Breaking News

AQSh Markaziy Osiyo davlatlariga: Uyg’urlarni Xitoyga qaytarmang


Uyg'urlar saqlanadigan, Xitoy "kasb-hunar markazlari" deya ta'riflaydigan lagerlardan biri

Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyo respublikalari barqaror, farovon va xavfsiz bo’lishidan manfaatdor. Vashington mintaqaning xalqaro tahdidlarga qarshi kurashish salohiyatini oshirish uchun hamkorlikni davom ettiradi. Shuningdek, inson huquqlari himoyasi va demokratik institutlarni mustahkamlashga qaratilgan siyosiy islohotlarni qo’llab-quvvatlaydi.

Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilovberdi shu hafta Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan muloqot qildi. Uchrashuvlar ketidan tarqatilgan bayonotda AQSh Markaziy Osiyoning har bir davlati muhim ekani, ular bilan aloqani mustahkamlash niyatida ekanini eslatmoqda.

Buning uchun C5+1 formatidagi dialog yo’lga qo’yilgan. Unga besh respublika va AQSh kiradi. Tashqi ishlar vazirlari har yili bir davrada o’tirib, regional masalalarni muhokama qiladi. Sentabrda o’tgan so’nggi yig’inda iqtisodiy hamkorlik, chegara xavfsizligi, xorijdagi jangarilar va Afg’oniston asosiy mavzular bo’lgan.

Qozog’iston vazirining tashrifi ketidan o’tkazilgan yopiq brifingda Davlat departmentining yuqori lavozimdagi rasmiysi uyg’urlar masalasini alohida tilga oldi.

“Biz Pekinni repressiyalarni to’xtatib, sababsiz lagerlarda saqlanayotgan bir milliondan oshiq odamni ozod etishga chaqiramiz. Xitoy hukumatining qarorlarini bizga qo’shilib boshqa hukumatlar ham qoralasin. Markaziy Osiyodagi sheriklarimiz ulardan yordam so’rab kelayotgan shaxslarga boshpana berish masalasida [Xitoydan] bosim bo’layotganini tushunamiz. Murojaat qilayotganlarga yordam berish har bir davlatning suveren huquqi, ularni ekstraditsiya qilmaslik esa qonunga bo’ysunadigan har bir davlat uchun majburiyatdir”, - deydi rasmiy.

Qozog’iston boshpana izlab kelgan Xitoy fuqarolarini, jumladan, uyg’urlarni, vataniga ekstraditsiya qilgan hollar bo’lganmi, degan savolga rasmiy “yo’q” deya javob berdi. Biroq, deydi u, ishi sudda ko’rilayotgan shaxslar bor va Vashington Qozog’istonga xalqaro majburiyatlarini eslatib turibdi.

Diplomat O’zbekistonda inson huquqlariga doir vaziyatga ham to’xtaldi.

“Yangi Prezident [Shavkat] Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri so’nggi bir necha yil ichida inson huquqlariga doir ahvolni yaxshilash uchun bir qator muhim qadamlar tashladi. Mahbuslarni ozod etish, diniy tashkilotlarni ro’yxatdan o’tkazish, matbuot erkinligi uchun muhitni yaxshilash shular jumlasidan”, - deydi u.

Ammo mintaqadagi hech bir mamlakatda huquq ahvoli a’lo darajada emas; ikki tomonlama muloqotlarda bu mavzu muntazam ko’tariladi, deya qayd etdi AQSh rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG