Breaking News

Tokio-Seul ziddiyati AQShning mintaqa siyosatiga soya solmoqda


AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya rasmiylari uch tomonlama muloqot o'tkazmoqda, Tokio, Yaponiya, 2021-yil, 14-sentabr
AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya rasmiylari uch tomonlama muloqot o'tkazmoqda, Tokio, Yaponiya, 2021-yil, 14-sentabr

Yaponiya va Janubiy Koreya bilan uch tomonlama hamkorlikni jonlantirishda Bayden ma'muriyati ittifoqchilar o'rtasidagi uzoq yillik ziddiyatlar bilan to’qnashmoqda. Bu esa Pekinning kuchayib borayotgan tajovuzkorligi va Pxenyan tahdidlarini cheklash yo’lidagi ishlarga xalaqit bermoqda, deydi ekspertlar.

Bayden ma'muriyatining yuqori martabali mulozimlari Sharqiy Osiyodagi asosiy ittifoqchilar bilan mintaqa va Hind-Tinch okeani mintaqasi bo’yicha umumiy maqsadlarni ishlab chiqish uchun ko’plab uchrashuvlar o’tkazmoqda.

Pentagonning aytishicha, Vashington mintaqada "ittifoqchilar va sheriklar bilan hamkorlikni" kuchaytirishni ko’zlamoqda; bu esa "Xitoy harbiy tajovuzkorligining va Shimoliy Koreya solayotgan tahdidlarning oldini olish"ga xizmat qiladi.

Qayta paydo bo’lgan munozara

Vashington-Tokio-Seul uch tomonlama uchrashuvini o’tkazishga qaratilgan so’nggi urinish muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Chunki Seul-Tokio munosabatlaridagi uzoq yillik taranglik yaqinda uch tomonlama muzokaralar chog'ida qayta bo’y ko’rsatib, 17-noyabr kuni bo'lib o’tishi ko’zlangan matbuot anjumanida Yaponiya va Janubiy Koreya vakillarining ishtirok etishdan bosh tortishiga sabab bo’ldi.

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mori Takeo Janubiy Koreyada Tokto, Yaponiyada esa Takesima deb nomlanuvchi Liankur qoyalari bo‘yicha mavjud hududiy nizo sababli Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Choy Jong-kun bilan birgalikda matbuot anjumani o‘tkazishdan bosh tortdi. Bahsli orollar to'plami Yapon dengizida joyalshgan. Bu dengiz Sharqiy dengiz deb ham ataladi.

Seul va Tokio o‘rtasidagi chuqur tarixiy adovat Koreya yarim oroli 1910-1945-yillarda Yaponiya mustamlakasi bo‘lgani bilan bog’liq. Ikkinchi Jahon urushidan so’ng bahsli qoyalar Janubiy Koreya nazoratiga o’tgan.

Matbuot anjumanida yolg'iz o’zi gapirgan AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Vendi Shermanning aytishicha, "Yaponiya va Koreya Respublikasi o'rtasida ba'zi ikki tomonlama kelishmovchiliklar hanuz mavjud va ular hal qilinishda davom etmoqda".

Sherman so‘zlari ortidan Yaponiyaning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Masashi Mizobuchining ma’lum qilishicha, Yaponiya rasmiylari Janubiy Koreya politsiyasi boshlig‘ining 16-noyabr kuni bahsli orollarga tashrifiga norozilik bildirib matbuot anjumanini tark etgan.

Janubiy Koreyaning yuqori martabali amaldorlari va qonun chiqaruvchilari Janubiy Koreyaning bahsli orollar ustidan hududiy da'vosi haqli ekanini eslatib qo’yish uchun vaqti-vaqti bilan bu orollarga tashrif buyurib turadi.

Janubiy Koreya vakili Choy, “Bloomberg” agentligiga ko‘ra, mojaro boshqa masalalarga soya solishidan xavotirlanib, brifingda qatnashmaslikka qaror qilganini aytdi.

"Agar biz qoʻshma matbuot anjumani oʻtkazsak, yapon ommaviy axborot vositalari tashrif bilan bogʻliq savollarni bergan boʻlardi va bu holatda ikki tomon Tokto boʻyicha bir-birining pozitsiyasini rad etishga majbur boʻlardi. Biz shu narsa ro’y berishidan xavotirlandik", - dedi Choy jurnalistlarga.

Kuchayib borayotgan ziddiyat

"Yaponiya va Koreya Respublikasi munosabatlarining sustligi Bayden ma'muriyatining bugungi kunda Osiyodagi eng katta zaifliklaridan biridir", - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Osiyo bo'yicha katta vitse-prezidenti Maykl Grin.

"Shimoliy Koreya bundan unumli foydalanib, orani buzishga urinadi. Xitoyga esa xalqaro me'yorlarga rioya qilish bo’yicha bosim o’tkazish qiyinlashadi", - deya qo'shimcha qildi u.

Stenford universitetining Yaponiya-Koreya munosabatlari bo'yicha eksperti Daniel Snayder fikricha, uch tomonlama aloqalarni muvofiqlashtirmaslikning oqibatlari Vashingtonning Xitoyga qarshi turish maqsadlarini xavf ostiga qo'yadi.

“Agar men yapon boʻlganimda, Xitoyning butun Koreya yarimoroli ustidan nazorat va hukmronlik o’rnatishga urinishlaridan koʻproq tashvishlangan bo’lardim, - dedi Snayder. - Ular buni allaqachon Shimoliy Koreyada Tayvandagidan ham ko’ra muvaffaqiyatliroq amalga oshirmoqda".

"O'tmishdagi kelishmovchiliklar ustida bosh qotirish" o'rniga "umumiy xavfsizlik va diplomatik maqsadlarga e'tibor qaratish muhimroq", - deydi Grin.

Gringa ko’ra, Bayden ma'muriyati ba'zi muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, bu masalada "kamtarona siljishlarga erishmoqda".

Davlat departamenti so‘zlovchisi chorshanba kuni “Amerika Ovozi”ning Koreya xizmatiga bergan intervyusida Bayden ma’muriyati uch tomonlama munosabatlarni “mustahkamlash” tarafdori ekanini aytib, erkinlik va demokratiyani himoya qilish “bizning umumiy xavfsizligimiz va umumiy manfaatimiz uchun muhim” ekanini qayd etdi.

Yaponiya va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirliklari ham “Amerika Ovozi”ning Koreya xizmatiga bergan ma’lumotida uch tomonlama hamkorlik muhimligini tan olishlarini aytdi.

Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining ismi ochiqlanishini istamagan vakili "Yaponiya, Qo'shma Shtatlar va Koreya Respublikasi o'rtasidagi hamkorlik Shimoliy Koreya bilan bog'liq masalalardan tashqari mintaqaviy tinchlik va barqarorlik uchun ham muhim" ekanini aytdi.

Yaponiyaning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Masashi Mizobuchi ham Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSh o'rtasidagi "birlikni saqlash juda muhim" ekanligini ta'kidladi.

Yaponiya tanklari harbiy mashg'ulot o'tkazmoqda, Eniva, Yaponiya, 2021-yil, 6-dekabr
Yaponiya tanklari harbiy mashg'ulot o'tkazmoqda, Eniva, Yaponiya, 2021-yil, 6-dekabr

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi vakili chorshanba kuni uch tomonlama hamkorlikning muhimligini ta’kidladi. Unga ko’ra, “uch davlat turli darajalarda, jumladan, tashqi ishlar vazirlari, tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari va Koreya yarim oroli masalasi bo’yicha maxsus vakillar darajasida faol muloqot va almashinuvni davom ettirmoqda”.

Diplomatiyani kuchaytirish

Snayderning aytishicha, ikki ittifoqchi o'rtasida uzoq yillik tarixiy tafovutlar saqlanib qolayotgan bir paytda Bayden ma'muriyati uch tomonlama hamkorlikka sodiq yuqori darajali diplomatik kanallar orqali masalaga aralashishi kerak.

“Rahbariyat darajasida hech narsa yoʻq, - deydi Snayder uch tomonlama aloqalarni mustahkamlashda siyosiy irodaning muhimligiga ishora qilib. - Agar siz har ikki mamlakatda o'rta bo'g'in yoki yuqori darajadagi vazirlik xodimi bo'lsangiz va yuqoridan signal bo'lmasa, ko’p narsa qila olmaysiz".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG