatni davom ettirish mumkin. BMT bu ishlar yuzasidan g'ayriqonuniy hibsga olinganlik, ishni qayta ko'rib chiqish yoki mahbus ozod qilinishi lozimligi haqida tavsiyalar bergan. Hukumat bu tavsiyalar bo'yicha hech narsa qilgani yo'q. Janob Pan Gi Mun BMT doirasidagi bu tavsiyalar bajarilishini talab qilishi mumkindir, ehtimol”, - deydi Tojiboyeva.

BMT bosh kotibi O'zbekistondan oldin Qirg'izistonda bo'ldi. Rasmiy O'shda 2010-yilgi etnik qirg'in qurbonlarini xotirladi. Fojiada ayblanib bir umrga qamalganlarning aksariyati qiynoq tufayli adolatsiz hukm qilingan, deydi Pan Gi Mun. Bu jinoy ishlarni qayta ko'rib chiqish kerak, deydi u.

Pan Gi Mun O'zbekistonga tashrifida yaqinda 10 yilligi xotirlangan Andijon qirg'ini yuzasidan mustaqil tergov o'tkazishga talab qilishi gumon, deydi faollar.

“Albatta, bosh kotib O'zbekistonga safari davomida birinchi navbatda Andijon qurbonlarini xotirlashi lozim, ammo haqiqatda xotrilash uchun biror narsa qilishi ehtimoldan uzoq. Shundan so'ng Andijon voqealarini mustaqil ravishda tergov qilish talabini ko'tarish kerak. Ammo mening tasavvurimga ko'ra, janob Pan Gi Mun O'zbekiston hukumatidan Andijon fojeasi bo'yicha mustaqil tergov o'tkazishni talab qila olmaydi”, - deydi Tojiboyeva.

BMT rahbari O'zbekistondan keyin Turkmanistonga yo'l olgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG