Breaking News

AQSh harbiy iti Britaniya mukofoti bilan taqdirlandi

  • Amerika Ovozi

AQSh armiyasidagi it medal bilan taqdirlandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:09 0:00

AQSh armiyasida xizmat qilgan harbiy kuchuk Britaniya veterinar xayriya tashkilotining harbiy jonivorlar uchun beriladigan oliy mukofoti - Dikin medali bilan taqdirlandi. Chips Ikkinchi jahon urushida O’rta dengiz, Sitsiliya orolidagi jangda harbiy otryadni o’limdan saqlab qolgan.

Nyu-York xonadonlaridan birida yashagan Chips nomli it urushda qatnashgan. Renlar oilasi uni kichikligida boqib olishgan, mehr berishgan.

Chipsni Renlar oilasiga keltirishganida Jon hali bola edi.

“Chips nemis ovcharkasi. U xaski nasli bilan ham chatishgan bo’lishi kerak. Otini onam qo’ygan. Judayam aqlli, itoatkor it edi. Urush harakatlari boshlanib front uchun itlarni jalb qilishganda Chipsni ham olib ketishgan”, - deydi kuchuk egasining o’g’li Jon Ren.

1943-yil yanvarida Kasablanka konferensiyasida Chips qorovullik qilgan edi. O'shanda AQSh Prezidenti Franklin Ruzvelt va Britaniya Bosh vaziri Vinston Cherchil urush rejasini tuzish maqsadida uchrashgan.

O'sha yiliyoq Chips "Xaski" operatsiyasida ham qatnashgan - ittifoqchi qo'shinlar Italiyaning Sitsiliya oroliga desant tushirgan. Podpolkovnik Alan Trup xotirlaydi:

“Chipsning o'rgatuvchisi va safdoshlari pulemyot hujumiga duch kelganida kuchuk bo'shalib, dushmanga hamla qiladi va ularni taslim bo'lishga majburlaydi”, - deydi urush faxriysi.

Chipsning murabbiyi ko'ppak nemis askarini bo’g’zidan tortib dzotdan chiqarganini tasvirlaydi.

Chips jangda kuyib, jarohatlanadi, ammo omon qoladi, yana bir qancha odamning hayotini ham saqlab qoladi. Urushdagi xizmatlari uchun it "Kumush yulduz" mukofoti bilan taqdirlanadi, ammo tanqidchilar bu medalga faqat insonlar sazovor bo'lishi mumkin deb shikoyat qilganidan so'ng Chips mukofotidan ayriladi.

Oradan 70 yil o’tib, matonatli kuchuk o'limidan keyin Ikkinchi jahon urushidagi qahramonligi uchun Britaniya harbiy mukofotiga sazovor deb topildi. Chips hayvonlar uchun beriladigan "Mariya Dikin" medali bilan taqdirlandi.

Mukofot podpolkovnik Alan Trup va AQShning Britaniyada xizmat qilayotgan Ayron ismli harbiy kuchugiga topshirildi.

Chips frontdan yana Renlar xonadoniga qaytdi. Uni kutib olishga chiqqan to’rt yoshli Jonning Chips bilan tushgan surati saqlanib qolgan. U kuchugining xizmatlari tan olinganidan minnatdor.

“Urush qahramonlari mana shunday qadrlanishi yaxshi, albatta”, - deydi u.

Qahramonlik 75 yil o'tib e'tirof etildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG