Breaking News

Nyu-Yorkda tadbirkor ustidan sud Turkiyani g'azablantirdi


Tadbirkor Rizo Zarrab prokurorlar bilan kelishgan bo'lishi mumkin
Tadbirkor Rizo Zarrab prokurorlar bilan kelishgan bo'lishi mumkin

Eronga qo'yilgan sanksiyalarni aylanib o'tib, milliardlab dollarlik biznes yuritganlikda ayblanayotgan Rizo Zarrab Nyu-Yorkda sudga tortilmoqda. 33 yoshli millioner Turkiya va Eron fuqaroligiga ega, har ikki mamlakatda yuqori lavozimdagi amaldorlar bilan oldi-berdi qilgani aytiladi.

Zarrab 2016-yilning bahorida oilasi bilan Florida shtatiga uchib kelganida hibsga olingan edi. Ayblovga ko'ra, u 2010-2015 yillar mobaynida Eronga AQSh sanskiyalarini chetlab o'tishda ko'maklashgan, bunda AQSh moliya tizimidan foydalangan, Turkiya rasmiylariga pora bergan.

AQSh-Turkiya aloqalari

Nyu-Yorkda boshlanayotgan sud Anqara-Vashington munosabatlarini chigallashtirgan omillardan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an shaxsan o'zi ayblanuvchini ozod etishni so'ragan, Prezident Tramp bilan telefon muloqotda ham bu masalani ko'targan. Sud ishi, deydi kuzatuvchilar, Turkiyadagi chuqur poraxo'rlikni suv yuziga olib chiqishi mumkin.

Mahkama boshlanishi oldidan Rizo Zarrabning Nyu-Yorkdagi qamoqxonadan boshqa joyga ko'chirilishi uning prokurorlar bilan hamkorlik qilayotgani haqidagi mish-mishlarni kuchaytirgan. Tadbirkor Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklarida soxta kompaniyalar tuzib, Eron hukumati va shirkatlari bilan yuzlab million dollarlik savdoni yashirganlikda ayblanmoqda.

Yana bir da'vo shuki, neft va tabiiy gaz evaziga Eronga oltin eksport qilingan; Turkiya rasmiylari va bankirlari Zarrab qo'lidan o'nlab million dollar pora olgan.

AQSh prokurorlari Zarrab qatorida yana 8 kishi, jumladan uning akasi Muhammad Zarrab va Turkiyaning sobiq iqtisod vaziri Mehmet Zafar Chaglayanga nisbatan ayblovlarni e'lon qildi. Shulardan faqat bittasi hibsda - Turkiyaning Xalq Banki rahbari sobiq muovini Mehmet Atilla.

Bir necha bor qoldirilgan sud jarayoni 27-noyabr kuni Nyu-Yorkda jyuri a'zolarini tanlash bilan boshlandi.

Da'volar

Sud hujjatlarida da'vo qilinishicha, Rizo Zarrab Prezident Erdog'an bilan shaxsan tanish bo'lgan va Turkiya rahbari uning ishlaridan xabardor bo'lgani taxmin qilinadi. Erdog'an biror jinoyatda ayblanmayapti, lekin u sud ishini Turkiyaga qarshi fitna deb hisoblaydi.

Bu ishdan voz keching, deb Erdog'an avvalgi Prezident Barak Obamaga ham, Donald Trampga ham qayta-qayta murojaat qilgani ma'lum. Natija bo'lmagach, u AQSh adliya tizimini adolatsiz deb qoralamoqda.

Rizo Zarrab Amerika prokurorlari bilan kelishgan holda aybini tan olib, sudda ko'rsatma berishi ehimoldan xoli emas. Hozir u qayerda saqlanayotgani noma'lim. Agar guvohlik bo'lishga rozilik bergan bo'lsa, u Nyu-Yorkdagi sudda ko'rinish bermasligi ham mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG