Breaking News

Uyg'urlar Xalqaro uyg'ur tili kunini nishonlamoqda


Uyg'ur tili kelajagi
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:06:23 0:00

Uyg'ur tili kelajagi

Xitoy g’arbidagi Shinjon-uyg’ur muxtoriyatida qo’sh til ta’lim siyosati bog’cha va maktablarda fanlarni ikki tilda - uyg’urcha va xitoychada o’rganishni ko’zlasa-da, amalda ta’lim bir tilda - xitoychada olib borilib, uyg’urlar tili va shu bilan birga madaniyatidan judo etilmoqda. Ona tiliga e’tiborni oshirish maqsadida xorijdagi uyg’ur faollari Xalqaro Uyg’ur tili kunini joriy etdi.

Xitoyning Shinjon-uyg’ur muxtoriyati yoki, uyg’urlar tili bilan aytganda, Sharqiy Turkistonda bu xalqni o’z ona tilidan ayirish siyosati avjida. Xitoy iqtisodiyoti dunyoda gurkirayotgan bir paytda hukumat uyg’urlarga xitoychani o’rganishni tavsiya qilib keladi. Shundagina, deydi Kommunistik partiya rahbarlari, jamiyatda uyg’unlik hukm suradi, ozchilikdagi elatlarning rivojlanishi tezlashadi, taraqqiyotdan qolib ketmaydi, o’qishdan so’ng ularning ish topishi osonlashadi. Biroq aslida hukumat tomonidan ham, oddiy xitoyliklar tomonidan ham kamsitilayotgan uyg’urlar bu siyosatning o’zligi va madaniyati uchun halokatli ekanini aytadi.

Xalqaro uyg'ur tili kuni nishonlanmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:31 0:00

"Xitoy uyg'ur tilini yo'q qilibgina qolmasdan o'z g'oyalarini, madaniyatini singdirmoqda. Chiroyingiz, qiyofangiz uy'gur, ammo ammo g'oya va boshqa tarafdan siz uyg'urligingiz yo'qolgan bir narsaga aylanasiz", - deydi uyg'urlar huquqlarini o'rganuvchi loyiha xodimi Zubayra Shamsiddin.

Uning o'zi asli Gulja shahridan. Uzoq vaqtdan beri AQShda yashaydi. Zubayra Shamsiddin o’qigan maktab 2011-yilda shahardagi xitoy maktabi bilan birlashib, ta’lim xitoy tilida olib borilmoqda.

“Keyingi vaqtlarda xitoy maktablariga borgan, xitoy tilida o’qigan uyg’urlarda o’z tilini mukammal bilmaslik bor. Chunki xitoycha o’rta maktabni bitirgandan so’ng, oliy maktabda ham xitoycha o’rgatiladi. Xitoychani ming yaxshi bilsak ham uyg’ur ekanimiz pand beradi, munosabat baribir salbiy”, - deydi u.

O’tgan asrning 80-yillari o’rtalarida boshlangan qo’sh til ta’lim siyosati tufayli 1995-yilda besh yarim mingdan ziyod o’quvchi ikki tillik maktablarga jalb etilgan bo’lsa, bugunga kelib ularda bir yarim milliondan ziyod o’quvchi bor.

Rasmiy Pekin qo’shma maktablardan maqsad ozchilikdagi elatlar tilini saqlab qolgan holda ularga xitoychani ham o’rgatish, deydi. Shunda ish topish, rivojlanish osonlashishi aytiladi.

Biroq bo’lginchilikda ayblanib, hozir umrbod qamoq muddatini o’tayotgan uyg’ur iqtisodchisi Ilhom To’xtining 2013-yilda o’tkazgan izlanishi natijasiga ko’ra, oliy o’quv yurtlarini tamomlagan uyg’urlarning atigi 17 foizi o’qishdan so’ng ish topishga muvaffaq bo’lgan.

Malakasi yuqori mutaxassis bo’lishiga qaramay, uyg’urlarni ataylab ishga olishmaydi, deydi Uyg’ur-Amerika uyushmasi vitse-prezidenti Ilshat Hasan.

"Qo'sh tillik maorif amaliyotda bir tillik maorifdir, ya'ni xitoy tili maorifi. Uyg'ur tili muallimlari maktablardan haydalib, ishsiz qolgan. Hatto ishxonalarda uyg'urlar bir-biri bilan o'z tilida gaplasha olmaydi. "Xitoycha so'zlashinglar, bu - davlat tili" deyishadi bizga. Avtonomiya qonuni bo'yicha Uyg'ur avtonom rayonida uyg'ur tilining maqomi xitoy tiliniki bilan teng. Bu qonun bo'yicha. Lekin amaliyotda bunday emas. Kutubxonaga kirsangiz, uch qavatli kutubxonada bir qavatining bir bo'limidagina uyg'ur tilida kitoblar bor, qolgani xitoycha", - deydi Ilshat Hasan.

Amerikaga Xitoyning Urumchi shahridan 2,5 yil oldin kelgan Nigora Savirdinning aytishicha, mamlakatda uyg’urlarga nisbatan yanglish tushuncha, tasavvurlar mavjud.

“Shinjonda yashaydigan xitoylar uyg’urlarni yaxshi biladi, lekin Shanxay, Pekin kabi yirik shaharlarga borganda avvaliga bizni chet ellik deb o’ylashadi. Shinjondanmiz desak, muomala darrov o’zgaradi. Ularda biz haqimizda xato tushuncha bor. Bizni o’g’ri, ot minib maktabga boradi, o’qimagan, savodsiz deb bilishadi. Biror nojo’ya ish yuz bersa, ular kim qilganini aniqlashtirmay, darrov aybni ug’urlarga to’nkashadi. Bizni terrorchi deb o’ylashadi”, - deydi u.

Nigora Savirdinning aytishicha, u bog’chadan boshlab oliy o’quv yurtigacha ta’limni xitoychada olgan.

“Xitoy tilini uyg’urchadan yaxshi bilaman”, - deydi u.

Tilga e’tiborni oshirish maqsadida xorijdagi uyg’ur faollari yangi tashabbus bilan chiqdi.

Uyg’ur-Amerika uyushmasi prezidenti Olim Seytoffning aytishicha, Xitoy hukumati qo'sh tillik maorifni bahona qilib, uyg'urlarning tili, madaniyati, dini, urf-odatiga hujum qilib, ularni yo'q qilishga harakat qilmoqda.

"Biz yoshlarimizga uyg'ur tilining muhimligini bildirish uchun 15-iyun kunini Xalqaro uyg'ur tili kuni deb belgilashga qaror qildik", - deydi Olim Seytoff.

Xitoyda ozchilikdagi olti elat tilida o’qiydigan talabalarni min kao min, xitoy tilida o’qigan shu elat vakillarini esa min kao han deb atashadi. Xitoy maktablarini tamomlagan uyg’urlar ham min kao han hisoblanadi.

Uyg’ur faollariga ko’ra, Xitoy hukumati ikki tillik maktablarda xitoy tilini a’lo bilmaydigan uyg’ur o’qituvchilarni ishdan ozod etib, xitoy o’qituvchilarining uyg’ur tilini mukammal bilmasligiga ko’z yummoqda. Bu esa maktablarda xitoy o’qituvchilarining ko’payishiga va buning natijasida “min kao han”larning o’z ona tilida ta’lim olish imkoniyatlarining cheklanishiga olib kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG