AQSh va Turkiya aloqalarni yo'lga solishga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi muovini Jonatan Koen boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaga safar qilib, bu davlat bilan yuzaga kelgan ziddiyatlarni muhokama qilmoqda. Diplomatik mojaroga AQSh konsulligi xodimi Metin Topuzning terrorizm aybi bilan hibsga olinishi sabab bo'lgan. Ikki davlat bir-biriga viza bermayapti.

"Bu masalani tez orada hal qilamiz", - deya ishonch bildirdi Turkiya prezidenti so'zlovchisi Ibrohim Qalin.

"Prezident Donald Tramp Eron nufuzini jilovlashga urinayotgan bir paytda, unga Turkiyadek ittifoqchi kerak", - deydi siyosatshunos Atilla Yesilada. "Suriya kurdlaridan foyda yo'q".

Suriyadagi kurd jangchilar "Islomiy davlat" ekstremistlar guruhiga qarshi kurashda AQShga ittifoqchi ekanidan Anqara chuqur norozi. Shu hafta Raqqa shahrini jihodchilardan ozod etishda kurd qurolli kuchlari faol qatnashdi. Turkiyaga ko'ra esa Suriyadagi kurdlarning Kurdiston Ishchilar partiyasi degan terrorchi tashkilot bilan tili bir.

Bu orada, Turkiya va Eron kurd ayirmachiligi masalasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. Har ikkisi Iroq kurdlarining mustaqillik referendumiga qarshi chiqdi. Ammo uzoq muddatli strategik maqsadlar haqida gap ketganda Anqara va Vashington qarashlari hamohang, deydi kuzatuvchilar.

Yaqingacha Prezident Rajab Toyib Erdog'an AQSh bilan bir qatorda "fors ekspansiyasi" haqida xavotir bilan gapirar edi. Ikki davlat tarixan regionda bir-biriga raqobatchi. Anqara Eronning ittifoqchisi Suriyada muxolifatga yordam berib keladi.

Biroq Turkiya tashqi siyosati ko'proq ichki siyosatga qarab belgilanmoqda. 2019-yilda prezident saylovlari. Kurdlarga bosim turk millatchilari ovozini olishda Erdog'anga qo'l keladi. Saylovgacha Turkiya tashqi siyosatida o'zgarish kutmang, deydi tahlilchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG