Breaking News

Tramp bojni oshirayotgani savdo urushiga olib kelishi mumkin


AQSh bilan savdo-sotiq qiladigan davlatlar Prezident Donald Trampning alyuminiy va po'lat importiga boj solish qarorini tanqid qilmoqda. Bu savdo urushiga yetaklashi, yirik davlatlar ham, rivojlanayotgan davlatlar ham zarar ko'rishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Rejaga ko'ra, import qilingan po'latga 25 foiz, alyuminiyga 10 foiz tarif belgilanadi.

Oq uyga harakat qilayotganida Tramp mahalliy sanoatlarni himoya qilishga va'da bergan edi. Uning fikricha, chetdan keladigan arzon mahsulotlar sabab AQShda ko'plab korxonalar yopilib ketgan, odamlar ishsiz qolgan.

AQShga alyminiy eksport qiladigan davlatlardan biri, Xitoy, Vashingtonni yangi tariflar haqida ogohlantirdi.

"Bu har ikki davlatga ziyon. Zarur va asosli choralar ko'ramiz", - deydi Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yi.

Yevropa ham Amerika mahsulotlari importiga boj joriy etishini bildirmoqda.

"Po'lat, sanoat va qishloq xo'jaligi mahsulotlari, viski, shuningdek, yong'oq moyi, klyukva va apelsin soki", - deya sanab o'tdi Sesiliya Malmstrom, Yevropa Ittifoqining savdo bo'yicha komissari.

Trampning da'vo qilishicha, po'lat va alyuminiy sanoatlari mudofaa uchun muhim va milliy xavfsizlikni ta'minlash uchun tariflar joriy etilishi kerak. Jahon Savdo Tashkilotida muammolar bo'ladi, deydi professor Ken Shadlen.

"Jahon Savdo Tashkiloti gap milliy xavfsizlik haqida ketayotgan bo'lsa, AQSh bunga haqli, deb aytishi mumkin. Xavfsizlik deb istagan narsani qilish mumkin", - deydi u.

1994-yilda ko'plab rivojlanayotgan davlatlar tashkilotga qo'shilayotganda, deydi Shadlen, AQSh importga istaganicha tarif qo'ya olmaydi, degan anglashuv bo'lgan.

"Savdo tashkiloti doirasidagi kelishuvlar qaysidir davlatlarga yoqqan, qaysilarigadir yoqmagan. Ammo muayyan imtiyozlar uchun shartlarni qabul qilasiz. 1994-yilda imtiyozlardan biri AQSh tariflarni nisbatan past ushlab turishi edi. Oradan 25 yil o'tib, Amerika bu qoidalardan voz kechayotgan bo'lsa, jiddiy muammo kelib chiqadi", - deydi professor.

Yevropa boshqa davlatlar bilan AQSh tariflariga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirmoqda. Hukumatlar javob tariqasida erkin savdo yo'liga to'siqlar qo'yishni boshlasa, ayrim mahsulotlar narxi oshib, iste'molchilar hamyoniga ham zarar bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG