Breaking News

O’zbekistonda siyosiy talablar ko’tarish taqiqlanganmi?


Anvar Nazir
Anvar Nazir

Turkiston ozodligi uchun kurashgan o’zbek arboblarini xotirlash, Sharqiy Turkistondagi mazlumlar haqqiga duo qilishni rejalagan o'zbekistonlik yosh faollar Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida siyosiy maqsadlari yuzasidan so’roqqa tutilgan.

Siyosiy talablarni ko’tarish demokratik jamiyatning ajralmas bir qismi, ammo uzoq yillik turg’unlik asorati tufayli o’zbek jamiyatida siyosiy talablarni ko’tarishdan hayiqish vujudga kelgani ta’kidlanmoqda.

O’zbekistonlik bir guruh yoshlar ijtimoiy tarmoq orqali mustaqillik bayrami munosabati bilan Turkiston ozodligi va mustaqilligi uchun kurashgan fidoiylar Alixonto’ra Sog’uniy va Mirtemir Mirabdullayevning Toshkentdagi qabrlarini ziyorat qilish, Sharqiy Turkistondagi qardosh xalqlar haqqiga duo qilish xususida kelishganidan so'ng ular madaniy va ma'rifiy deb bilgan tadbir amalga oshmaydi - aksiya ishtirokchilari ichki ishlar boshqarmasiga yetkazilib, aksiyaning siyosiy maqsadlari yuzasidan so’roqqa tutiladi.

Tadbir tashkilotchilaridan biri, militsiya bilan suhbat qilgan sharhlovchi Anvar Nazir aksiya ishtirokchilarining so’roq qilinishi qonunga xilof ekanini aytadi:

“Albatta, har qanday mavzuni o’rgansangiz, ayniqsa tarixni, undan siyosat chiqadi. Agar siyosatga aralashish taqiqlangan bo’lsa, unda saylovlarda ham qatnashmaylik. Lekin shu kuni, biz tadbir rejalagan kunimiz Prezident Mirziyoyevning o’zi katta minbardan turib, biz endi erkinlik sharoitida ishlashga o’rganishimiz kerak deb aytdi. Men savol beryapman: kimga ishonish kerak? Prezidentning gaplarigami yoki siyosatga aralashmaslik, tarjima bilan shug’ullanmaslik, davlat tili masalasini ko’tarmaslikni tavsiya qilayotgan ichki ishlar boshqarmasi vakiliga ishonaymi? Vaziyat qanaqa, o’yin bo’lyaptimi, ikkiyuzlamachilikmi, har xil gap”, - deydi Anvar Nazir.

Boshqarmadagi savol-javob paytida aksiya ishtirokchilarining, xususan Anvar Nazirning ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari titkilab chiqilgan. Sahifalarda yozilgan sharhlar yuzasidan izohlar so’ralgan, ayniqsa Alixonto’ra Sog’uniy va uyg’urlar masalasiga, Abdulla Qodiriyning “O’tkan kunlar” romanini inglizchaga o’girgan amerikalik tarjimon Mark Ris bilan hamkorlik, davlat tiliga doir talablarga diqqat qaratilgan.

“So’roq, asosan, siyosiy masalalar haqida bo'ldi. Mendan nega AQShga borib kelganim, nima uchun Mark Ris bilan hamkorlik qilayotganim haqida so’rashdi. Amerika-o’zbek jamiyati tuzayotganimiz haqida aytsam, siz nega buni qilyapsiz, buni faqat elchixona qilishi kerak, deyishdi. Mark Risni deyarli hammadan so’rab chiqishibdi - kim, nega o’zbek adabiyotiga osilyapti, deb. Bundan tashqari, nega davlat tili, uyg’urlar masalasini ko’tarayotganimizni ham so’rashdi”, - deydi Anvar Nazir.

Amalga oshmagan aksiya ishtirokchilariga ko'ra, militsiya xodimlari surishtirgan mavzularning birortasi qonunchilikda taqiqlangan emas; siyosiy mavzu, talablar ko’tarish O’zbekistonda erkin, siyosiy talablarni olg'a surish taqiqlanganiga doir birorta hujjat mavjud emas.

Anvar Nazirning aytishicha, bundan qat’i nazar, huquq tartibot organlari har qanday aksiya ortidan siyosiy maqsadlar qidiradi, vaholanki, bu ularning vakolati doirasidagi ishmas; ularning ishi - tadbirlar paytida tartib, intizomni saqlash, xavfsizlikni ta’minlash.

“Bizda siyosiy talablar ko’tarishdan hamon qo’rquv mavjud, masalan, men chiqishga tayyorman, lekin boshqa ishtirokchilarni xavf ostiga qo’yishni istamayman, chunki huquq tartibot idoralari bizlarni olib ketishi aniq. Hozir siyosiy maydon faqat Facebook bilan cheklanib qolgan, munozara, asosan, shu yerda, qo’rquv yo’q. Masalan, uyg’urlar masalasida ham menga savol berishdi "nega buni ko’taryapsan, bu Xitoyning ichki ishi deb". Men bu mening shaxsiy sahifam ekanligini, davlatga aloqasi yo’qligini aytdim. "Yo’q, uyg’urlar bizga nimasi bilan yaqin" deb so’rashdi. Boshqalardan esa "nega sizlar atom elektrostansiyasi qurilishiga qarshi chiqyapsizlar" deb so’rashibdi. Xullas, nafaqat uyg’urlar, balki boshqa siyosiy masalalarga ham aralashishni bas qilish kerak. Bunga kechagi tadbirimiz misol, ziyorat masalasi qolib, ijtimoiy tarmoqlardagi siyosiy chiqishlarimizni tahlil qilishdi”, - deydi Anvar Nazir.

Aksiyasi ishtirokchilari 1-sentabr kuni so’roqqa tutilib, qo’yib yuborilgan. Shu kuni Mustaqillik bayrami munosabati bilan chiqish qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistondagi demokratik islohotlar orqaga qaytmasligini ta’kidlab, davlat idoralarini erkinlik sharoitida ishlashni o’rganishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG