Amerika dehqonlari Kuba bilan savdo cheklanayotganidan norozi

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp savdo kelishuvlariga qarshi bo’lishiga qaramasdan, 2016-yilgi saylovda Amerika qishloqlarida ko’pchilik unga ovoz bergan. Tramp saylangach, Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimidan voz kechdi. Endilikda Kuba bilan ham savdo cheklanadi.

Illinoys shtatidan fermer Vendel Shoman qiyin bir ahvolda. O’g’it va urug’dan tortib, har bir narsa uchun xarajat oshgan, lekin mahsulot narxi o’sha-o’sha.

Oxirgi to’rt yilda Shoman yetarli daromad ololmayapti. Amerika Kuba bilan aloqani tiklaganidan so’ng yangi bozor ochilyapti, savdo qilamiz, deb quvongan edi.

“Kuba shundoq yonimizda, biz uchun eng qulay bozor, atigi 150 kilometr. Lekin masala siyosat bilan aralashib ketgan”, - deydi u.

Bundan buyon ham siyosatda o’zgarish bo’lmaydigan ko’rinadi. Prezident Donald Tramp orol davlat bilan Obama davrida erishilgan bitimlarni bekor qilmoqchi.

“Kuba bozoridan voz kechayotganimiz mantiqsizlik. Aksincha, bu imkoniyatdan to’liq foydalanishimiz kerak edi”, - deydi fermer.

Shoman Trampga ovoz bergan. Savdo kelishuvlari bois Amerikada ish o’rinlari kamayganini u yaxshi tushunadi, lekin prezidentning so’nggi qarorlaridan norozi.

“Savdo kelishuvidan aslo voz kechmaslik kerak”, - deydi u.

Illinoys fermerlar byurosi vakili Tamara Nelsenning aytishicha, hozirgi hukumatning savdo siyosatini dehqonlarimiz tushunishga qiynalyapti.

“Fermerlar mahsulotini qayerga sotishni o’zi hal qilishi kerak. Shuning uchun oziq-ovqat savdosiga qo’yilgan har qanday cheklovlar olib tashlansin, deymiz. Xorijiy hukumat fikrini o’zgartirishning eng yaxshi yo’li muloqot”, - deydi u.

Illinoys fermerlar byurosi va boshqa tashkilotlar Kuba bilan savdoni uzish qarorini tanqid qilmoqda. Ammo suhbatdosh Kuba kichik bozor ekanini ham tan oladi.

“Illinoysdek shtatlar, qanday mahsulot eksport qilishiga qarab, yiliga 25-30 million dollar daromad qilsa bo’ladi”, - deydi Nelsen.

Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvini o’zgartirish rejasi ham tashvish uyg’otmoqda.

“NAFTA imzolanganidan beri Kanada va Meksikaga eksportimiz to’rt baravar oshgan”, - deydi Nelsen.

Qo’shnilar bilan savdo Illinoysda 35 ming odamni ish bilan ta’minlaydi. Meksika va Kanada Shomanning ekinlari uchun ham katta bozor.

“Makkajo’xori uchun asosiy mijozimiz - Meksika”, - deydi u.

Muhimi, deydi Shoman, Tramp NAFTA bitimini bekor qilmoqchi emas, uning shartlarini qayta ko’rib chiqmoqchi. Yil boshida esa AQSh Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimidan chiqqan edi.

“Katta xatoga yo’l qo’ydik, nazarimda. Qayta qo’shilishga hali ham kech emas”, - deydi Shoman.

Shoman NAFTA yuzasidan yangi muzokaralar qanday natija berishini kutmoqda. Hozir e’tibori ob-havo va ekinda. Yangi bozorlar ochilishidan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG