Breaking News

AQSh va Meksika o'rtasida tariflar, migratsiya xususida muzokara


Tramp Meksikani tariflar bilan qo'rqitmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:53 0:00

Prezident Donald Tramp Markaziy Amerikadan kelayotgan muhojirlar oqimini to’xtat deya, Meksikaga bosim o’tkazmoqda. Bu davlat chora ko’rmasa, mahsulotlariga tarif qo’ymoqchi. Ikki davlat rasmiylari ushbu qadam har ikki mamlakat iqtisodiyotiga zarar bo’lishini aytmoqda. Trampning Kongressdagi partiyadoshlari ham qarshi.

Amerikaning Texas shtati va Meksika o’rtasidagi chegara 2000 kilometrga cho’zilgan. Ikki davlatni ko’prik va trassalar ulab turadi. Kuchli savdo aloqalar iqtisodiyotni tebratadi, deydi texaslik respublikachi senator Jon Kornin.

“Janubiy chegaramizni mustahkamlashga harakat qilar ekanmiz, AQSh iqtisodiyotida Meksika muhim rol o’ynashini unutmaylik”, - deydi u.

Qonunchining aytishicha, migratsiya muammosi AQSh qonunlaridagi nuqsonlardan kelib chiqadi, ularni tezroq bartaraf etish kerak.

Senator Chak Shumerga ko’ra, Tramp ma’muriyati Markaziy Amerika davlatlariga moliyaviy yordamni kesib, chegara muammolarini yanada chigallashtirdi.

“Milliy xavfsizlikka o’zimiz jarohat yetkazyapmiz. Prezident shikoyat qilayotgan muammolar yana battarlashadi”, - deydi Shumer.

Trampni tarif qo’yish fikridan qaytarish uchun Meksika Vashingtonga delegatsiya yuborgan. Tashqi ishlar vaziri Marselo Ebrard shunday deydi:

“Meksika AQSh tomon migratsiyani kamaytirish uchun allaqachon choralar ko’rmoqda. Migrantlar Meksikaning o’zida boshpanaga ariza topshirishi mumkin. Ular ishlashi uchun mintaqaviy ruxsatnoma tizimini ham yo’lga qo’yayapmiz. Meksikaning janubiy chegarasida nazoratni oshirdik”.

Ebrard deydiki, agar bu choralar ko’rilmaganda edi, AQSh chegarasida muhojirlar soni chorak millionga ko’proq bo’lardi. Unga ko’ra, Meksika tovarlariga tarif qo’yish va Markaziy Amerikaga yordamni kesish migratsiyani kamaytirmaydi, balki oshiradi.

Meksika qishloq xo’jaligi vaziri Viktor Villalobos tariflar har ikki mamlakatda qanday aks-sado berishini tushuntirdi:

“Tariflar joriy etilsa, qishloq xo’jaligi sektori 1,4 milliard dollarga teng zarar ko’radi. Bu kuniga taxminan 3,8 million dollar. Bizga ham, sizga ham, iste’molchiga ham ziyon”.

Meksika vazirlari migratsiya manbai hisoblangan davlatlar, xususan Salvador, Gvatemala va Gonduras hukumatlari bilan muloqot qilishni taklif etmoqda. Migratsiya negizida yotgan sabablar - jinoyat, yo’qsillik va zo’ravonlik, deydi ular.

Ikki davlat rasmiylari Vashingtonda muzokara qilmoqda. So'nggi uch oyda AQSh chegarasida 100 mingdan oshiq hujjatsiz muhojir ushlangan. May oyida esa bu raqam 144 mingga chiqdi. Prezident Tramp Meksikani muhojirlarni Amerika tomon o'tkazib yuborayotganlikda ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG