Breaking News

O'zbekiston hamon "alohida tashvishga molik" davlatlar qatorida


O'zbekiston hamon "alohida tashvishga molik" davlatlar qatorida
O'zbekiston hamon "alohida tashvishga molik" davlatlar qatorida

Eron, Xitoy va Saudiya Arabistoni qatorida O’zbekiston - e’tiqod erkinligi keng tarzda poymol etiladigan jamiyatlardan biri. AQSh Davlat departamenti chiqargan xalqaro hisobotda shunday deyiladi.

Diniy erkinlik uzviy huquq deb hisoblaydigan AQSh Kongressi 1998 yildan beri tashqi ishlar vazirligi, Davlat departamentidan, dunyo bo’ylab bu boradagi ahvolni o’rganishni talab qiladi. Yillik hisobot qonunchilarga tashqi siyosat va aloqalarni belgilashda qo’llanma sifatida xizmat qiladi. To’plangan ma’lumotga qarab, qay mamlakatga qay sohada qancha yordam berishga kelishiladi.

2010 yilgi vaziyatni tahlil qiluvchi hujjatni taqdim etar ekan, Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, diniy bag’rikenglik va e’tiqod erkinligi demokratiya va barqarorlik garovidir.

“Fuqarolarni diniga qarab ajratgan yoki kamsitgan, e’tiqodiga o’zi istagandek amal qilishiga yo’l bermagan hukumatlar adashadi. Huquq hurmat qilinmagan jamiyat tinch bo’lmaydi, bu esa global barqarorlikka, shu jumladan Amerika xavfsizligiga ham tahdiddir”,- deydi Klinton.

Sakkiz davlat, AQSh nazarida, diniy erkinlik bobida alohida tashvishga molik: Birma, Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron, O’zbekiston, Saudiya Arabistoni, Sudan va Eritreya.

Xillari Klinton, AQSh Davlat kotibasi
Xillari Klinton, AQSh Davlat kotibasi

Kongress bir necha yildirki, bu davlatlar bilan aloqani cheklab keladi. Amerika Eron va Shimoliy Koreya bilan diplomatik rishtaga ega emas, ammo u yerdagi adolatsizliklarni xalqaro minbarlarga ko’tarishda davom etmoqda.

Islomiy tuzumda yashovchi Eronda nasroniy, yahudiy va bahaylar hamda shia mazhabida bo’lmaganlar qattiq bosim ostida yashaydi. Jamiyatdan ajratib qo’yilgan, deydi AQSh davlat kotibasi.

G’ayridinlarga nisbatan tahdid nafaqat hukumatdan keladi, balki fuqarolar orasida ham mavjud. Masalan, Iroqda yaqinda sunniy ekstremist kuchlar 22 shiani o’ldirgan.

“Arab dunyosi demokratik o’zgarishlar bo’sag’asida ekan, tolerantlik tushunchasi keng qanot yozadi, bu jamiyatlar ko’p elatli va dinli xalqlar sifatida tinch-totuv yashaydi degan umid bor”,- deydi Xillari Klinton.

Turkiyada 75 yil oldin tortib olingan cherkov va sinagogalar, hukumat qarori bilan, egalariga qaytarilmoqda. Nasroniy va yahudiylar o’z ibodatxonalarini qayta ochmoqda. Amerika nazarida, bu - ijobiy yangilik.

Pokistonda ozchilikni tashkil etuvchi diniy jamoalar orasida ahillik va e’tiqod erkinligi yo’lida xizmat qiladigan alohida vazirlik tuzilgan. Klinton buni ham ulkan o’zgarish deb ataydi.

Xitoy dindorlarni, umuman ochiq e’tiqod qilgan shaxslarni azaldan ta’qib ostiga olib keladi, deydi Maykl Pozner, xalqaro hisobot uchun mas’ul rasmiy.

“Biz bugun ayniqsa uyg’urlar taqdiridan xavotirdamiz. Musulmon ekani uchun bu elat kuchli cheklovlar ostida hayot kechirmoqda. Buddizmga sig’inadigan Tibet ahli ham doimiy ta’qibda. Fuqarolarni dini va madaniyati uchun qamashmoqda, jazolashmoqda”,- deydi Pozner.

O’zbekistonda diniy erkinlik bilan bog’liq ikki muammoga diqqat qaratiladi. Biri, minglab fuqarolarning taqvodorligi uchun qamoqqa olinib, yetarli isbot-dalilsiz ekstremizmda ayblanishi, panjara ortiga tashlanishi va qiynoqqa solinishi. Ikkinchisi esa, deydi rasmiylar, g’ayridinlarga nisbatan muntazam tazyiq.

Xo’sh, bu hisobot qanday ta’sir kuchiga ega? Tanqid ostidagi davlatlar qanday javob bermoqda?

“Biz kuzatayapmiz va xalqlar dardiga quloq solayapmiz",- deydi Maykl Pozner, Davlat kotibi muovini.

Boshqa hukumatlar singari O'zbekiston ham hisobotni qoralab, Amerikani respublikadagi murakkab muhitni tushunmaganlikda, adolatsiz tanqidda ayblab keladi. Radikalizm tahdidining oldini olish uchun ko'rilayotgan choralar huquqbuzarlik emas degan iddaoni eshitasiz.

Amerikaning o'zida-chi? Bu davlat ham ektremizmda ayblab musulmonlarni qamoqqa olmoqda, deydi norozi tomonlar.

AQSh rasmiylarining bunga javobi shuki, adliya tizimi bu jamiyatda mustaqil va huquq buzilganida uning tiklanishi uchun yo'l ochiq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG