Breaking News

O’zbekistonda prezidentlik sayloviga tayyorgarlik dasturi tasdiqlandi


O’zbekiston prezidentlik sayloviga tayyorgarlik dasturini tasdiqlagan Markaziy saylov komissiyasi (MSK) saylov “ilg’or demokratik g’oyalarning amaldagi isboti” bo’lishiga ishonch bildirmoqda.

Komissiyaning 14-aprel kungi yig’ilishida prezidentlikka nomzodlarni qo’llab-quvvatlovchi imzolar to’plash, imzo varaqalarini to’ldirish tartibi, shuningdek, nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga doir nizomlar qabul qilingan.

Saylovning koronavirus pandemiyasi sharoitida o’tishi nazarda tutilgan holda bu borada zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilangan.

MSKning yangi raisi Zayniddin Nizomxo’jayev rahbarligidagi yig’ilishda prezidentlik saylovlari “xalqaro standartlarga amal qilingan holda, demokratik tamoyillar asosida va butunlay yangicha muhitda” o’tishi alohida ta’kidlangan.

“Prezident saylovi mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasida oʼz ifodasini topgan ilgʼor demokratik gʼoyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi boʼladi”, deyiladi MSK tarqatgan bayonotda.

Qonunchilikka kiritilgan yangi o’zgartirishlarga ko’ra, saylov dekabrdan oktabr oyining uchinchi o’n kunligining birinchi yakshanbasiga ko’chirildi. Bu 24-oktabrga to’g’ri keladi.

Bu yangilik jamoatchilik orasida munozaralar qo’zg’agan edi. Sharhlovchilarga ko'ra, konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritish ortida jiddiy siyosiy maqsadlar bor va saylov muddati ko’chirilishi yuzasidan berilgan rasmiy izohlar asl sabablarni mavhum qoldiradi.

Prezidentlik saylovlarida o’z nomzodi bilan qatnashish qarorida turgan muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solih nazarida saylov muddati ko’chirilishi iqtidordagi hukumat manfaatlarini ko’zlayotgani aniq.

“Hozir buning aniq sabablari haqida gapirish qiyin. Ehtimol hukumat amaldagi prezident nufuzi vaqt o’tgan sayin tobora tushib borayotganini anglayotgandir. Shuning uchun hech bo’lmaganda muddatni qisqartirishga qaror qilishgandir. Bu, albatta, masalaning sodda bir izohi, haqiqatda buning ortida qanday maqsadlar borligini albatta vaqt ko’rsatadi. Ammo anig’i shuki, xalq yil, oy o’tgan sayin Mirziyoyevining siyosati Karimov rejimidan farq qilmasligini tobora yaxshiroq tushunib bormoqda. Bunday vaziyatda Mirziyoyevning halol va adolatli saylovlarda g’alaba qozona olmasligi aniq”, - deydi Muhammad Solih.

Prezidentlik saylovida qatnashishga intilayotgan yana bir siyosiy guruh, “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi lideri Xidirnazar Olloqulov saylov muddati yangi siyosiy partiyalarga to’siq qo’yish uchun ko’chirilayotganini ta’kidlaydi.

“Hukumat saylovni avvalgidek, amaldagi beshta qo’g’irchoq partiyalardan ko’rsatiladigan yasama nomzodlar bilan o’tkazib olish maqsadida. Bizning partiyamiz prezidentlik saylovida qatnashish qarorida qat’iy, buning uchun barcha qonuniy choralarni ko’rmoqda. Albatta, saylov ikki oy oldinga surilishi, ya’ni dekabrdan oktabrga ko’chirilishi ro’yxatdan o’tishga urinayotgan mustaqil siyosiy partiya zarariga ishlaydi, imkoniyatlarni qiyinlashtiradi. Ammo biz saylovda qatnashishning barcha qonuniy choralarini ko’ramiz, jamoatchilik prezidentlik saylovlarining avvalgi tarzda o’tkazilishiga yo’l qo’ymasligi kerak. Nafaqat siyosiy partiyalar, balki mustaqil tashabbus guruhlaridan ham nomzodlar ko’rsatilishiga yo’l ochilishi kerak, chunki amaldagi rasmiy siyosiy partiyalar allaqachon xalq ishonchini yo’qotib bo’lishgan”, - deydi Olloqulov.

O’zbekistondagi mavjud qonunchilikka ko’ra, prezidentlikka, Oliy Majlisga, mahalliy kengashlarga nomzodlar ko’rsatish vakolati ham rasmiy siyosiy partiyalarga tegishli. Saylovda mustaqil tashabbus guruhlaridan nomzodlar ko’rsatish taqiqlangan. Mamlakatda bir muddat amalda bo’lgan bu tajriba keyinchalik bekor qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG