Breaking News

Afg'onistonda yana bir hokim prezident farmoniga bo'ysunmadi


Abdul Karim Hudam - Samangonning ishdan olingan, ammo lavozimidan ketishdan bosh tortayotgan hokimi

Afg’onistonda yana bir viloyat hokimi prezident farmoniga bo’ysunmaganidan so’ng mamlakatda siyosiy inqiroz chuqurlashgani ayon bo’ldi. 17-fevral kuni Prezident Ashraf G’ani olti viloyatda hokimlarni yangilash haqida farmon chiqardi. Biroq bir yil oldin ish boshlagan Samangon viloyati hokimi Abdul Karim Hudam lavozimidan ketishdan bosh tortdi.

Afg’oniston shimolidagi bu viloyatga markaziy hukumat Abdul Latif Ibrohimiyni tayinladi. U bir vaqtlar sobiq jihodchi qo’mondon Gulbiddin Hikmatyorning “Hizbi Islomiy” partiyasi a’zosi bo’lgan.

Hudam matbuot anjumani uyushtirib, Samangonda hokim bo’lib ishlashda davom etishini bildirdi. Uning aytishicha, hokimning siyosiy taqdirini viloyatdagi turkman qabilasi hamda G’ani bilan milliy birlik hukumatiga kirgan “Jamiyati Islomiy” partiyasi hal qilishi kerak.

Samangon hokimi Bosh vazir Abdulla Abdulla kabi shu partiyaning a’zosi. Uning negizini tojik siyosatchilari tashkil etadi. Prezident G’anini esa pashtun jamoasi qo’llab-quvvatlaydi.

Davlat rahbari Balx viloyatini 13 yildan oshiq vaqt mobaynida boshqargan Ato Muhammad Nurni ham dekabr oyida ishdan olmoqchi bo’ldi, biroq Nur farmonga bo’ysunmasdan hokim bo’lib ishlashda davom etmoqda. U ham “Jamiyati Islomiy” partiyasining a’zosi bo’lib, G’anini muhim lavozimlarga millatiga qarab odam tanlayotganlikda aybladi.

27-fevral kuni Nurning minglab tarafdorlari poytaxt Kobulda uch kunlik namoyish boshlamoqchi. Aynan shu kunlarda markaziy hukumat tashabbusi bilan shaharda xalqaro anjuman o’tkaziladi. G’ani ma’muriyati Tolibon harakati bilan tinchlik va murosa dasturini taqdim etishi kutilmoqda.

Biroq Afg’onistonda kuchayayotgan siyosiy inqiroz bu jarayonga halaqit berishi, joriy yilda bo’ladigan parlament saylovlari, kelasi yilga rejalangan prezident saylovlarini tashkillashtirishda pand berishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG