Breaking News

AQSh "moliyaviy jarlik"ka qulaydimi?


2012-yilning oxirgi kuni ham AQSh iqtisodini "moliyaviy jarlik"dan saqlab qolishga qaratilgan muzokaralar davom etmoqda. Agar dushanba kechgacha demokrat va respublikachilar murosaga erisholmasa, 1-yanvardan amerikaliklar to’laydigan soliqlarning oshishi muqarrar.

Senatning yakshanba kungi majlisi ochilishi oldidan ruhoniy Barri Blek ibodatida “parvardigor, ikki partiyaga to’g’ri yo’lni ko’rsatgin va uni tanlashda jasorat bergin, o’zimizga yomonlik qilishdan asragin,” deya so’radi. Biroq yakshanba kechqurun ham murosadan darak bo'lmadi.

Senatda demokratlar lideri Garri Rid dushanba kungi muzokaralar asosiy bo’ladi, deb aytdi. “Ikki taraf o’rtasidagi kelishmovchiliklar hali ham jiddiy, biroq muzokaralar davom etmoqda. Kelishuvga erishish uchun vaqt bor, muloqot davom etadi”, - dedi Rid.

Undan oldin Senatdagi respublikachilar sardori Mitch Makkonell Vitse-prezident Jo Baydendan muzokaralarga qo'shilishni so’ragan edi.

Bayden va Makkonell ilgari ham shu kabi uchrashuvlarda qatnashib, murosaga erisha olgan.

Prezident Barak Obama shanba kungi intervyusida hozirgi ahvolda respublikachilar aybdor, deb aytdi.

“Takliflarimizni o’rgangan har bir odam ularning yaxshiligini biladi, Amerika xalqi, shu jumladan, respublikachilar uchun foydali ekanini tushunadi”, - dedi Obama.

Demokratlarning Senatdagi lideri Garri Rid yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvga shoshilyapti. 30-dekabr, 2012
Demokratlarning Senatdagi lideri Garri Rid yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvga shoshilyapti. 30-dekabr, 2012
Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner esa respublikachilar emas, prezident takliflarni qo’llamayapti, deb ta’kidladi.

“Amerikaliklar prezident Obamani birovni ayblash uchun emas, yetakchilik qilish uchun saylagan”, - dedi u.

Agar AQSh iqtisodini moliyaviy "jarlik"dan saqlab qoluvchi qonun loyihasi dushanba kechgacha Kongress tomonidan qabul qilinmay, prezident Obama tomonidan imzolanmasa, har bir amerikalik to’laydigan soliqlarning oshishi muqarrar. Hukumat dasturlari, jumladan, mudofaa maqsadlarida ajratiladigan mablag’ qisqartiriladi. Ishsizlarga to’lanadigan to’lovlar ham kamaytiriladi.

Iqtisodchilar ham, har ikkala partiya vakillari ham murosaga erishilmasa, AQSh iqtisodi jiddiy zarba ko’radi, degan fikrda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG