Breaking News

AQSh, Yaponiya yangi mudofaa kelishuvi arafasida


AQSh uchun Yaponiya Osiyodagi eng yirik ittifoqchi, deydi Davlat kotibi Entoni Blinken

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko'ra, Vashington Yaponiya bilan yangi mudofaa kelishuvi imzolashga bel bog'lagan. Bu hujjatda yangicha tahdidlarga yangicha texnologiyalar orqali hamkorlikda kurash haqida gap ketadi, deydi bosh diplomat.

Ikki davlat Tayvan kelajagi va Shimoliy Koreya yadroviy maqsadlari yuzasidan bir pozitsiyada. Tayvan himoya qilinadi. Pxenyan esa o'z maqsadlariga yeta olmasligi kerak.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy kuchlarni shay holatga keltirishi, Xitoy Tayvanga nisbatan provokatsiyaga berilayotgani, Shimoliy Koreya yangi raketalarini sinayotgani Vashington va Tokioni birdek xavotirga soladi va bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishga undaydi, deydi Blinken.

Pxenyan, davlat matbuotiga ko'ra, gipersonik raketalarni tanishtirgan. Rossiya va Xitoy ham bunday strategik qurollarni yaratish payida. Misli ko'rilmagan tezlikda harakatlanadigan bu vositalarni aniqlash va ularga to'siqlar qo'yish ayni damda nihoyatda qiyin.

Amerika va Yaponiya bu borada birga tadqiqotlar olib boradi, deydi rasmiylar, gipersonik tahdidlarga nisbatan innovatsion choralar ustida bosh qotiradi.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin deydiki, Yaponiya bilan ittifoq Osiyo xavfsizligi uchun chuqur ahamiyatga ega.

"Tokio mintaqaviy barqarorlik va tinchlikni ta'minlashda yetakchilik qilib keladi va uning bu roli tobora oshib bormoqda", - deydi Ostin.

Yaponiya gipersonik texnologiyalarga nisbatan elektromagnetik vositalarni qo'llash tarafdori.

Mamlakat Bosh vaziri Fumio Kishida deydiki, Tokio mudofaa uchun mablag'ni ayamaydi va 10 yildirki, harbiy byudjet oshmoqda.

Biroq Yaponiya siyosiy doiralarida harbiy sanoatni kengaytirishga qarshilik kuchli. Bu davlat o'zini qurollanishdan tiyishga va'da bergan, o'z tamoyillarini tinchlikparvarlikka moslagan, nega Yaponiya o'ziga bergan so'zidan qaytayapti, degan savollar va tanqidlar yangramoqda.

Tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Hayashi nazarida xalqaro maydonda hozir kuchli iroda yetishmayapti, tinchlik uchun samarali harakat sust.

"Qudrat boshqalarni adolatsiz ezish uchun ishlatilmoqda, avtoritar boshqaruv kengaymoqda", - degan Hayashi, Amerika rasmiylari bilan muloqotda.

Imzolanishi kutilayotgan bitimda AQSh qo'shinlarining Yaponiyada qolishi yana besh yilga cho'ziladi. Buning uchun xarajatlarni Tokio ham qoplaydi. Kelasi besh yil uchun Yaponiya bu maqsadda 9,3 milliard dollar ajratishga rozi bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG