Breaking News

AQSh rasmiysi: Rossiya harakatlari - agressiya


BMT Xavfsizlik kengashi majlisida: Rossiya elchisi V.Churkin (chapda) AQSh elchisi Samantat Pauer (o'ngda) chiqishini tinglamoqda, 3-mart 2014-yil.
BMT Xavfsizlik kengashi majlisida: Rossiya elchisi V.Churkin (chapda) AQSh elchisi Samantat Pauer (o'ngda) chiqishini tinglamoqda, 3-mart 2014-yil.
AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi Rossiyaning qo’shni Ukrainadagi harbiy harakatlarini qoraladi.

BMT Xavfsizlik kengashining 3-mart kuni o’tkazilgan favqulodda majlisida elchi Samanta Pauer Rossiya harakatlarini “agressiya” deya baholadi. Rasmiy Moskva o’z qadamini insonparvarlik yordami sifatida tushuntirishga urinmoqda.

Pauerning Kengash a’zolariga aytishicha, Rossiya Urkainadagi hodisalar boshqa natijaga olib kelishini istagan bo’lishi mumkin, lekin qurol ishlatishga haqqi yo’q.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin esa Xavfsizlik kengashiga Ukrainaning hokimiyatdan chetlashtirilgan prezidenti Viktor Yanukovichning bayonotini o’qib eshittirdi.

Yanukovich Rossiya prezidenti Vladimir Putindan Urkainadagi vaziyatga aralashishni va bu bilan “tinchlik va baqrarorlik”ni o’rnatishni so’ragan, dedi Churkin. Kreml Qrimga qo’shinlar olib kirishdan maqsad u yerda yashovchi Rossiya fuqarolarini himoya qilish, deb kelmoqda.

“Mamlakat tartibsizlik va anarxiya girdobiga sho’ng’idi. G’arb boshqarayotgan haqiqiy terror va zo’ravonlik qurshovida qoldi”, - deya maktubdan iqtibos keltirdi Kengash majlisidan keyin jurnalistlar bilan uchrashgan Churkin.

U maktub nusxasini Kengash a’zolariga ham namoyish qildi. Majlis chog’ida G’arb davlatlari elchilari va Rossiya rasmiysi 2,5 soat davomida bir-biri bilan keskin fikr almashdi.

Churkindan so’ng so’zga chiqqan AQSh elchisi Samanta Pauer Rossiya ayblovlarini asossiz, deb Urkainadagi etnik ruslar hech qanday xavf ostida emas, deya ta’kidladi.
“Bunga hech qanday dalil yo’q”, dedi Pauer va Rossiyaning harbiy harakatlari uchun hech qanday qonuniy asos ham yo’qligini aytdi.

Churkin esa Pauerga “Siz barcha ma’lumotni Amerika televideniyesidan olgan ko’rinasiz”, der ekan, Ukraina prezidenti aslida Yanukovich, Oleksandr Turchinov emas, deya ta’kidladi.

So’nggi to’rt kun ichida BMT Xavfsizlik kengashiga a’zo 15 davlat vakili uch marta Urkaina masalasini muhokama qilish uchun yig’ildi.

Obama: AQSh Rossiyani yakkalab qo’yish masalasini o’rganmoqda

Bundan oldin AQSh rahbari Rossiyaning Qrimdagi harbiy harakatlarini qoralab chiqqan edi.

Dushanba kuni jurnalistlar bilan muloqot qilgan Obama Qo’shma Shtatlar Rossiyani xalqaro hamjamiyatdan ajratib qo’yishi mumkin bo’lgan qator iqtisodiy va diplomatik qadamlarni o’rganib chiqayotganini ma’lum qildi.

"Jahon hamjamyati bir narsada yakdil: Rossiya harakatlari Ukraina suvereniteti va territorial butunligini buzdi, xalqaro huquqni poymol qildi. Qo’shni davlatlar bilan munosabatlarni belgilovchi ilgargi kelishuvlar ham buzilgan. Oqibatda NATO tashkiloti, Katta yettilik guruhi Rossiya harakatlarini qoralamoqda,” – dedi AQSh prezidenti.

U, shuningdek, Kongressdan Ukrainaga yordam ajratish masalasini ko’rib chiqishni so’radi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG