Breaking News

AQSh razvedkasi: Iroq va Suriyadagi yutuqlar g'alaba emas


Suriya demokratik kuchlari, Raqqa

AQSh boshchiligidagi koalitsiya Suriya va Iroqda "Islomiy davlat" hukmronligiga barham berdi, lekin hudud hamon beqaror.

“Yaqin kelajakda vaziyat salbiylashishi mumkin", - deya ogohlantirmoqda AQSh Davlat razvedka idorasidan Deyvid Kattler.

“Murakkab ishlar oldinda. Vaqtni boy bermasligimiz kerak".

"Islomiy davlat" 98 foiz yeridan ayrilgan. Minglab jangarilar qirib tashlangan. Suriyaning Raqqa shahri uning markazi edi. Hozirda bu yer Suriya demokratik kuchlari qo'lida.

Kattler deydiki, "Islomiy davlat" jismonan qanchalik zarar ko'rmasin, mafkuraviy jihatdan hamon ancha faol.

Suriyaning katta qismi notinch, odamlar nochor va madadga muhtoj. Bunday holatda ular har kimga ergashishi, har kimdan ko'makka ko'nishi mumkin.

“AQSh, Eron, Hizbulloh, Rossiya, hamma "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda. Biroq bu davlatlar bir-biriga g'anim", - deya tan oladi rasmiy.

Turkiya va kurdlar bir-biriga qarshi, lekin har ikkisi Amerika bilan sherik. Anqara Vashington kurd jangarilarini quvvatlayotganidan norozi. AQSh nazarida esa ular "Islomiy davlat"ga qarshi urushda effektiv kuch.

Anbar viloyati
Anbar viloyati

Iroqdagi tub muammo - shia va sunniylar orasidagi azaliy ziddiyat. Har ikki tomon o'zini jabrlanuvchi deb biladi, bir-birini diskriminatsiyada ayblaydi. Mamlakatni qayta qurish ishlari juda sust. Ekstremist va terrorchilar uchun bunday muhit ayni muddao, deydi Kettler.

Sunniylar va shialar bir-birini qon to'kishda, aholiga qarshi jinoyatlarda ham ayblaydi. 2014-yilda "Islomiy davlat" aynan shunday muhitda kuchga to'lgan va qishloq va shaharlarni egallay boshlagan edi.

Yaqinda Iroq hukumati shia jangari guruhlarni mamlakat qurolli kuchlarining bir qismi deya e'lon qildi. Maqsad - tinchlikni ta'minlash.

Iroq Tashqi ishlar vaziri Ibrohim al-Jafariy, Quvayt, fevral, 2018
Iroq Tashqi ishlar vaziri Ibrohim al-Jafariy, Quvayt, fevral, 2018

Bag'dod urushdan keyingi qayta qurish jarayonida xorijiy yordam oz ekanidan nolimoqda. Iroqqa ulkan madad va'da qilingan edi, lekin donorlar hozirda passiv.

O'tgan oy Quvaytda kechgan anjumanda 30 milliard dollarga teng sarmoya uchun so'z berildi. Biroq Iroq hukumati kamida 88 milliard dollar zarur deb turibdi.

3,5 million iroqlik hozirda uyiga qaytgan, lekin yana 3 milliondan ziyodi o'z vatanida boshpanasiz. Ko'plar uyiga qayta olmaydi, chunki minalar borligi ma'lum. Katta-katta hududlar portlovchi moddalar bilan to'la.

May oyida o'tishi rejalangan parlament saylovlari kechiktirilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG