Breaking News

AQSh muzokaralar orqali Eronga yana bir bor imkon bermoqchi


Xalqaro muzokarachilar shu hafta Eron tashqi ishlar vaziri bilan Tehron yadro dasturi yuzasidan yana muloqot o’tkazadi. Eron muzokaralar orqali mamlakat iqtisodiyotiga bolta urayotgan xalqaro jazo choralaridan qutilish niyatida. Ammo AQShning Isroil va Saudiya Arabistoni kabi ittifoqchilari Vashingtonni muammo yuzasidan sust harakat qilayotganlikda ayblamoqda.

BMTning Xalqaro Atom energiyasi agentligi Tehron bilab bo’lib o’tgan so’nggi uchrashuvni samarali deb baholadi. AQSh esa Eronning xalqaro talablarga javob berish uchun qanchalik tayyor ekanini tekshirib ko’rishga tayyor, deydi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

“Ayrimlar shunday imkoniyat berilishiga ham qarshi. Butun insoniyat oldida mas’ul bir davlat sifatida AQShning bu imkoniyatdan foydalanishga izn bermasligi xavfli va juda mas’uliyatsiz ish bo’ladi. Bunga qarshi bo’lgan tomonlarlarga va qo’rquv taktikalariga bo’yin egmaymiz”, - deydi Kerri.

Eronning hamkorlikka tayyorligiga shubha bilan qarayotganlar orasida Isroil va Saudiya Arabistoni bor. Isroil Adliya vaziri Tzipi Livni bu haqda shunday deydi:

“Saudiyaliklarning Eronni yadro qurolini qo’lga kiritishdan to’xtatish haqidagi xavotirlari o’rinli. Eron haqida gap ketganda, bu arabcha so’zlar yahudiy tiliga yaqin yangraydi”, - deydi u.

Uning aytishicha, Isroil Eronga qarshi arab hukumatlari bilan ishlashga tayyor.

“Afsuski, Isroil va Falastin o’rtasidagi ochiq ziddiyat Eronga qarshi ularning Isroil bilan yonma-yon turishiga yo’l qo’ymaydi. Ulardagi jamoatchilik fikriga ko’ra, Isroil hanuz dushman”, - deydi Isroil rasmiysi.

AQSh sobiq elchisi Adam Ereliga ko’ra, AQSh Isroil va saudiyaliklarning xavotirlariga yetarli e’tibor bermayapti.

“Ularning tashvishini tushunsa bo’ladi. Chunki ular Vashington va Nyu-Yorkda nima bo’layotganini ko’rib turibdi. AQSh hukumatining yetakchi rasmiylari bilan shaxsiy uchrashuvlarda ham yangi gap aytilmayapti”, - deydi u.

Sobiq elchiga ko’ra, Eronga qarshi xavotirlarda asos bor.

“Ularning maqsadi yadro qurolini qo’lga kiritish. Bunga to’siq bo’ladigan cheklovlarni, hatto jazo choralari ko’tarilishini ham qabul qilishmaydi”, - deydi u.

Eron esa yadro quroli haqidagi ayblovlarni rad etib, dastur faqat tinch maqsadlarni ko’zlashini ta’kidlaydi. Mamlakat matbuotiga ko’ra, o’tgan oy bo’lib o’tgan muzokaralar Eron va BMT agentligi o’rtasidagi tushunmovchilikka chek qo’ygan.

Amerika universiteti professori Akbar Ahmad fikricha, Erondagi siyosiy muhitning iliqlashuvi Hasan Ruhoniyning prezident etib saylanganidan buyon yuz bermoqda.

“Eron xalqaro hamjamiyat bilan BMT doirasida hamkorlik qilsh lozimligini tushunib yetdi. Ular muammolardan qutilishni istaydi”, - deydi professor.

AQSh esa Erondan aniq qadamlar qo’yilishini talab qiladi, deydi Kerri.

“Intizorlik bilan kutyapmiz. Harakatlar aniq bo’lishi kerak. Ularni tasdiqlash imkoniyati bo’lsin. Ishni bajarish fursati keldi. Quruq gaplarga o’rin yo’q”, - deydi AQSh rasmiysi.

Kerriga ko’ra, tasdiqlash mumkin bo’lgan aniq harakatlargina AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan qo’yilgan jazo choralarining yengillatilishiga sabab bo’lishi mumkin. Uzoq yillardan beri davom etayotgan bu sanksiyalar Eron neftining bir kunlik eksportini million barrelgacha qisqartirib, iqtisodiyotning beliga tepmoqda.
XS
SM
MD
LG