Toshkentda bloger Hayotxon Nasriddinov hibsga olingan


Bloger Hayotxon Nasriddinov iqtisodiy vaziyat haqidagi sharhlari bilan tanilgan

O'zbekistonda bloger Hayotxon Nasriddinov davlatga qarshi fitna ishida ayblanuvchi sifatida ko‘rilmoqda. Bu ishni Milliy xavfsizlik xizmati yuritmoqda.

20-oktabr kuni hibsga olingan Nasriddinov jurnalist Bobomurod Abdullayev saqlanayotgan MXX izolyatorida ushlab turilibdi. U ham Usmon Haqnazarov imzosi ostida e’lon qilingan maqolalar muallifligida ayblanishi ehtimol qilinmoqda. Uning ishi maxfiylashtirilgan, qarindoshlariga matbuot bilan aloqaga chiqmaslik, faqat davlat advokati xizmatidan foydalanish tavsiya qilingan.

Hayotxon Nasriddinovning (Hayot Nasriddinov, Hayot Xon Nasriddinov) hibsga olingani 4-noyabr kuniga borib ma’lum bo’ldi. Mustaqil jurnalist Aleksey Voloseyevch tarqatgan qisqa xabarda Nasriddinov ayni paytda MXXga qarashli izolyatorda saqlanayotgani, uning hibs qilinishi Bobomurod Abdullayev ishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

Hayotxon Nasriddinov bir qator xalqaro nashrlar bilan hamkorlik qilgan bloger, ijtimoiy-siyosiy mavzularda maqolalar yozgan. Asli kasbi iqtisodchi, moliya sohasida ilmiy faoliyat yuritib kelgan.

Nasriddinov siyosiy hayotdan chetda bo‘lmagan. U bir necha yillar avval muxolifatdagi “Serquyosh O‘zbekiston” uyushmasi faollaridan bo‘lgan.

Ayni paytda Nasriddinovga qanday ayblov qo‘yilayotgani mavhum, ammo uning 20-oktabrda ushlangani inobatga olinsa, unga nisbatan dastlabki ayblov e’lon qilingan bo‘lishi kerak.

Muxolifatdagi “Serquyosh O‘zbekiston” uyushmasi rahbarlaridan biri bo‘lgan, hozirda xorijda yashayotgan Nigora Hidoyatova Nasriddinov bilan hamkorlik qilganini aytadi. Uning o‘z manbalariga tayanib aytishicha, Hayotxon Nasriddinov davlatga qarshi fitnada ayblanayotgan Bobomurod Abdullayev ishi bo‘yicha hibsga olingan.

“Hayotni yaxshi taniyman, bir paytlar bizda (muxolifatdagi “Serquyosh O‘zbekiston”) ishlagan, buning uchun qamoqqa ham olingan edi. Keyin biz uni olib chiqdik, u bizning kompaniyadagi “Sederat” banki boshqaruvchisi lavozimida ishlagan edi. Nasriddinov haqiqatparvar inson, bu e’tiqodidan chekinmaydi. Uni 20-oktabr kuni hibsga olishgan. Unining yoniga ham advokatni kiritishmagan, o‘zi esa advokat xizmatidan voz kechgan. Xullas, ular (MXX) hozir davlat to‘ntarishi haqidagi katta bir ishni tayyorlashmoqchi, buning uchun har qanday qiynoqlarni ishga solishadi, ammo ularning bu rejasi amalga oshmaydi, yopishmaydi, bu sharmandalikdan boshqa narsa emas”, - deydi Nigora Hidoyatova.

Davlatga qarshi fitna uyushtirish, hokimiyat egallashga urinish ishi sentabr oyining oxirida hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullayevga qo‘yilgan dastlabki ayblov e’lon qilinishi ortidan ma’lum bo‘ldi.

Davlatga qarshi fitna ishida jamoatchilikka Usmon Haqnazarov nomi bilan tanilgan anonim muallifning maqolalari asosiy ayblovlardan biri sifatida keladi. Usmon Haqnazarov maqolalarini o‘z sahifasida e’lon qilib kelgan muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakati rahbari Muhammad Solih davlatga qarshi fitna ishidagi dastlabki ayblovda ko‘rsatma beruvchi shaxs sifatida keltirilgan.

Turkiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan Muhammad Solihning o’zi davlatga qarshi fitna ayblovini, hukumatni egallash rejasi tuzilganini inkor etadi, ammo Usmon Haqnazarov nomi ostida yozayotgan muallifning hibsda saqlanayotgan Bobomurod Abdullayev ekanini ochiqlagan edi.

Nigora Hidoyatova taxminiga ko‘ra, Hayotxon Nasriddinovga ham Usmon Haqnazarov nomi ostida e’lon qilingan maqolalarga mualliflik aybi qo‘yilishi mumkin.

“O‘ylashimcha, Haqnazarov bitta Bobomurodning o‘zi emas, u yerdagi mualliflar qatorida boshqalar ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday ehtimollik mavjud. Haqnazarov bizning jamiyatimizni fenemonigaaylandi, o‘ta samarali ish ko‘rsatdi. Hozir MXX ularning hammasini aniqladik, endi davlatga qarshi to‘ntarish bo‘yicha ish boshlaymiz, demoqchi. Lekin bu amalga oshmaydi, bunga hech kim ishonmaydi, hozir zamon boshqa, ularning vaqti o‘tdi”, - deydi Hidoyatova.

Davlatga qarshi fitna ishi bo‘yicha hozirgacha besh kishi hibsga olingani ma’lum. Biroz avval Turkiyada yashayotgan muxolifatchi Islom Xolboy o‘ziga nisbatan O‘zbekistonda 159-modda bilan jinoiy ish ochilganini, Bobomurod Abdullayev ishiga aloqadorlikda gumon qilishayotganini bildirgan edi.

MXX tomonidan yuritilayotgan, jamoatchilik uchun yopiq qolayotgan davlatga qarshi fitna uyushtirish ishi yuzasidan tergov surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Tergov jarayoni yakunlanib, jinoiy ish sudga oshirilgan taqdirda bu O‘zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan kuzatilayotgan dastlabki yirik siyosiy ish bo‘lishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG