Breaking News

Turkiya prezidenti AQShda ketayotgan mahkama da'volarini inkor qildi


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Nyu-Yorkda ketayotgan sud yuzasidan o'z noroziligini bildirdi. Sud ma'lumotlariga ko'ra, yashirin kelishuv asosida Anqara Eron bilan AQSh sanksiyalarini chetlab o'tgan holda iqtisodiy hamkorlik qilgan.

"Biz Eron bilan savdo va energiya aloqalariga egamiz. Biz sanksiyalarni buzmadik. Hukm qanday bo'lishidan qat'i nazar, biz to'g'ri ishni qildik", - dedi Turkiya rahbari Erdog'an.

Turkiyaning davlatga qarashli Xalq banki rahbari o'rinbosari Mehmet Hakan Attila Eronga AQSh sanksiyalarini aylanib o'tishga yordam berganlikda ayblanmoqda. Prokurorlarning da'vo qilishicha, gap bir necha milliard dollarlik savdo haqida ketmoqda va bu ishga hukumatning yetakchi rasmiylari ham aralashgan.

Mojaro markazida Eron va Turkiya fuqaroligiga ega Rizo Zarrab turibdi. Oltin bilan savdo qilgan bu shaxs ayni paytda AQShda hibsda va o'ziga qo'yilgan ayblarni tan olgan. Uning aytishicha, Erdog'an va o'sha paytdagi moliya vaziri Ali Babajan Eron bilan olib borilgan yashirin aloqalardan xabardor bo'lgan. Sobiq iqtisodiyot vaziri va Erdog'anning yaqin ittifoqchisi Zafar Chag'layanga qarshi ham ish ochilgan.

Turkiya matbuoti AQShda ketayotgan sudni Prezident Erdog'anni obro'sizlantirishga qaratilgan siyosiy buyurtma deya tanqid qilmoqda. Hukumat rasmiylari ham shunday fikrda.

Aholi orasida azaldan AQShga nisbatan shubha va ishonchsizlik kayfiyati yuqori.

"Turkiyada ayrimlar Amerika sud tizimining mustaqil ekaniga ishonmaydi", - deydi Qodir Xosh universiteti eksperti Soli O'zel.

Erdog'an tarafdorlari orasida Amerikaga qarshilar ko'pchilikni tashkil etishi bois bu mojarodan prezident obro'siga jiddiy putur yetishi kutilmayapti.

Bu orada Turkiya prokurorlari Markaziy Razvedka agentligining Milliy razvedka kengashini boshqargan Grem Fullerni qamoqqa olish haqida order berdi. Fuller o'tgan yili Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakulangan harbiy to'ntarishga aloqadorlikda ayblanmoqda.

Nyu-Yorkda davom etayotgan sud jarayoni asnosida Turkiya lirasi jiddiy yo'qotishlarga uchrashi. Chunki agar sudda aybdor deb topilsa, Turkiya davlat banklari katta jarimaga tortilishi mumkin. Bu esa Turkiya iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko'rsatadi degan xavotirlar mavjud.

Eronga qo'yilgan sanksiyalar yuzasidan jazoga tortilayotgan faqat Turkiya banklari emas. Bir necha Yevropa banklari ham xuddi shu ayblovlar bilan yuzlashgan va aybi aniqlangan edi. Masalan, Parijda joylashgan BNP Paribas Banki 9 milliard dollar jarima to'lagan.

Turkiya banklari AQSh sudida olg'a surilayotgan ayblovlarni rad etmoqda. Turkiya hukumati va banklari ayblovlarni keskin inkor etar ekan, agar AQSh sudi jarima to'lash bo'yicha qaror chiqarsa, Turkiya bu hukmga rioya qiladimi?

Ekspertlarning aytishicha, agar Turkiya jarima to'lashdan bosh tortsa, bu mamlakat uchun nafaqat siyosiy, balki og'ir moliyaviy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin.

Prezidentga nisbatan mahalliy bosim ham oshib bormoqda. Asosiy muxolifat sanaladigan Respublikachilar xalq partiyasining da'vo qilishicha, Erdog'anning oila a'zolari xorijdagi bank hisobiga 15 million dollar pul o'tkazgan. Erdog'an partiya yetakchisi Kamol Qilichdoro'g'lidan bu gaplari uchun dalil keltirishni talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG