Breaking News

AQSh Xitoyni tanqid qilib, Hindiston bilan harbiy kelishuv imzoladi


AQSh va Hindistonning mudofaa va tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, Dehli, 27-oktabr, 2020
AQSh va Hindistonning mudofaa va tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, Dehli, 27-oktabr, 2020

AQSh va Hindiston harbiy ma’lumot almashish to’g’risida kelishuv imzolab, strategik aloqalar yangi bosqichga ko’tarilayotganini e’lon qildi. Yaqin hamkorlik, AQSh mulozimlariga ko’ra, Hind-Tinch okeani mintaqasida Xitoyga qarshi turish uchun zarur.

“Xitoy uchun demokratiya, qonun ustuvorligi va oshkoralik degan tushunchalar begona ekani rahbarlarimiz va fuqarolarimiz uchun tobora ayonlashib bormoqda. Bu davlat Hind-Tinch okeani farovonligi uchun muhim bo’lmish navigatsiya erkinligiga ham qarshi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Dehliga safari chog’ida.

27-oktabr kuni AQSh va Hindiston mudofaa va tashqi ishlar vazirlarining yillik uchrashuvi bo’lib o’tdi. Pompeo Osiyo bo’ylab safarda.

Imzolangan kelishuvga ko’ra, Hindiston endi raketalar va qurollangan dronlarni nishonga olish uchun muhim hisoblangan topografik va aeronavigatsion ma’lumotlardan foydalanish huquqiga ega. Bu bilan Vashington va Dehli harbiy hamkorlik bo’yicha so’nggi yillarda imzolagan hujjatlar to’rttaga yetdi.

Har ikki davlat matbuoti ittifoqchilik rishtalarini olqishlamoqda. Hindiston rasmiylari Xitoyni tilga olmagan bo’lsa-da, Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar AQSh bilan munosabatlarni “nihoyatda ijobiy” deya ta’rifladi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Osiyo bo'ylab safarda
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Osiyo bo'ylab safarda

Muloqot Hindiston bir necha oydan buyon Xitoy bilan chegarada tortishayotgan, Xitoy Gonkongdan tortib Himalay tog’larigacha bo’lgan hududda o’z kuch-qudratini namoyish etayotgan bir paytda o’tdi.

Muzokara oldidan AQSh rasmiylari shu yoz Xitoy chegarachilari bilan to’qnashuvda halok bo’lgan hindistonlik askarlarni xotirladi.

“Qo’shma Shtatlar o’z erkinligi va suverenitetini himoya qilayotgan Hindiston xalqini qo’llab-quvvalaydi”, - deydi Pompeo.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbinning ta’kidlashicha, Pekin tashqi siyosatda o’ta qaysarligi haqidagi da’volar asossiz.

“Pompeoni sovuq urushga xos mafkuradan voz kechishga, Xitoy va mintaqa mamlakatlari o’rtasida adovat qo’zg’ashni to’xtatishga, regional tinchlik va barqarorlikka putur yetkazmaslikka chaqiramiz”, - deydi u.

AQSh va Hindiston imzolagan kelishuv qariyb 10 yildan beri muhokamada edi.

“O’tmishda juda ehtiyotkor bo’lgan Hindiston endi qat’iy pozitsiyani egalladi. Xitoy u bilan chegarada tortishar ekan, Dehli o’z prioritetlarini AQSh bilan hamda Hind-Tinch okeani mintaqasidagi hamfikr davlatlar bilan muvofiqlashtiryapti”, - deydi sharhlovchi Harsh Pant.

Koronavirus pandemiyasidan eng ko’p ziyon ko'rgan ikki mamlakat, shuningdek, vaksinalar va aholini testdan o’tkazish sohasida ham hamkorlik qilmoqchi.

Pandemiya tufayli muzokaralar AQSh prezidentlik saylovlariga bir hafta qolganida o’tkazildi. Ekspertlarga ko’ra, Xitoy yuzasidan xavotirlar bois har ikki davlat sheriklikni mustahkamlash zaruriyatini tan oladi.

“AQSh prezidentligiga nomzodlar ham, Kongress ham Hindiston bilan aloqani yaxshilash tashabbusini qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi Pant.

AQSh bosh diplomati Shri-Lanka va Maldiv orollarida ham bo’lib, Xitoydan keladigan sarmoya, kreditlar va infratuzilma loyihalaridan ogoh bo’lishga undadi. Shri-Lanka rahbarlari Pompeo bilan uchrashuvda neytral pozitsiyada ekanliklarini, AQSh va boshqa davlatlar bilan hamkorlik davom etishini qayd etishgan.

Mayk Pompeo AQSh Maldiv orollarida elchixona ochishini e’lon qildi.

Diplomat oktabr boshida Hind-Tinch okeani mintaqasida Xitoyga qarshi turishni maqsad qilgan “To’rtlik” uchrashuvida qatnashish uchun Tokioga ham safar qilgan edi. To’rtlik AQSh, Hindiston, Yaponiya va Avstraliyani o’z ichiga oladi.

Avstraliya kelasi hafta AQSh, Hindiston va Yaponiya ishtirokidagi harbiy-dengiz mashg’ulotlarida qatnashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG