Breaking News

AQSh Shimoliy Afg'onistonda toliblarni havodan nishonga olmoqda

  • Amerika Ovozi

Bagram aerodromi, Afg'oniston

Tolibonga qarshi yangi operatsiya Xitoy va Tojikiston bilan chegaradosh hududlarda olib borilmoqda. Jangarilarning moliyaviy manba, qo'rg'on va uylari shu tomonda, deydi qo'mondonlar.

Havo hujumlari Prezident Donald Trampning Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyasiga asoslangan. Unda Tolibonni qoradori sanoatidan ayirish ko'zlangan. Eng yirik makon Hilmand viloyatidir.


“O'tgan 96 soat mobaynida AQSh havo kuchlari Badaxshon viloyatida toliblarni nishonga olgan. Jangarilarning trening markazlari shu yerda ekani ma'lum.

Hujumlarda toliblar afg'on armiyasidan o'g'irlagan harbiy vositalar ham yo'q qilingan.

Operatsiyani afg'on kuchlari olib bormoqda, lekin AQSh uchuvchilari safarbar etilmoqda. Qish bunday amaliyotlar uchun og'ir payt, lekin, deydi zobitlar, mahalliy qo'shinlar uchun zarur sinov.

Shimoliy Afg'oniston toliblar uchun hozir asosiy makon ekani aytiladi. Jangarilar ijtimoiy tarmoqlarda yoygan videolarda aynan shu hududda qishlayotgani, uquvini oshirib, portlovchi moddalar tayyorlayotganini ko'rsatib, kuchdan qolmaganini da'vo qilgan. AQSh qanchalik chiranmasin, toliblarni yo'q qila olmaydi, deyiladi videolarda.

B-52 rusumidagi strategik hujumchi samolyotlar
B-52 rusumidagi strategik hujumchi samolyotlar

AQShning B-52 "Stratofortress" rusumidagi qiruvchi samolyotlari 24 o'tkir nishonli bomba tashlagan. Tolibonga qarshi hozirgacha hech qachon buncha yirik qurol bir operatsiyada ishlatilmagan.

O'tgan ikki oydan beri Tolibon 30 million dollarga teng mulkidan ayrildi, deydi harbiylar. Biroq Hilmand viloyatidagi 14 tumandan aksariyati hamon jangarilar qo'lida. Afyun yetishtiruvchi hududlar.

Hilmand viloyatining ko'knor dalalari
Hilmand viloyatining ko'knor dalalari

"Tolibon qayerga ham yashirina oladi. Ularning qochadigan joylari bizga ma'lum", - deydi AQSh qo'mondoni general Jon Nikolson.

"Ularni baribir yo'q qilamiz", - deya qo'shimcha qiladi u.

Lekin 17 yil oldin boshlangan urush shu paytgacha ham davom etayotgani harakatni harbiy yo'l bilan yengib bo'lmasligini ko'rsatdi.

Amerika shu kunlarda A-10 rusumidagi qiruvchi samolyotlarini ham ishga solmoqda. Afg'on kuchlaridan 4000 nafari maxsus treningdan o'tib, xizmatni boshladi.

Oq uy nazarida, yangi strategiya meva bera boshlagan. Biroq Pentagondan bunday ishonchni eshitmaysiz. Mudofaa vazirligi Afg'onistonda vaziyat hali ham tang ekanini tan oladi.

Kobulda Prezident Ashraf G'ani esa Tolibon bilan kutilgan tinchlik muzokarasi kechmaydi, chunki harakat qonli maqsadlaridan qaytmagan, deya ta'kidlamoqda.

Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani
Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani

Tolibon ta'biricha esa, G'ani Amerikaning qo'g'irchog'i.

Markaziy hukumat bilan gaplashishi mumkinligini aytib kelayotgan harakat so'nggi hujumlardan keyin bu ahdidan qaytishi aniq.

“Prezident Tramp mujohidlar bilan urushda. Shunday ekan, biz ham jangni davom ettiramiz. Bu biz uchun yangilik emas", - deydi Tolibon vakili.

Ekspertlar urushning yangi pallasi boshlanib ketganini aytib, qurbonlar soni oshib boradi, deya ogohlantirmoqda.

“Afg'onistonda anchadan beri bu ko'lamda janglar kuzatilmagan edi", - deydi Maykl Kugelman, Vashingtonda tanilgan tahlilchi.

"Qahraton qishda katta hududlarda aholi zahmat chekmoqda".

“100 ming jangchi bilan yuta olmagan urushni endi 15 ming qo'shin bilan yutarmidik? Nazarimda, Oq uy xomxayol surmoqda", - deydi u.

Tolibon mamlakatning 44 foizi bizniki, deb keladi. O'tgan yili 10 ming afg'onning yostig'i qurigan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG